G‘azodagi shifoxona hovlisiga ko‘milgan mash’um sir
G‘azo sektoridagi «Ash-Shifo» tibbiyot majmuasi hududidan yana bir birodarlik qabrlari topildi. Falastin tibbiy guruhlari hozircha 49 ta jasadni chiqarib oldi. Qidiruv ishlari davom etmoqda.
2023 yil 7 oktyabrda HAMAS harakati hujumiga javoban G‘azo sektoriga bostirib kirgan Isroil askarlari tomonidan ko‘p sonli falastinliklar ommaviy qabrlarga ko‘mib yuborilgani aytilmoqda.
So‘nggi oylarda G‘azoda kamida 7 ta birodarlik qabrlari (uchtasi «Ash-Shifo», uchtasi «Nosir» va bittasi «Kamol Advan» shifoxonasida) topilgan. Ushbu ommaviy qabrlarga kamida 520 ta jasad ko‘milgani aniqlangan.
Shifoxonalar hududidan birodarlik qabrlari topilishi ortidan BMT xalqaro hamjamiyatni tekshiruv o‘tkazishga chaqirgan.
Ommaviy qabrlarga ko‘milgan mayitlarda qiynoq alomatlari qayd etilgan. BMT ekspertlari odamlar tiriklay ko‘milgan bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirgan.
Avval xabar berganimizdek, G‘azo ahli shaxsi aniqlanmagan 100 ga yaqin jasadni birodarlik qabriga ko‘mgan.
Qarorgohi Jeneva shahrida (Shveysariya) joylashgan Euro-Med Human Rights Monitor tashkiloti G‘azoda Isroil harbiylari qo‘liga tushgan jasadlarning buyrak, jigar, yurak kabi a’zolari yo‘qolgani haqida xabar bergan. Tashkilot Isroilni xalqaro huquqqa muvofiq jasadlarni hurmat qilishga undagan.
Yetti oydan ziyod muddat davom etayotgan urush mobaynida G‘azoning 2,3 million aholisidan 85 foizi yashash joyini tark etishga majbur bo‘ldi. Isroil harbiylari hujumlari oqibatida 34844 nafar falastinlik halok bo‘ldi, 78404 nafari jarohatlandi. Vayron bo‘lgan binolar ostida qolgan 10 ming nafar falastinlik hozircha «daraksiz yo‘qolgan» degan maqomda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter