Gul: qo‘shiq, marosim yoxud qay biri haqiqiy boychechak?

Bolaligim Jizzax viloyatining Qo‘ytosh tog‘larida o‘tgan. U yerda bahor kelishi bilan toshlar yoqasi, qir etaklarida boychechaklar ochilardi. Men uchun boychechak – sariq, biroz zarg‘oldoq tusli, qushning tumshug‘iga o‘xshash ilgakli gul edi. Uni terganimda barmoqlarim yumshoq, nozik barglariga tegardi. Bu gul bolaligim bilan bog‘liq eng iliq xotiralarimdan biri bo‘lgan.
(Suratlar internetdan, ochiq manbalardan olindi)
Vaqt o‘tib shaharga o‘qishga keldim, boshqa viloyatlardagi odamlar bilan tanishdim, hamsuhbat bo‘ldim. Va bahorda kutilmagan holatga duch keldim: odamlar boychechak deb men bilgan gulni emas, balki qor ichida unib chiqadigan boshqa bir sariq va turli rangdagi gulni atashardi. Tasavvurlarim chilparchin bo‘ldi. Bolaligimda tergan boychechak bilan bog‘liq qo‘shiqlar, urf-odatlar go‘yo yo‘qolib ketgandek tuyuldi. Garchi men esimni tanib bilgan boychechak ong ostimda mahkam o‘rnashgan bo‘lsada juda ko‘pchilikning boychechak deb boshqa gulni atashlariga ko‘nikib ham qoldim. Bolaligim boychechagini unutayozdim.
Kuni kecha Xayrulla Qilichev facebook sahifasida: «Mana bu – haqiqiy boychechak! Baland tepaliklarda, namxush chuqurchalarda erta bahorda gullaydi. Umri qisqa. Uzog‘i 15 - 20 kun yashaydi. Turli mintaqada boychechakni turli gullarga qiyoslashadi. Aslida, mana shu boychechak. Kamyob o‘simlik bu», deya yozib qoldirdi. Suratga tikilib qoldim. Ha, bu men bolaligimda tanigan, ammo keyin sira uchratmagan gul edi! Go‘yo bolaligim xotiralari qayta jonlanganday bo‘ldi... Aslida bolaligimda tanigan boychechak qanday gul, balki shu haqiqiy boychechakdir, balki men yanglishayotgandirman? Xuddi shu mulohazani postni o‘qigan boshqalar ham yozayotgan edi...
Feruza Oripova: Boychechakning bargi piyozning ingichka bargiga o‘xshash nozik bo‘ladi, buni savsan gul deyishadi.
Sa’dina Bobomurodova: Bizda buni Navro‘zgul deyishadi.
Melek Melek: Boychechak bunaqa bo‘lmaydi, men tog‘da yashayman, bu boychechak emas, boychechakning bargi ingichka bo‘ladi.
Ahmadali Shernazarov: O‘tgan yili martda shu gulni G‘allaorol-Juma qishlog‘i oralig‘idagi pastqam tog‘larda uchratgan edim. Suratga olib biologlarga jo‘natdim, o‘zim uchun notanish bo‘lgan bu o‘simlikning nomini bilish uchun. Ular ilmiy manbalardan bir necha ma’lumot va suratlar jo‘natdi. Va u Baxmalda ham uchrar ekan.
Abdumalik Ro‘ziyev: Bu boychechakmas. Gulning ichi oqish, gul tashqarisi qoraroq rangda bo‘ladi. Bargi mayda. Piyoz ildiz bo‘ladi. Qozon sindirar ham deyishardi. Yoshligimizda yulmalaring, uydagi qozon sinadi deyishardi. Endi bilsam, bu tabiatti asrashning bir ko‘rinishi ekan. Hozir ilgari bahor boshlanishiminan qor tagidan yashnab gullab turadigan boychechaklarni topish qiyinroq bo‘lib qoldi.
Mohida Narzullayeva: Bizda boshqacha edi boychechak, qorning tagidan o‘sib chiqardi , xuddi shunday, terardik rosa, rasmdagi gul boychechak emas, u piyoz boshli bo‘ladi. Bu gul esa ildizli – ildizdan va urug‘dan ko‘payadi, ilmiy nomini bilmayman, lekin biz gvozdika deymiz. Tog‘li hududdan ildizidan olib kelib ko‘paytirganman, turli rangidan bor.
Qizig‘i ushbu gulni haqiqiy boychechak deb yozgan muallif ham uni inkor qilgan Sa’dina Bobomurodova ham jizzaxlik faqat yashaydigan tumanlari boshqa-boshqa.
Bolaligimda ilk tanishgan gulim boychechak haqidagi ma’lumotlarni izlashni boshladim: u O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan bo‘lib Seversov burmaqorasi (corydalis severzovi)deb atalarkan. Bo‘yi 10-20 sm.ga yetadigan ko‘p yillik o‘tsimon o‘simlik. Gullari 2-5 tadan bo‘lib, qisqa shingil hosil qiladi. Gullarining rangi to‘q-sariq, gullab bo‘lgach qo‘ng‘ir-qizg‘ish tusga kiradi. Qorjantog‘, Piskom, Ugom, Chotqol, Qurama, Pistalitog‘, Zarafshon, Nurota tog‘ tizmalarida va Turkiston tizmasining g‘arbiy qismida tarqalgan (Toshkent, Jizzax, Samarqand, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlari). Tog‘larning etaklarida, pastki va o‘rta qismidagi soz tuproqli, shag‘alli va toshli yonbag‘irlarda o‘sadi. Fevral-aprel oylarida gullaydi. G‘arbiy Tyon-Shon va Pomir-Oloy tog‘laridagi areali qisqarib bormoqda.
Demak bu gulning fevral oyidan boshlab gullashini hisobga olsak bahorning ilk elchilaridan biri. Bahorning ilk elchisini esa bizga boychechak deb tanitishgan. Yana ko‘pchilik boychechak deb tanigan va tan olingan gulning ilmiy nomi esa Krokus (Crocus sativus (Saffron Crocus) – rangidan tortib tuzilishigacha 80 dan ortiq turi mavjud.
Qizig‘i yurtimizda ko‘pchilik boychechak deb ataydigan gulning yana bir turdoshi borki nomi – shafran, za’faron.
Ya’ni boychechakning ba’zi turlari hidli va ulardan kasalliklarga davo sifatida foydalanishadi. Tasavvur qiling, ko‘pchilik boychechak deb ataydigan krokus nafaqat ilk bahorning elchisi balki dorivor o‘t, hamda bir necha rangi va turi mavjud. Boychechakning yana bir uchinchisi bor, boshqa hudud aholisi uchun u gul ham boychechak deb tan olingan. Bu (Gagea stipitata – g‘oz piyozi) piyozdoshlar oilasiga mansub ko‘p yillik o‘t. Bo‘yi 7-20 sm. Ildiz bo‘g‘zi bargi bitta, ipsimon, yashil, tuksiz. Poya barglari navbat bilan joylashgan. Bu gul ham fevral-mart oylarida gullaydi. Cho‘l va adirlarning soz tuproq, qumloq hamda toshloq tuproqli yerlarida o‘sadi. Boychechak Afg‘oniston va Eronda ham uchraydi (Vikipediya, erkin ensiklopediya).
Xo‘sh, nima uchun boychechakguli turli hududlarda turlicha ko‘rinishga ega? Ularni nima uchun adashtirishadi? Sababi oddiy – har uch turga mansub gullar bir paytda ochiladi, har uch gul ham qor tagidan bosh ko‘taradi.
Tilshunoslik nuqtai nazaridan qaralsa, gul nomlari xalq og‘zaki ijodi va turli dialektlar ta’sirida o‘zgaradi. Turli mintaqalarda gullarning nomlari xalq maqollari, tabiatga oid folklor va shifokorlik an’analari orqali shakllangan. Jizzaxdagi «boychechak» tushunchasi bilan boshqa viloyatlardagi «boychechak» tushunchasi mos kelmasligi ana shundan kelib chiqadi.
Mahalliy nomlar aholi uchun muhim ahamiyatga ega, chunki ular orqali tabiat bilan bog‘liq tajribalar avloddan-avlodga uzatiladi. Biroq, botanika fanida aniqlik talab qilinadi. Shuning uchun turli yondashuvlarni ham tushunish va o‘zaro uyg‘unlashtirish muhim.
Ayrim mahalliy aholining fikrlariga e’tibor bersangiz ular Seversov burmaqorasi (corydalis severzovi)ni boychechak deb atashlarini va krokus – shafran, za’faron (Crocus sativus (Saffron Crocus) turkumidagi gulni hech qachon uchratmaganliklari, ba’zilar esa burmaqora yoki gagea stipitata – g‘oz gulini bilmasliklarini aytishadi. Lekin barcha uchun «boychechak» degani – bolalik xotiralari, bahordagi ilk sayrlar va qishdan keyingi quvonch ramzi.
Boychechakning etimologiya va ma’nosiga e’tibor bersak «Boychechak» so‘zi ikki qismdan iborat: «Boy» – boylik, serhosillik, ko‘pchilik ma’nolarida ishlatiladi. «Chechak» – gul, gullagan o‘simlik ma’nosini anglatadi.
Go‘yoki boychechak so‘zi tabiat uyg‘onishi, bahorning birinchi gullari va yerning hosildorlikka tayyorlanishi bilan bog‘liq ramziy ma’noga ega. O‘zbek xalq qo‘shiqlarida boychechak nafaqat bahor guli, balki yoshlik, muhabbat va umid ramzi sifatida ham uchraydi.
O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005)da berilgan manbaga ko‘ra – «boychechak» mavsumiy marosim qo‘shig‘i. Turkiy xalqlarda qadim zamonlardan kattalar, keyinchalik bolalar tomonidan kuylab kelingan. Bolalar erta bahorda dala va bog‘lardan boychechaklar terib, undan guldastalar yasaganlar, tol navdalaridan chambarlar qilib, boshlariga kiyganlar hamda guldastalar ko‘targan holda uyma-uy yurib, «Boychechak» qo‘shig‘ini aytganlar, uy egalariga gullar ulashganlar. Bolalardan biri asosiy to‘rtliklarni kuylagan, qolganlari naqarotni jo‘r bo‘lib ijro etishgan. Shu tariqa uy egalaridan sovg‘a-salomlar olishgan.
Boychechak qo‘shiqlarida dehqonlar ekin-tikin ishlarini boshlashga, chorvadorlar chorvasini qishlovdan yaylovga ko‘chirishiga da’vat qilingan. Ko‘klamga xos tabiat hodisalari, xalq an’analari shavq-zavq bilan tarannum etilgan:
...Boychechagim bolasi,
Qulog‘ida donasi.
Donasidan bermagan,
Margi uning onasi...
Jizzaxning Chuvilloq qishlog‘idan fotoreportaj tayyorlagan jurnalist Xolida Musulmon qishloqda bir oyda kuzatilgan ikki fasl tarovatini kadrlarga muhrladi va o‘zi ishlaydigan «Gazeta.uz» saytida suratlar bilan maqola e’lon qildi. Maqolada u boychechak haqida antiqa udumni eslatib o‘tgan: «Qishloqda boychechak bilan bog‘liq bir odat bor: odamlar birinchi ko‘rgan boychechagini oyog‘i bilan yanchadi.
foto:«Gazeta.uz»
Bu odat xalq tilida: «Boychechak insonga uzoq umr tilamas ekan, «bir yil oldin ham seni ko‘rgan edim, hali ham tirikmisan?», deya yomon niyat qilarkan», – deya izohlanadi.
Bu odat xalq qo‘shiqlarida ham kuylanadi:
Boychechakni tutdilar,
Tut yog‘ochga osdilar.
Qilich bilan chopdilar,
Baxmal bilan yopdilar.
Qattiq yerdan qatalab chiqqan boychechak,
Yumshoq yerdan yumalab chiqqan boychechak...
Men avvallari bu odatni tushunmasdim. Ezilgan va ezilayotgan boychechaklarga juda rahmim kelar va yig‘lardim. Hozir esa bu odat mantig‘ini tushungandekman. Qish – mashaqqat, bahor – omonlik, boychechak esa mashaqqat va omonlik o‘rtasidagi vosita, qishdan chiqqan odamlar yaxshi kunlarga yetish uchun sovuq niyat qiluvchi gulni yanchib, o‘ziga umr tilaydi. Zero, xalq hamisha to‘kin-sochin, yorug‘ kunlarda uzoq umr ko‘rishni orzu qilgan...»
Juda ko‘p joyda boychechak bilan bog‘liq marosimlarni mavsumiy marosim deb tafsiflangan.
Abdurashid Kuzibayev esa ushbu gul haqida shunday yozadi: «...Bahorda ochiladigan boychechak bilan bog‘liq marosim qish uzoq cho‘zilib, ko‘klam kelishi intiqlik bilan kutilgani uchun o‘tkazilgan. Boychechak marosimi tog‘ bag‘rida, qir-adirlarda, bog‘larda o‘tkazilgan. Marosim tantanali o‘tsa, unda kuylanuvchi qo‘shiqlar ko‘klamga atalgan va uni ulug‘lovchi qo‘shiqlar kuylansa, qish shunchalik tez xonadonlarni tark etadi deyishgan. Bahorning ilk guli boychechak esa xonadonlarga shod-xurramlik, baxt va omad, to‘kinlik va baraka olib keladi deb tasavvur qilingan.
Bolalar boychechakni qo‘liga tutib uyma-uy yurishgan, xonadonlardan qishni haydaganlar. Xonadonlarga «Boychechak» qo‘shig‘ini kuylab, gul ulashib, bahor kelganidan xabar berganlar. Xonadon egalari boychechak keltirgan bolalarga qishni quvib haydab, uyiga ko‘klamni olib kelgani uchun sovg‘a-salom ulashishgan. Xonadon sohiblari boychechakni ko‘rib quvonganlar, boychechakni ko‘zlariga surtib, yurtga tinchlik va xotirjamlik, qut-baraka tilashgan. Boychechakni ko‘rib quvonish, uni ko‘ziga surtish ko‘klam va boychechakning g‘alabasini, qish tugab, bahor boshlanganini bildirgan...»
«Sharq yulduzi» jurnali (2017 yil, noyabr)da Ma’mura Zohidovaning «Boychechak» – bahor qo‘shig‘imi?» sarlavhali maqolasida esa hammasidan qiziq ma’lumot, ya’ni haqiqatga yaqin topilmaga duch keldim. «Bizningcha, ko‘pchilik so‘zini yaxshi biladigan «Boychechak» qo‘shig‘ida boychechak so‘zi gul ma’nosida emas, farzand, yangi tug‘ilgan go‘dak ma’nosida kelayotir... Bolani beshikka bog‘lash jarayonlari millatimiz vakillari yashaydigan hamma joyda deyarli bir xil marosimlar bilan amalga oshirilishi ham ma’lum.... Zukko xalqimiz boychechak so‘zining tub ma’nosiga yondashib, uni boyning bolasi, ya’ni chaqaloq sifatida e’tirof qilgan. Qo‘shiqning biror satri shunchaki, qofiya uchun emas. Undagi biror so‘z vazn uchun, she’rning o‘ynoqiligini ta’minlash uchun qo‘llanmagan. She’rda shunday satrlar tizilganki, ijro etilganda tinglaguvchi mushohada va e’tibor qilib ko‘rsa, bu qo‘shiqda Insondek oliy xilqatni dunyoga keltirish qiyin bir jarayon ekaniga zimdan ishora qilinganini anglaydi. Insonni dunyoga keltirish istagi bu – shunchaki istak emas, uning avvalida muhabbat, ishonch, qalblar bog‘liqligi kabilar kafil bo‘ladi, bu istak ajdodlar o‘zligini bir davrdan boshqa davrga yelkada olib o‘tish mas’uliyati bilan yo‘g‘rilgan, o‘zidan zurriyot qoldirishdek buyuk orzu bilan sug‘orilgan toza qalb istagidir .Endi qo‘shiqning har bir satrida yashiringan ma’no to‘g‘risida to‘xtalamiz:
Boychechagim boylandi.
Chaqaloq beshikka bog‘landi.
Qozon to‘la ayrondi.
(Bunda bolaning rizqi, onaning sutiga ishora qilinayotir).
Ayroningdan bermasang,
Qozon-tovog‘ing vayrondi.
Odatda, ilk bor beshikka bog‘langan go‘dak hamma yoqni ostin-ustun qilib, chinqirib yig‘laydi. Beshikka hozirgina bog‘langan chaqaloqqa onasi darhol sut berishi kerak. Yuqoridagi satrlarda shunga ishora bor.
Qattiq yerdan qatalab chiqqan boychechak.
Bu satrlarda insonning dunyoga keltirilishiga ishora qilinadi. Ona tanasida qattiq suyaklar bor, lekin bola tug‘ilishda qataloqlab (o‘qaloqlab) chiqadi. “Qatalab” so‘zining mazmuniga e’tibor qilamiz: Bu so‘z aslida hayvon terisidagi so‘naning qurt chiqarishini anglatadi. Qataloqlash – bu o‘qaloqlash, ya’ni qurt chiqarish deganidir (“O‘zbek tilining izohli lug‘ati”, T., 2008. 5-qism. 188-bet). Qataloqlash – o‘qaloqlash demakdir (“O‘zbek tilining izohli lug‘ati”, T., 2008. 5-qism. 259-bet).
Yumshoq yerdan yumalab chiqqan boychechak.
Bunda bolaning ona qornida bir marta yumalab, keyin dunyoga kelishiga ishora qilinadi.
Boychechakni tutdilar.
Momolarimiz bolani beshikka belashdan oldin uning kuragi yopishib qolmasligi uchun bilagi aralash yelkasidan tutib, bir necha marta silkib oladilar.
Tut yog‘ochga osdilar.
Bolani tut yog‘ochidan yasalgan beshikka yotqizilishiga ishora qilinadi.
Qilich bilan chopdilar.
Bunda esa bolaning qo‘l-oyog‘ini mahkam ushlab turish uchun maxsus tikilgan qo‘lpech va oyoqpechlari bilan bog‘langanida bola tepadan qaraganda bo‘lingan kabi (qilich bilan chopilgan kabi) ko‘rinishiga ishora.
Baxmal bilan yopdilar.
Beshik ustiga yopiladigan maxsus yopqichning baxmaldan tikilishiga ishora.
Boychechagim hulloli.
Hulla so‘zi nozik, nafis mato hamda shu matodan tikilgan kiyim (“O‘zbek tilining izohli lug‘ati” T., 2008 5-qism. 561-bet), to‘siq, parda va shu kabilarni anglatadi. Bola xalqimizda alohida, o‘zgacha e’zozda. Beshikning yopqichi ustidan harir matodan bezama tikilgan. Bu ustlik yoki yoz fasllarida yopqich vazifasini ham bajargan.
Hamyon-hamyon tilloli.
Bu misraning so‘zlari esa hammasidan ham o‘tadigan ajoyib topilma. Bilamizki, beshikda bolaning bezovtalanmay, quruq yotishi uchun maxsus yog‘och moslama va sopol tuvak ishlatiladi. Xalqimiz bu o‘rinda o‘zining buyuk kashfiyoti bo‘lmish beshikning oddiy so‘zda aytilavermaydigan, lekin barchaga birdek ma’qul bo‘lgan xususiyatlariga ishora qiladi. Ya’ni hamyon – bu beshikdagi tuvakdir…
...Hamma bozor – bir bozor,
Bozor so‘zi beshikning o‘zidir. Qo‘shiq so‘zlarida hech bir timsol o‘z nomi bilan kelmagan. Bu esa xalqimizning nozik didi, hayoyu imonidan darak beradi.
Atroflari lolazor.
Bu satrda esa beshikning yog‘ochlari, qabzasi gul va lolalar tasviri bilan bezatilishini anglatadi.
«Boychechak» qo‘shig‘i avval-qadim yaralishida bolalarning bahorda aytadigan ilk qo‘shig‘i bo‘lmagan. Biroq boychechakni ko‘tarib uyma-uy yurish udumlarining paydo bo‘lishi ham bejiz emas. Xalq toza niyatlarni qalbi pok, beg‘ubor bolalar aytishlarini istagan…
…Bugungi kun darsliklariga «Boychechak» folklor namunasining mavsum qo‘shig‘i emas, marosim qo‘shig‘i ekanligini qayd etish joiz deb hisoblaymiz.»
Qarang, biz qirlardan tergan ilk gul boychechakning qancha turi bor, qancha ilmiy nomi bor-a. U bilan bog‘liq bir-biridan qiziq udumlar, marosimlarni aytmaysizmi? Rostdan ham bahstalab mavzu. Ayniqsa u bilan bog‘liq xalq og‘zaki ijodining sir-sanoatlari-chi? Ha bu bahsning aniq g‘olibi yo‘q...
Maqola yozish asnosida bolaligim boychechagi haqidagi tasavvurlarim boyidi. Ilgari men boychechak deganda boshqa gulni ko‘z oldimga keltirar edim, lekin endi haqiqiy boychechak krokus bo‘lishi mumkinmi, degan savol tug‘iladi. Balki biz turli mintaqalarda turli nomlarni ishlatganimiz sababli bu tushunchalar aralashib ketgandir? Boychechakning mavsumiy marosimdan ham ko‘ra alohida beshik marosimiga ham bog‘liqlik joyi bormikan deb o‘ylab qoldim? Balki boychechak atamasining gulga umuman aloqasi yo‘qdir?
Siz-chi, siz uchun boychechak qaysi gul? Maqolani o‘qiganingizdan so‘ng gul va u bilan bog‘liq qo‘shiq haqida o‘ylab qoldingizmi? Axir gulni qilich bilan chopishdan yoki tolyog‘och (simyog‘och)ga osishdan nima ma’no bor?
Barno Sultonova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter