Germaniya kompaniyasi O‘zbekistonda yangi zavod ochdi (foto)

Dunyodagi eng yirik gips asosidagi qurilish materiallari ishlab chiqaruvchisi KNAUF kompaniyasi O‘zbekistondagi o‘zining uchinchi zavodini ishga tushirdi.
Yangi korxonada nemis texnologiyasi va yuqori ekologik standartlarga muvofiq yuqori sifatli gips qurilish plitalari va quruq gips aralashmalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
Kuni kecha, 20 iyul kuni Farg‘ona vodiysida KNAUFning O‘zbekistondagi uchinchi zavodi tantanali ravishda ochildi.
Har yili 17 million m2 gips qurilish plitalari va 40 ming tonna quruq qurilish aralashmalarini ishlab chiqarishga qodir korxona noyob modulli texnologiya asosida 2,5 yil davomida qurildi. Bu bozor ehtiyojlariga javob bergan holda ishlab chiqarishni kengaytirishni osonlashtiradi.
Zavodda 55 kishi ish bilan ta’minlangan. Investitsiya miqdori 18,7 million yevroni tashkil qiladi.
Yangi ishlab chiqarish korxonasining ochilish marosimida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirok etdi. Shuningdek, Farg‘onaga KNAUF kompaniyasining mulkdori Nikolaus KNAUF, KNAUF guruhining boshqaruvchi hamkori Uve Knotser, O‘zbekistondagi GFR elchisi Tilo Klinner tashrif buyurdi.
«Biz O‘zbekistonning jadal rivojlanayotganini, ishlab chiqaruvchilar va investorlar ishini yaxshilashga ko‘maklashadigan eng muhim islohotlar izchil amalga oshirilayotganini ko‘rmoqdamiz. Bularning barchasi bizga mamlakat iqtisodiyotining barqaror rivojlanishi va uning aholisi farovonligining oshishiga ishonch beradi. O‘zbekistonda muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan KNAUF korxonalari qatoriga zamonaviy xalqaro standartlar asosida qurilgan yuqori darajadagi samaradorlik va ekologik xavfsizlikka ega yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishga qodir uchinchi korxona qo‘shilmoqda. Farg‘ona vodiysida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish viloyat aholisini eng yaxshi sharoitlarda jahon darajasidagi sifatli qurilish uchun xaridorgir mahsulotlar bilan ta’minlashga imkon beradi», deydi KNAUF guruhining boshqaruvchi hamkori Uve Knotser.
KNAUFning O‘zbekistondagi korxonalari rahbari Dmitriy Deripalkoning ma’lum qilishicha, bu zavod ochilgunga qadar KNAUF mahsulotlari Farg‘onaga Buxorodan olib kelinar , bu esa qo‘shimcha logistika xarajatlarini talab qilar edi. Yangi korxona viloyat iqtisodiyotiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kerak: ishlab chiqarish uchun gips toshi mahalliy konlardan olinadi, unda mahalliy aholi ishlaydi, hozirda zarur xom ashyo va butlovchi qismlarni yetkazib beradigan, transport, tozalash va boshqa xizmatlarni ko‘rsatadigan yana 20 ta pudrat tashkilotlari bilan shartnomalar tuzilgan.
Farg‘ona vodiysidagi KNAUF korxonasi KNAUF xalqaro guruhida qabul qilingan eng zamonaviy standartlarga muvofiq loyihalashtirilgan. Bu ishlab chiqarish siklining barcha bosqichlarini - ishlab chiqarish madaniyati va ekologik xavfsizlikni o‘z ichiga oladi. KNAUF xalqaro guruhining barcha korxonalari atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha milliy me’yorlarga va kompaniyaning global standartlariga rioya qiladilar. Farg‘onadagi zavodda so‘nggi avlod chang yig‘ish qurilmalari ham mavjud, bu «changli shleyflar» paydo bo‘lishining oldini oladi.
Ishlab chiqarish faoliyatidan tashqari KNAUF zamonaviy qurilish texnologiyalarini ommalashtirish shuningdek quruvchi, ishchi va muhandis kasbining nufuzini oshirishga ham katta e’tibor qaratmoqda.
O‘zbekistonda KNAUFning Buxoro va Toshkentda ikkita xususiy o‘quv markazi, Toshkent va Samarqandda KNAUF maslahat markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Kompaniya qurilish profilidagi yettita OTM va 8 ta kollej bilan hamkorlik qiladi.
KNAUF mamlakatning barcha hududlarida ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatishni rejalashtirmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter