Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Fransiya va Saudiya Arabistoni kompaniyalari bilan hamkorlikda chiqindidan yoqilg‘i olinadi

Fransiya va Saudiya Arabistoni kompaniyalari bilan hamkorlikda chiqindidan yoqilg‘i olinadi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan Saudiya Arabistonining «Vision International Investment» (VIIC) va Fransiyaning «Suez international» kompaniyalari bilan hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi.

Bitimlarga Ekologiya vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov, «Vision International Investment» kompaniyasining rivojlanish bo‘yicha bosh direktori Kapil Lalvani hamda «Suez international» kompaniyasining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Paul Bourdillon imzo chekishdi.

Mazkur bitim xavfli sanoat chiqindilarini boshqarish bo‘yicha istiqbolli loyihani ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni ko‘zda tutadi. Loyihaning umumiy qiymati 78 mln AQSh dollariga teng bo‘lib, uch bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda chiqindilarni barqarorlashtirish va poligonlarga joylashtirish majmualari hamda mintaqaviy uzatish stansiyalarini yaratish ko‘zda tutilgan bo‘lsa, ikkinchi bosqichda chiqindidan yoqilg‘i olish (RDF — Refuse-derived fuel) uskunasi, yoqish inshootlari va issiqlik bilan ishlov berish korxonasining muhandislik oldi loyihasini ishlab chiqish va tajriba asosida sinovdan o‘tkazish rejalashtirilgan. Uchinchi bosqichda esa to‘liq miqyosdagi chiqindidan yoqilg‘i olish, issiqlik bilan ishlov berish inshootini barpo etish va ishga tushirish maqsad qilingan.

Ma’lumot uchun, «Suez international», asosan, suv va chiqindilarni boshqarishga ixtisoslashgan, Fransiyaning 160 yildan ortiq tarixga ega kompaniyasi hisoblanadi. U butun dunyoda suv ta’minoti va tozalash, oqova suvlarni boshqarish, shuningdek, chiqindilarni qayta ishlash, jumladan, xavfli chiqindilarni boshqarish bo‘yicha yechimlar taklif qiladi. Kompaniya Yevropa, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, Amerika, Afrika va Yaqin Sharq mintaqalarida ko‘plab sanoat tarmoqlariga xizmat ko‘rsatadi.

«Vision International Investment Company» (VIIC) 2002 yilda Saudiya Arabistonida tashkil etilgan yirik investitsiya xoldingi bo‘lib, 96 milliard AQSh dollari atrofidagi aktivlarni boshqaradi. Faoliyat yo‘nalishlari energetika, infratuzilma, kommunal xizmatlar, suv resurslarini boshqarish, elektr energiyasi ishlab chiqarish, konsalting hamda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini qamrab oladi.

Mazkur bitimlar strategik hamkorlikni chuqurlashtirish va ekologik vaziyatni yaxshilashga xizmat qiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring