FVV is gazi bo‘yicha murojaat e’lon qildi
Aholini is gazidan zaharlanish holatlarining oldini olish bo‘yicha FVV murojaati e’lon qilindi.
Is gazi inson hayoti uchun o‘ta xavfli bo‘lib, o‘limga olib kelishi mumkin. Bunday baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida, FVV boshqarma boshlig‘i Odil Qo‘ldoshev rioya etilishi lozim bo‘lgan asosiy qoidalarni bayon qildi.
Havo haroratining pasayishi bilan xonadonlarda isitish moslamalaridan foydalanish boshlanmoqda. Biroq ayrim fuqarolar tomonidan xavfsizlik qoidalariga rioya qilmaslik, qo‘lbola yoki nostandart isitish qurilmalaridan foydalanish, gaz uskunalarini malakasiz ustalarga o‘rnatish kabi holatlar inson hayoti va salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda.
Ayniqsa, texnik talablarga javob bermaydigan qozon va boshqa isitish moslamalarini o‘rnatish, dudburonlarning noto‘g‘ri ulanishi, shamollatish kanallarining talab darajasida ishlamasligi hamda qurilmalardagi himoya tizimlarining nosozligi is gazidan zaharlanish va boshqa baxtsiz hodisalarga sabab bo‘lishi mumkin. Is gazining rangsiz va hidsiz ekanligi esa uni o‘z vaqtida sezishni qiyinlashtiradi.
Is gazidan zaharlanish holatlari yuzaga kelmasligi uchun:
Faqat xavfsizlik talablariga javob beradigan isitish moslamalaridan foydalaning. Qo‘lbola, nostandart va nosoz qurilmalarni ishlatmang.
Gaz uskunalarini malakali mutaxassislarga o‘rnating va tekshirtiring. Ularning texnik holati, himoya tizimlari va xavfsiz ishlashini mavsum boshlanishidan oldin tekshirtiring.
Dudburon va mo‘rkonlarning sozligini ta’minlang. Ularning to‘g‘ri ulanganini tekshiring, qurum va boshqa to‘siqlardan muntazam tozalab turing. Isitish va gaz uskunalarini tuzatishda malakali mutaxassislar xizmatidan foydalaning, ko‘cha ustalari xizmatidan foydalanmang.
Shamollatish tizimlariga e’tiborli bo‘ling. Havo almashinuvi uchun mo‘ljallangan kanallarni berkitmang va ularning sozligini nazorat qiling.
Gaz plitasi orqali xonalarni isitmang. Gaz uskunalaridan faqat belgilangan maqsadda va foydalanish qoidalariga muvofiq foydalaning.
Isitish moslamalarini nazoratsiz qoldirmang. Qurilmalarning ishlashida nosozlik yoki gaz hidi sezilsa, xavfsizlik choralarini ko‘ring va tegishli xizmatlarga murojaat qiling.
Isitish jihozlarini tungi vaqtda o‘chirib qo‘yish, xonalarni tez-tez shamollatish xavfsizlik kafolatidir.
Is gazidan zaharlanishning dastlabki belgilari bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi va holsizlik bo‘lishi mumkin. Bunday alomatlar kuzatilganda, darhol toza havoga chiqing, boshqalarni ham xavfli hududdan olib chiqing va tez tibbiy yordamga murojaat qiling.
Unutmang, is gazi bilan bog‘liq xavfni o‘z vaqtida sezish har doim ham mumkin emas. Shu bois xavfsizlik choralarini oldindan ko‘rish, gaz uskunalari va isitish tizimlarini soz holatda saqlash hayotiy ahamiyatga ega.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter