Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Eronga hujum Trampga qimmatga tushishi mumkin. Nega?

Eronga hujum Trampga qimmatga tushishi mumkin. Nega?

AQSh prezidenti Donald Tramp Eronga qarshi Isroil olib borayotgan urushga qo‘shilgani ortidan tanqidlarga nishon bo‘lmoqda.

AQSh Kongressi Vakillar palatasi a’zosi Aleksandriya Okasio-Kortes Trampning qonunchilik idorasi ruxsatisiz harbiy harakat boshlagani impichmentga, ya’ni muddatdan avval lavozimidan ketkazilishiga asos bo‘ladi, deb hisoblaydi.

“Prezident tegishli ruxsatsiz Eronni bombalash haqida halokatomuz qaror qabul qilish bilan Konstitutsiya va Kongressning harbiy vakolatlari tartibini qo‘pol ravishda buzdi”, – deb yozdi Aleksandriya Okasio-Kortes ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida.

Demokratik partiya vakili bo‘lgan deputat fikricha, Trampning ushbu harakati impichment uchun “mutlaq va ochiq-oydin asos”dir.

Vakillar palatasidagi demokratlar yetakchisi Xakim Jeffris ham prezident tomonidan Kongress ijozatisiz harbiy kuch ishlatilganini qoralagan.

“Bir tomonlama harbiy harakatlari tufayli yuzaga keladigan har qanday noxush oqibatlar uchun Donald Trampning o‘zi to‘liq va mutlaq javobgardir”, – degan X.Jeffris.

Taniqli senator Berni Sanders Trampning Eronga hujumi “konstitutsiyaga mutlaqo zid” ekanini urg‘ulagan. Siyosatchiga ko‘ra, mamlakatda urush boshlash vakolatiga ega yagona idora bu Kongressdir, prezident esa bunday huquqqa ega emas.

Demokratlarning Senatdagi fraksiyasi rahbari Chak Shumer ham Trampdan Eronga qarshi harakatlar yuzasidan Kongressda javob berishni talab qilgan.

Ayni paytda AQShning urushqoq qanotga mansub siyosatchilari Trampning Eronga qarshi urushini dastaklamoqda. Jumladan, respublikachi deputat Rendi Fayn Fox News efirida Eronga hujumni olqishlagan va Trampga ushbu missiya uchun tinchlik yo‘lida Nobel mukofotini berish lozimligidan bahs etgan.

Avval xabar berganimizdek, AQSh harbiylari 22 iyunga o‘tar kechasi Erondagi uchta yadroviy ob’yekt – Fordo, Natanz va Isfahonga havo hujumi uyushtirdi.

Jahon axborot agentliklari xabariga ko‘ra, AQSh Fordodagi yerosti yadro ob’yektiga B-2 bombardimonchi uchoqlari orqali 6 dona GBU-57 rusumli, 13 tonnali bunkerga qarshi bomba tashlagan. Isfahon va Natanzdagi yadro inshootlariga esa suvosti kemalaridan 30 ga yaqin Tomahawk raketalari otilgan.

Tramp Eron yadro ob’yektlariga hujum muvaffaqiyatli kechgani haqida bayonot bergan.

Eron esa hujumdan avval yadro inshootlari xodimlari va boyitilgan uran xavfsizlik joyga ko‘chirilgani, yetkazilgan zarar ham u qadar katta emasligini ma’lum qilgan.

Rasmiy Tehron Vashington hujumlaridan keyin ham yadroviy dasturni davom ettirishini aytgan.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish AQShning Eronga hujumini “xavfli eskalatsiya” deb atagan va muammoni harbiy yo‘l bilan hal etib bo‘lmasligi, yagona yo‘l diplomatiya ekanini uqtirgan.

Tahlilchilar AQShning xalqaro huquq me’yorlarini buzgan holda suveren davlatga uyushtirgan hujumi oqibatida Yaqin Sharqda vaziyat butkul izdan chiqishi ehtimolidan ogohlantirmoqda

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring