Ertadan Mo‘ynoqda xalqaro ekstremal avtomobil musobaqalari boshlanadi

“Rally Muynak” ekstremal avtomobil musobaqalari 22-25 may kunlari o‘tkaziladi.
Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumanida xalqaro “Rally Muynak” ekstremal avtomobil musobaqalari bo‘lib o‘tadi, deya xabar berdi Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati.
Ekstremal avtomobil musobaqalari 22-25 may kunlari o‘tkaziladi. Musobaqa oltinchi bor xalqaro darajada tashkil etilmoqda.
“Mo‘ynoq tumanining Ustyurt tekisligi va Orol dengizining qurigan tubida 4 kun davom etadigan tadbirda mehmonlarni sport avtomobillari, baggi va mototsikllarda ekstremal musobaqalar, mahoratli oshpazlarning gastronomik tomoshalari hamda musiqiy konsert dasturlari kutmoqda”, — deyiladi xabarda.
Sportchilar dvigatel hajmi 1600sm3 va 2000sm3 bo‘lgan maxsus uskunalangan sport avtomobillari, dvigatel hajmi 2000sm3 bo‘lgan “BAGGI” sport avtotransportlari hamda dvigatel hajmi 125sm3 dan 500sm3 gacha bo‘lgan mototsikllarida bellashishadi.
Tadbirni o‘tkazishdan maqsad — O‘zbekistonda ekstremal turizm turlarini ommalashtirish, xorijiy sayyohlar sonini oshirish hamda ichki turizmni rivojlantirish.
Ma’lumot uchun, “Rally Muynak” musobaqasi ilk bor 2019 yilda o‘tkazilgan. Orol dengizining hozirgi qirg‘oqlari, shaharning iqlim va geografik xususiyatlari bunday ko‘rinishdagi poygalarni o‘tkazish uchun juda mos keladi. Musobaqada ishtirok etish bepul.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter