Uchko‘prikda ovqatdan zaharlanganlar soni 60 nafarga yaqinlashdi
Uchko‘prik tumanida ovqatdan zaharlanishda gumon qilinganlar 57 nafarga yetdi. Bu haqda Oziq-ovqat xavfsizligi qo‘mitasi ma’lumot berdi.
Avval xabar berilganidek, 2026 yil 17–18-sentyabr kunlari Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanida istiqomat qiluvchi fuqarolar holsizlik, ko‘ngil aynishi va ich ketishi kabi shikoyatlar bilan tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan.
Soat 20:00 holatiga 57 nafar fuqaro tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan va shifoxonaga yotqizilgan.
Eslatib o‘tamiz, dastlabki epidemiologik surishtiruv jarayonida murojaat qilgan fuqarolar Uchko‘prik tumani Navro‘zshoh ko‘chasida joylashgan fast-fud mahsulotlari tayyorlaydigan shoxobchalardan birida xot-dog va non-burger kabi mahsulotlarni iste’mol qilgani aniqlangan.
Shifokorlar tomonidan bemorlarda ovqatdan zaharlanish holatiga gumon qilingan. Og‘ir va reanimatsion bemorlar yo‘q.
Holat yuzasidan epidemiologik surishtiruv ishlari davom etmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter