Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilishni kuchaytirishga qaratilgan yangi tartib nimalardan iborat?

Fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilishni kuchaytirishga qaratilgan yangi tartib nimalardan iborat?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 13 dekabrdagi “Konstitutsiya va qonun ustivorligini ta’minlash, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4551-sonli qarorining 3-bandida nazarda tutilgan masalalarning ijrosi yuzasidan 2020 yil 14 mayda “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga jinoyat protsessida ishtirok etuvchi fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilishni kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-617-sonli Qonun imzolangan bo‘lib, Qonunda shaxsni ushlash, unga protsessual huquqlarini tushuntirish, himoyachidan voz kechish harakatlarini majburiy tarzda video tasvirga tushirish tartibini joriy etish va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari zimmasiga ular tomonidan shaxs ushlanganidan so‘ng uning ushlangani va ushlab turilgan joyi to‘g‘risida uning oila a’zolariga yoki boshqa qarindoshlarini darhol xabardor qilish bo‘yicha majburiyat yuklashga doir qoidalar belgilandi.

Shu munosabat bilan, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov organlari, shuningdek sudlar 2020 yilning 15 may sanasidan jinoyat ishini ko‘rishda qo‘yidagi qoidalarga amal qilishi lozim bo‘ladi:

Jumladan, yangi qoidaga binoan, Jinoyat-protsessual kodeksining (keyingi matnlarda - JPKning) 52-moddasida himoyachidan voz kechish qoidalari belgilangan bo‘lib, bunga ko‘ra gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi ish yuritishning istalgan paytida himoyachidan voz kechish jarayoni videoyozuv orqali qayd etilishi va bu haqda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, shuningdek advokat, surishtiruvchi yoki tergovchi tomonidan imzolangan bayonnoma tuzilishi, sud jarayonida esa videoyozuv kompakt diskda saqlanishi hamda sud majlisi bayonnomasiga yozib qo‘yilishi lozim.

Qonunning ushbu talabidan kelib chiqib, sudlar tergovga qadar tekshiruvni va jinoyat ishini tergov qilishni amalga oshirishda surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror tomonidan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi himoyachidan voz kechish jarayoni JPKning 91,224 va 225-moddalariga amal qilgan holda videoyozuv orqali qayd etilganligi va bu haqda tegishli tartibda bayonnoma tuzilganligi holati jinoyat ish materiallarida o‘z ifodasini topganligini tekshirishi kerak bo‘ladi.

Bundan tashqari, tergovga qadar tekshiruvni va jinoyat ishini tergov qilishni amalga oshiruvchi surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror tomonidan JPKning 91-moddasida nazarda tutilgan qo‘yidagi protsessual harakatlarni videoyozuv orqali qayd etishi shartligi belgilandi. Jumladan:

1) o‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish;

2) tintuv o‘tkazish;

3) ko‘rsatuvlarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish;

4) tergov eksperimenti;

5) shaxsni ushlash;

6) himoyachidan voz kechish;

7) shaxsni ushlash jarayonida o‘tkaziladigan shaxsiy tintuv va olib qo‘yish.

Shuningdek, JPKning 217-moddasiga ko‘ra, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga nisbatan ushlab turish tarzidagi, sud esa qamoqqa olish, uy qamog‘i yoki ekspertiza o‘tkazish uchun shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish tarzidagi protsessual majburlov chorasini qo‘llaganida shaxsga nisbatan qo‘llanilgan protsessual majburlov chorasi hamda uning ushlab turilgan joyi to‘g‘risida darhol oila a’zolaridan biriga, ular bo‘lmagan taqdirda esa boshqa qarindoshlariga yoki yaqin kishilariga xabar berishi, shuningdek bu haqda ish yoxud o‘qish joyiga ma’lum qilishi shart.

Ushlab turilgan, qamoqqa olingan, uy qamog‘iga yoki tibbiy muassasaga joylashtirilgan shaxs boshqa davlatning fuqarosi bo‘lsa, bu haqda darhol O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga xabar berilishi, xabarnomaning ko‘chirma nusxasi jinoyat ishiga ilova qilinishi lozim.

 Shuningdek, Qonun bilan JPKning 224-moddasida qo‘yidagilar o‘z aksini topdi:

Xususan, ichki ishlar organi xodimi, boshqa vakolatli shaxs ushlab turishning JPKning 221-moddasida ko‘rsatilgan asoslaridan bittasi mavjudligini bevosita aniqlasa yoki boshqa shohidlarning so‘zlaridan aniqlasa:

1) o‘zini tanishtirishi va ushlab turilgan shaxsning talabiga ko‘ra o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatishi;

2) gumon qilinuvchiga u jinoyat sodir etishda gumon qilib ushlanganligini ma’lum qilishi;

3) ushlab turilgan shaxsga advokatga yoki yaqin qarindoshiga telefon qilish yoki xabar berish, himoyachiga ega bo‘lish, ko‘rsatuvlar berishni rad etishga bo‘lgan protsessual huquqlarini tushuntirishi;

4) ushlab turilgan shaxsga u bergan ko‘rsatuvlardan jinoyat ishiga doir dalillar sifatida uning o‘ziga qarshi foydalanilishi mumkinligini bildirishi;

5) ushlab turilgan shaxsdan yaqin oradagi ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga birga borishini talab qilishi shart.

Ushlanayotgan shaxsda qurol borligi yoki u jinoyat sodir etganligini fosh qiluvchi dalillardan qutulish niyatida ekanligini taxmin qilishga yetarli asoslar mavjud bo‘lsa, ushlayotgan vakolatli shaxs uni shaxsiy tintuv yoki olib qo‘yishni amalga oshirishga haqlidir. Shaxsiy tintuv o‘tkazish yoki olib qo‘yish to‘g‘risidagi bayonnoma ushlangan shaxs ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga keltirilganidan so‘ng xolislar hozirligida tuzilishi mumkin.

Qonun bilan, yuqoridagi protsessual harakatlar videoyozuv orqali qayd etilishi shartligi belgilangan bo‘lib, protsessual harakatlarni bajarishni kechiktirib bo‘lmaydigan hollarda, ularni videoyozuv orqali qayd etmasdan amalga oshirishga yo‘l qo‘yiladi. Mazkur qoida ichki ishlar organi yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organ binosida amalga oshiriladigan ushlab turishga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Shaxsni ushlash videoyozuv orqali qayd etilmagan holda, ichki ishlar organi xodimi yoki boshqa vakolatli shaxs ushlab turilgan shaxs yaqin oradagi ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga olib kelinganidan so‘ng videoyozuvdan foydalangan holda uning protsessual huquqlarini tushuntirishi shart. Ushlab turilgan shaxsga videoyozuv uni namoyish qilish orqali tanishtiriladi.

Ushbu Qonunga binoan, shaxsni yalang‘ochlash bilan bog‘liq shaxsiy tintuvni videoyozuv orqali qayd etish taqiqlanadi.

Ushlab turish, shaxsiy tintuv qilish yoki olib qo‘yish bayonnomasiga protsessual harakatlar videoyozuv orqali qayd etilganligi haqida yozib qo‘yilib, videoyozuv materiallari bayonnomaga qo‘shib qo‘yiladi.

Yangi qoidada yana bir e’tiborli jihat shundaki, shaxs ushlanganda ushlashning videoyozuv orqali qayd etilganligi va ushlangan shaxsning videoyozuv materiallari bilan tanishganligi, shuningdek shaxsni ushlash vaqtida foydalanilgan vositalarning texnik xususiyatlari ish bo‘yicha yuritilgan bayonnomada o‘z aksini topgan bo‘lishi kerak.

Abdulla Abdulxayev,
Jinoyat ishlari buyicha Shayxontoxur tuman sudi sudyasi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring