Generalmi, xalq qahramonimi yoki xavfli muxolifatchi?

1990-yillar Rossiyasida o‘z so‘zini ochiq aytgan, Kremlga qarshi jonli harakat boshlagan kam sonli harbiylardan biri Lev Roxlin edi. U Afg‘on urushi qatnashchisi, birinchi chechen urushidagi milliy qahramon va keyinchalik davlat rahbariyatini qattiq tanqid qilgan siyosiy maydondagi shaxsga aylangan.
Lev Yakovlevich Roxlin 1947-yili Qozog‘istonda tug‘ilgan. Sovet armiyasida xizmat qilib, Afg‘onistonda jang qilgan, ko‘plab mukofotlarga sazovor bo‘lgan. Lekin uning eng shonli sahifasi – 1994–1996-yillardagi birinchi chechen urushidagi ishtiroki edi. Rossiya armiyasi tarkibida Grozniyni olgan Roxlin urushdan keyin ordenni rad etgan. Chunki bu urushni “muvaffaqiyat emas, fojia” deb atagan.
1995-yili u Davlat Dumasi deputati etib saylanadi. Roxlin hukumat siyosatini tanqid qilar, korrupsiya va harbiy islohotlardagi muammolarni ochiq-oydin aytardi. 1997-yili u “Harbiylar harakati”ni tashkil qiladi va armiya nufuzini himoya qiluvchi ommaviy harakatni boshlaydi. Ayrim manbalarda Roxlin, hatto 1998-yilda Kremlga qarshi “marsh” rejalashtirgani tilga olinadi.
Lev Roxlinning hayoti 1998-yilning 3-iyulida keng jamoatchilik uchun kutilmagan tarzda yakun topadi – u Moskva yaqinidagi dachasida otib o‘ldiriladi. Hokimiyat buni oilaviy mojaroga bog‘laydi. Rasmiy bayonotga ko‘ra, xotini Lyudmila Roxlina uni otib qo‘ygan. Lekin Roxlin tarafdorlari bu ishni siyosiy qotillik deb hisoblaydilar.
Roxlin haqida bahslar haligacha to‘xtagani yo‘q. U vatanparvar harbiymi yoki Kremlga tahdid qilgan siyosiy figurami? Uning taqdiri Rossiya tarixidagi eng ziddiyatli sahifalardan biri bo‘lib qolyapti.
Nurbek Alimov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter