Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Farg‘ona vodiysida noqonuniy tamaki mahsulotlarining yirik partiyasi qo‘lga olindi

Farg‘ona vodiysida noqonuniy tamaki mahsulotlarining yirik partiyasi qo‘lga olindi

Keyingi bir necha kun ichida huquqni muhofaza qilish organlari Farg‘ona va Namangan viloyatlarida jami 130,2 mln so‘mlik 10 680 quti aksizi bo‘lmagan tamaki mahsulotlarini musodara qildilar.

Chunonchi, kontrabanda tamaki mahsulotlari sotuvchilarini qo‘lga olish bo‘yicha birinchi holat Yangi Namangan tumanida ro‘y berdi. Tezkor tadbir davomida 34,2 mln so‘mga teng 2680 quti noqonuniy sigaret musodara qilindi.

Yana ikkita reyd Farg‘ona viloyatida o‘tkazildi. Jami summasi 96 000 000 so‘mdan ziyod bo‘lgan 8000 quti aksizi bo‘lmagan tamaki mahsuloti qo‘lga olindi.

Vijdonsiz sotuvchilarni sud kutmoqda, musodara etilgan tovar esa yo‘q qilinadi.

Qayd etish kerakki, Farg‘ona vodiysi hududlari O‘zbekistonda noqonuniy tamaki mahsulotlari tarqatilishining markazi sanaladi. Mana bir necha yildan buyon bu mintaqa yashirin tamaki bozori hajmi bo‘yicha yetakchilikni «qo‘ldan bermay» kelmoqda.

2023 yil yakunlariga ko‘ra noqonuniy savdoning ulushi 41,1% ni tashkil qildi. Bunda kontrabanda sigaretlar ulgurji sotilishining eng yirik nuqtalari hammaga ma’lum. Bular Namangandagi «Sardoba» bozori va Qo‘qondagi «Navbahor» ulgurji bozoridir. Savdo bevosita Farg‘ona vodiysidagina amalga oshirilmaydi, balki mahsulot O‘zbekistonning boshqa viloyatlariga ham tarqatiladi va o‘tkazilgan reydlar mamlakatdagi yuzlab savdo nuqtalarida xavfli mahsulot tarqatilishining oldini olishga yordam berdi. Shu sababli, bunday tadbirlar nihoyatda muhim sanaladi, chunki bozorda noqonuniy tamaki mahsulotlarining serobligi kashandalikni ayniqsa yoshlar o‘rtasida keng tarqalishiga olib kelmoqda. Buning sababi kontrabandachilar sigaretlarni arzonroqqa sotishlari bilan bog‘liq, chunki ular aksiz va QQS to‘lamaydilar.

Shu bilan birga, huquqni muhofaza qilish organlarining faoliyati yanada kompleks va keng ko‘lamli tus olishi lozim. Noqonuniy tamaki bozoriga qarshi kurashish uchun qo‘shimcha choralar, masalan, jinoyatni sodir etish vositalari – avtomobillar, savdo jihozlari va shu kabilar musodara qilinishi kerak. Bojxona organlari O‘zbekiston chegarasini kesib o‘tuvchi yuklarni qattiq tekshirishlari, huquqni muhofaza qilish va soliq organlari esa mamlakat ichidagi savdo nuqtalarini sinchiklab nazorat qilishlari lozim.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring