Google ishonchli g‘alabaga yaqinlashmoqda — ChatGPT taxtdan ag‘dariladimi?
Buyuk yo‘lning boshlanishi doimo mashaqqatli kechadi: dastlabki qadamlarida Gemini chat-boti omadsizlik soyasida qolgandek edi. Biroq vaqt o‘z so‘zini aytdi — bugun u javoblarining aniqligi va nafi bilan ChatGPTni ham ortda qoldirmoqda. Bu muqarrar zafar yaqinligiga, hademay u har bir foydalanuvchining doimiy hamrohiga aylanishi mumkinligiga ishora.
Atigi ikki yil avval xavfli raqib paydo bo‘lib, Googlening kelajagini tuman qopladi. Butun texnologiya olamini ag‘dar-to‘ntar qilib yuborgan OpenAI chat-botiga yetib olishga urinib, qidiruv giganti o‘z sun’iy intellektining hali xom, chala ishlangan talqinini Google.com platformasiga shoshilinch ravishda chiqardi. Biroq shoshqaloqlik qimmatga tushdi: tizim o‘z sohiblarini noqulay ahvolga solib, ochiq-oshkor xatolar qilar, masalan, odamlarga tosh yeyishni yoxud pitssaga yelim surtishni xotirjamlik bilan maslahat berar edi.
Go‘yoki Google internetdagi hukmronligining so‘nggi kunlarini o‘tkazayotgandek edi.
Bugun esa Google sun’iy intellekt sohasidagi musobaqada shunchaki ta’qibchi emas, balki uzil-kesil g‘alaba qozonajak yetakchi sifatida qaralmoqda. Bu Kremniy vodiysida sanoqli oylarda hamma narsa ro‘y berishi mumkinligiga yaqqol misol.
O‘tgan seshanba kuni dasturchilar uchun o‘tkazilgan Google I/O konferensiyasida kompaniya muhim ma’lumotni e’lon qildi: bor-yo‘g‘i bir yil ichida Gemini chat-boti foydalanuvchilarining soni ikki barobardan ziyodga o‘sib, 900 million nafarga yetdi. Bu ko‘rsatkich OpenAI tomonidan ma’lum qilingan ChatGPTning faol foydalanuvchilari soniga teng, asosan biznes-mijozlarga mo‘ljallangan Anthropic kompaniyasining Claude chat-boti trafigidan esa deyarli 30 barobar ko‘pdir.
Sun’iy intellektga asoslangan qimmatbaho ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari (data-markazlar) sababli haligacha kam foyda olayotgan Anthropic va OpenAI kompaniyalaridan farqli o‘laroq, Google ushbu texnologiyani o‘zining asosiy daromad manbai — onlayn reklama orqali faol monetizatsiya qilish yo‘llarini topmoqda. Oxirgi chorakda kompaniyaning reklamadan daromadi 16 foizga o‘sib, 77 milliard dollarga yetdi — bunga ko‘p jihatdan marketologlarga foydalanuvchilar qiziqishlarini aniqroq tahlil qilishda ko‘maklashayotgan sun’iy intellekt sababchi.
Tez orada Gemini o‘z raqobatchisining platformasi — Apple kompaniyasining iPhone qurilmalari tarkibiy qismiga aylanadi. Shu yilning yanvar oyida Google va Apple kompaniyalari Gemini tizimi Applening Siri ovozli yordamchisining yangi talqiniga poydevor bo‘lishini e’lon qilishdi. Gemini allaqachon Android tizimidagi qurilmalarga o‘rnatilganini hisobga olsak, Apple bilan hamkorlik unga, ta’bir joiz bo‘lsa, dunyodagi deyarli barcha smartfonlarni egallash imkonini beradi.
Google I/O konferensiyasida internet-do‘konlarda sotuvni oshirish uchun sun’iy intellektga asoslangan aksiyalar va xarid savati funksiyalari taqdim etildi. Shuningdek, Gemini orqali Google Docsda shaxsiylashtirilgan matnlarni yaratish imkoniyati kengaytirilmoqda.
«Agar mendan sun’iy intellekt sohasidagi g‘olib kim bo‘lishini so‘rashsa, Googleni tanlardim», — deydi The New York Times gazetasining sobiq reportyori, texnologik kompaniyalarning sun’iy intellekt sohasidagi daromad uchun kurashi haqidagi kitob muallifi Geri Rivlin.
«Xuddi shu savolni bir yarim yil avval berganingizda, mening javobim umuman boshqacha chiqar va men Googleni ko‘rsatmasdim», — deya qo‘shimcha qildi u.
Google kompaniyasining Gemini bilan qozongan muvaffaqiyati hatto soha giganti ham o‘z yetakchilik mavqeini saqlab qolish uchun qisqa vaqt ichida qanchalik tubdan o‘zgarishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Biroq xuddi shunday muammoga yo‘liqqan avvalgi yetakchilarning tarixi boshqacha kechgan.
Bundan taxminan 15 yil avval Applening iPhone va Googlening Android ekotizimi paydo bo‘lishi bilan Microsoft shaxsiy kompyuterlar bozoridagi ustuvorligini yo‘qotdi va Windows Phone taqdim etilishi hamda Nokianing xarid qilinishiga qaramay, mobil texnologiyalar poygasidan chiqib ketdi. Microsoft biznes-mijozlar va geyming yo‘nalishida foyda olishda davom etsa-da, oddiy foydalanuvchilar orasida nomsiz yulduzga aylanib ulgurdi.
Google kompaniyasi Geminini alohida mahsulot sifatida rivojlantirish o‘rniga butunlay boshqa yo‘ldan bordi — sun’iy intellektni o‘z ixtiyoridagi barcha asosiy servislarga ulab qo‘ydi. Hozirda, buning ustida bir vaqtning o‘zida, bir nechta jamoa ishlayapti: ulardan biri Geminini Gmail pochta xizmatiga, boshqasi Google Maps xaritalariga moslashtirmoqda, uchinchisi esa chat-botning alohida ilovasi ustida bosh qotirmoqda.
Googlening yana bir ustuvorligi bor: bu sun’iy intellekt imkoniyatlaridan sayyohlik sohasida foydalanishdir. Gemini — Google Flights va Google Hotels xizmatlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanish imkoniga ega yagona chat-botdir. Bu unga aviachiptalar va turarjoylarni bemalol qidirish imkonini beradi va Geminini amalda mukammal virtual sayyohlik agentiga aylantiradi.
«Gap faqat modelning qanchalik mukammalligida emas, uning qayerda joylashgani hamda odamlar uchun Geminini topish, undan foydalanishni boshlash va manfaat olish qanchalik osonligi ham muhim», — deya tushuntiradi Creative Strategies tadqiqot firmasi prezidenti Karolina Milanezi.
Google o‘z texnologiyasini rivojlantirish uchun qo‘lidagi barcha vositalardan to‘liq foydalandi. Kompaniya sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan javoblarni dunyodagi eng ko‘p kiriladigan sayt — Google.com platformasining doimiy funksiyasiga aylantirdi va hozircha foydalanuvchilarga bu funksiyani o‘chirib qo‘yish imkoniyatini bermayapti.
O‘sha, odamlarga tosh yeyishni tavsiya qilgan Gemini bugun tanib bo‘lmas darajada o‘zgargan. Ammo mutlaqo mukammal, deyishga shoshmaslik kerak. The Times gazetasi yaqinda o‘tkazgan tahlil ko‘rsatishicha, Google sun’iy intellekti taqdim etayotgan javoblar 90 foiz holatlarda to‘g‘ri chiqmoqda. Kompaniya esa bu tadqiqotga e’tiroz bildirib, o‘z texnologiyasi bundan aniqroq ishlashini ta’kidladi.
«Ular shunday qamrovga egaki, bunday imkoniyat dunyodagi deyarli hech bir kompaniyada yo‘q. Keyingi Google kim bo‘ladi deysizmi? Katta ehtimol bilan bu Googlening o‘zi», — deya xulosa qildi Rivlin.
Manba: The New York Times


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter