Germaniya kansleri Putin haqida o‘ta keskin bayonot berdi

Germaniya kansleri Fridrix Mers Sat1 telekanaliga bergan intervyusida Rossiya prezidenti Vladimir Putinni “hozirgi davrning eng xavfli harbiy jinoyatchisi” deb atadi. Olmon rahbari fikricha, Putin hozircha Ukrainadagi urushni to‘xtatib, tinchlik bitimi tuzish niyatidan yiroq.
“Biz buning uchun (Ukrainada urushni to‘xtatish va tinchlik bitimi tuzish nazarda tutilmoqda – tahr.) zamin hozirlashimiz kerak. Harbiy jabhada bu mushkul vazifa, ammo iqtisodiy yo‘nalishda imkoniyatlar mavjud”, – deya Rossiyani iqtisodiy-moliyaviy jihatdan holdan toydirishni taklif etgan Fridrix Mers.
Rossiya iqtisodiyotiga to‘siq qo‘yish yo‘li sifatida Moskva bilan savdo-sotiqni davom ettirayotgan mamlakatlarga boj joriy etish ko‘rsatilgan.
Germaniya kansleri Putinning Ukraina bilan tinchlik bitimi tuzish borasida bayonotlariga ishonmaslik va muzokaralarda Kremlga yon bermaslik kerakligini ta’kidlagan.
Putin Mersning o‘ta keskin bayonotiga javob berarkan, Germaniya kanslerini jangovar harakatlar uchun javobgarlikni Moskva gardaniga yuklashga urinishda ayblagan.
Ma’lumki, Rossiya prezidenti Ukrainadagi urush uchun G‘arb hamjamiyati aybdor ekanini iddao qilib keladi.
Rossiya armiyasi 2022 yilning 24 fevralida Ukraina hududiga bostirib kirganidan buyon rasmiy Berlin agressiyani keskin qoralab kelmoqda. Jumladan, 2022 yil aprel oyida Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer Putin harbiy jinoyatlari uchun mahkama qarshisida javob berishi kerakligini ta’kidlagan, rossiyalik hamkasbini “urush olovini yoqayotgan bunkerdagi shaxs” deb atagan edi.
2021 yilning mart oyida AQShning o‘sha vaqtdagi prezidenti Jo Bayden jurnalistning “Putinni qotil deya hisoblaysizmi?” degan savoliga “ha” deya javob bergan, bu esa Rossiya siyosiy doiralari g‘azabini qo‘zg‘agan edi.
Bayden 2022 yilda Putinni “harbiy jinoyatchi” deb atagani ham ma’lum.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yil 17 mart kuni Haagada joylashgan Xalqaro jinoiy sud Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olishga order bergandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter