Eron kompaniyasi Olmaliqda qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqaradi

24-iyul, payshanba kuni Iishloi xщjaligi vazirligi rasmiylari IIV JIED huzuridagi Olmaliq shahrida joylashgan 14-sonli jazoni ijro etish koloniyasida Eronning «Fattahi Agricultural Machinery Company» kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv chog‘ida eronlik mutaxassislar qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqarish loyihasi bo‘yicha o‘z biznes-rejalarini taqdim etdi. Shuningdek, muassasa hududida joylashgan ishlab chiqarish binolari ko‘zdan kechirildi va hamkorlikning tashkiliy va texnik jihatlari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘rtasida qishloq xo‘jaligi texnikasini mahalliylashtirish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha shartnoma imzolandi. Kelishuvga ko‘ra, loyiha doirasida birinchi bosqichda 3 million AQSh dollari miqdorida investitsiya jalb qilinadi.
Mazkur loyiha mamlakatda qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarish salohiyatini oshirish, xorijiy texnikalarga qaramlikni kamaytirish hamda zamonaviy agrotexnologiyalarni amaliyotga joriy etishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Tegishli texnik tayyorgarlikdan so‘ng, korxonada turli turdagi qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqarilishi rejalashtirilmoqda.
Qayd etilishicha, kelgusida loyiha doirasida ishlab chiqarish hajmini oshirish, mahsulotni ichki bozorga yetkazish va eksport imkoniyatlarini ham ko‘zda tutilgan.
Ma’lumot uchun, Eron kompaniyasi mamlakat qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqaruvchilari assotsiatsiyasi (ATMAK) tarkibiga kiradi va ko‘p yillik xalqaro tajribaga ega.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 23-27 fevral kunlari O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi delegatsiyasi Eronga tashrif buyurgan va unda ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan qator kelishuvlarga erishilgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter