Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Eronlik olimlar shoshilinch ravishda maxfiy joylarga yashirindi – sabab ma’lum

Eronlik olimlar shoshilinch ravishda maxfiy joylarga yashirindi – sabab ma’lum

Foto: AFP

Eron hukumati atom energetikasi yo‘nalishida izlanishlar olib borayotgan olimlarni zudlik bilan maxfiy joylarga yashirdi. Isroil joriy yil iyun oyida Eronga qarshi olib borgan 12 kunlik urush mobaynida kamida 14 nafar eronlik fizik olimni o‘ldirgan edi.

Buyuk Britaniyaning “The Telegraph” gazetasi yozishicha, Eron hukumati tirik qolgan fizik olimlar ham Isroil nishoniga aylanmasligi uchun ularni yashirgan.

Qayd etilishicha, 15 dan ortiq fizik olim oila a’zolari bilan birgalikda poytaxt Tehronga yoki mamlakatning shimoliy hududlaridagi maxfiy boshpanalarga ko‘chirilgan. Ularning o‘z uyida yashashi, universitetda dars berishi man etilgan.

Isroil razvedkasining sobiq yuqori martabali xodimi Denni Sitrinovich “The Telegraph” nashriga yadro qurolini yaratishga hissa qo‘shadigan har qanday eronlik olim Isroil tomonidan yo‘q qilinishini aytgan.

Xabarlarga qaraganda, Isroil Tehronning yadro dasturida qatnashishi mumkin bo‘lgan 100 nafar eronlik olim ro‘yxatini tuzgan.

Isroil Eron ommaviy qirg‘in quroli, ya’ni atom bombasini ishlash chiqarishga hozirlik ko‘rayotganini aytib keladi. Ushbu iddao bilan yahudiy davlati joriy yil iyun oyida Eronga qarshi keng qamrovli aviahujumlar uyushtirdi.

Isroilning BMT nizomlari va xalqaro huquq me’yorlariga zid ravishda uyushtirgan hujumi oqibatida bir qator yuqori martabali harbiy mulozimlar hamda yadro sohasi olimlari o‘ldirilgan. Halok bo‘lganlar orasida yadro dasturi ustida tadqiqot olib borayotgan olimlar – Muhammad Mahdiy Tehronchi va Atom energetikasi bo‘yicha tashkilot rahbari Faridun Abbos Dovoniy ham bor.

16 iyun kungi hujumda hatto mamlakat prezidenti Mas’ud Pezishkiyon ham jarohat olgan.

Eronning Isroil hujumlaridan xavotirlangan holda fizik olimlarni pana joyga yashirayotgani bejiz emas.

2020 yil 27 noyabr kuni Tehron shahri yaqinidagi qasabada “Eron yadro sohasining otasi” deb ham atalgan taniqli olim Muhsin Faxrizodaga qarshi suiqasd uyushtirilgandi. Keyinroq olim Isroil maxsus xizmati – “Mossad” agentlari tomonidan robot qotil yordamida o‘ldirilgani ma’lum bo‘ldi.

Ayni paytda Isroil Eronga yana hujum qilishi haqida taxminlar muhokama qilinmoqda.

Joriy yil iyul oyida Axios nashri Tehron yadroviy dasturini qayta tiklashga urinsa, Isroil Eronga qarshi ehtimoliy harbiy harakatlarni boshlashi haqida yozgandi.

Isroil armiyasi bosh shtabi boshlig‘i Eyal Zamir ham Eronga qarshi yangi hamlalarni istisno etmayotir. Kuni kecha harbiy bazada chiqish qilgan Eyal Zamir zarurat tug‘ilsa, Eronga hujum takrorlanishini aytgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring