Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Eron bilan hamkorlik mustahkamlanmoqda

Eron bilan hamkorlik mustahkamlanmoqda

2022-yil 13-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida parlament quyi palatasi Spikeri Nuriddinjon Ismoilov Eron Islom Respublikasi Islomiy Kengash Majlisining raisi Muhammad Boqir Qolibof boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Suhbat avvalida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Eron Islom Respublikasi Islomiy Kengash Majlisining raisini yurtimizga tashrifi bilan samimiy qutlab, ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish borasidagi faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.

Uchrashuvda keyingi yillarda ikki tomonlama munosabatlarning bosqichma-bosqich rivojlanib borayotgani, mamlakatlarimiz o‘rtasida siyosiy va iqtisodiy sohadagi muloqotlarning faollashgani ijobiy baholandi.

— Davlatlarimiz rahbarlari o‘tgan yili sentyabr oyida Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti va noyabr oyida Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitlari doirasida bo‘lib o‘tgan Oliy darajadagi muloqotlarda ikki mamlakatlar o‘rtasidagi amaliy hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratdilar. Bu esa ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, transport-logistika, madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarimizning yanada rivojlanishida muhim omil bo‘lmoqda, — dedi Spiker N. Ismoilov. – O‘z o‘rnida biz ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi aloqalarni ham yangi darajaga olib chiqish masalalariga alohida e’tibor qaratishimiz kerak bo‘ladi. Zero tarixi, dini, urf-odati va an’analari yaqin bo‘lgan mintaqamizdagi davlatlar va xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlashda parlamentlararo hamkorlikning o‘rni beqiyos.

Mazkur uchrashuvlar asnosida ilgari surilgan takliflarning amaliy ijrosi kelajakda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, transport-logistika, energetika va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik munosabatlarimizni yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.

Muloqot chog‘ida mehmonga mamlakatimiz parlamenti, xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining qonunchilik faoliyati, norma ijodkorligi, qo‘mita va fraksiyalari ish uslublari hamda parlamentarizm sohasidagi yangiliklar haqida so‘zlab berildi.

O‘z navbatida, M. Qolibof konstruktiv va amaliy ruhdagi muloqotlarni izchil davom ettirish, ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishda muhim omil bo‘lgan parlamentlararo hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash, shu yo‘nalishdagi muloqotlarni ko‘paytirish har tomonlama foydali ekanini qayd etdi.

O‘zaro ishonch ruhida o‘tgan uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston-Eron o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlik aloqalarini kengaytirish, uni yangi mazmun bilan boyitish, norma ijodkorligi sohasida tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni har tomonlama mustahkamlashda parlamentlarning rolini kuchaytirishga kelishib oldi.

Eron parlamenti delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev bugun, 13 iyul kuni Eron Islom Respublikasi Islomiy Kengash Majlisi raisi Muhammad Bagir Qolibof boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring