Gulistondagi qotillik fosh etildi

Shu yilning 18-iyun kuni gulistonlik 1998-yilda tug‘ilgan O‘. A.ning (ayol) jasadi qotillik alomatlari bilan topilgan edi. Holat yuzasidan darhol Sirdaryo viloyat prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi bo‘yicha (qasddan odam o‘ldirish) jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan mazkur mahkama O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi boshlig‘i Sh. Muhamedjanov rahbarligida tezkor-tergov guruhi tuzilib, amalga oshirilgan keng qamrovli ishlar natijasida qotillik jinoyati yigirma to‘rt soatga qolmay fosh etildi.
Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari, adliya maslahatchisi S. Rahmonovaning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, Mirzaobod tumanida istiqomat qiluvchi A.I. (1993-y.t.) gumondor sifatida qo‘lga olingan. U marhumani rashk oqibatida, uning uxlab yotganidan foydalanib, o‘zi bilan olib kelgan ip bo‘lagi bilan bo‘g‘ib o‘ldiradi va marhumaning bo‘ynidagi tilla zanjiri, 1 juft tilla zirak, «Agrobank» plastik kartochkasi va «Samsung Galaxy» uyali telefonini qo‘lga kiritadi.
Jinoyat A.I.ning aybiga iqrorligidan tashqari uning ko‘rsatmalarini hodisa joyida tekshirish yuzasidan o‘tkazilgan tergov harakatlari, marhumaga tegishli tilla buyumlar, «Agrobank» plastik kartochkasi va «Samsung Galaxy» uyali telefoni, barmoq izlari guvohlarning ko‘rsatmalari hamda boshqa dalillar majmui bilan o‘z isbotini topgan.
Jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter