Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Farg‘onada kuchli ta’sir qiluvchi dori sotuvchilar qo‘lga olindi

Farg‘onada kuchli ta’sir qiluvchi dori sotuvchilar qo‘lga olindi

Videodan skrinshot

DXX va bojxona idoralari hamkorlikda Farg‘ona viloyatida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi bir nechta tezkor tadbir o‘tkazdi.

Qo‘qon shahrida yashovchi, 1983 va 1993-yillarda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan ikki fuqaro shaxsiy boylik orttirish maqsadida o‘zaro til biriktirib, o‘zbek-qirg‘iz davlat chegarasining Quvasoy shahri hududidan o‘tuvchi qismida avvaldan kelishilgan holda, Qirg‘iz Respublikasi fuqarosidan 8 000 dona «Zardeks» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini qabul qilib olishgan.

Ular ushbu dori vositalarini kelgusida sotish maqsadida Qo‘qon shahrida ijaraga olingan xonadonga olib borgan vaqtlarida ushlangan.

Qo‘qon shahrida kuzatilgan yana bir holatda, mahalliy advokatlik byurosi advokati hamda 1974 va 1984-yillarda tug‘ilgan ikki nafar fuqaro o‘zaro til biriktirib, vitamin dori vositalari ko‘rinishida qadoqlangan jami 4 400 dona «Regapen» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini 180 mln so‘mga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Ta’kidlanishicha, yuqoridagi uch nafar qonunbuzar — muqaddam sudlangan shaxslardir.

Boshqa holatda esa Farg‘ona-Qo‘qon yo‘nalishida harakatlanayotgan, 1983-y.t., muqaddam Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan sudlangan shaxs boshqaruvidagi avtomashina Uchko‘prik tumani hududida to‘xtatilgan.

Xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, avtotransport vositasining salon qismida 100 dona «Tropikamid» va 559 dona «Regapen» nomli jami 110 mln so‘mlik kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, tegishli tartibda olingan.

Tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu shaxsga dorilarni sotgan — Farg‘ona tumanida yashovchi, 1981-y.t. fuqaro Qo‘shtepa tumanida boshqa xaridorga 1 400 dona «Regapen» kuchli ta’sir ta’sir qiluvchi dori vositalarini 2 800 AQSh dollariga sotgan vaqtida qo‘lga olingan.

Xuddi shu yo‘nalishda harakatlanayotgan yana bir avtomashina ham Uchko‘prik tumani hududida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda, uning salonida Qo‘qon shahrida yashovchi, mukaddam giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan, 1981-y.t. shaxsga tegishli umumiy qiymati 75 mln so‘mlik 250 dona «Tropikamid» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Ta’kidlanishicha, barcha holatlarda kuchli ta’sir qiluvchi vositalar Qirg‘iz Respublikasidan olib kelingan.

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring