Ertaga Madaniy meros haftaligi o‘z ishini boshlaydi
Joriy yilning 13-21-sentyabr kunlari Toshkent, Xiva va Nukus shaharlarida Madaniy meros haftaligi bo‘lib o‘tadi.
«O‘zbekfilm» kinokonsernida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumani mazkur haftalik tadbirlarining tashkil etilishi masalalariga bag‘ishlandi.
O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati tomonidan tashkil etilgan mazkur anjumanda olimlar, tadqiqotchilar, qo‘lyozmalar va miniatyuralar bo‘yicha mutaxassislar, xorijiy ekspertlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Madaniy meros haftaligi doirasida «O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish – zamonaviy bosqichda» mavzusidagi V Xalqaro kongress ham o‘tkaziladi.
Butunjahon jamiyatining navbatdagi kongressida mamlakatimizdan, shuningdek, Rossiya, AQSh, Germaniya, Italiya, Vengriya, Fransiya, Buyuk Britaniyaya, Turkiya, Yaponiya, Albaniya, Avstriya, Afg‘oniston, Qozog‘iston, Gretsiya, Isroil, Hindiston, Iordaniya, Eron, Xitoy, Livan, Mo‘g‘uliston, BAA, Niderlandiya, Ukraina, Polsha singari 40 ga yaqin mamlakatdan 300 nafar tarixchi va sharqshunos olimlar ishtirok etishi kutilmoqda.
Shuningdek, Madaniy meros haftaligi doirasida o‘zbek san’atining jahon va mahalliy to‘plamlarda saqlanayotgan durdonalariga bag‘ishlangan «O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida» turkumidagi 50 ta noyob kitob-albom taqdimoti bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, kitob-albomlarning 50 ta to‘plamini muzeylar, galereyalar, ta’lim muassasalari, xorijiy mamlakatlarning O‘zbekistondagi elchixonalari va konsulliklariga topshirish marosimini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, haftalik doirasida 14-15-sentyabr kunlari Xiva shahrida «Markaziy Osiyo dunyo sivilizatsiyalari chorrahasida» xalqaro madaniyat forumi bo‘lib o‘tadi. Tadbir YuNESKO bilan birgalikda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh assambleyasining 75-sessiyasida bildirilgan tashabbusi asosida o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, ushbu haftalik O‘zbekiston hukumati qo‘llab quvvatlashi bilan o‘tkazilayotgan tadbirlar O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati va O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilayotgan bo‘lsa, YuNESKO, Turizm va sport vazirligi, Madaniyat vazirligi, «Eriell Group» neft servis kompaniyasi ko‘magi bilan o‘tkazilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter