Gulnora Karimova ustidan navbatdagi sud majlisi boshlandi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Gulnora Karimova va boshqalarga oid navbatdagi jinoyat ishi bo‘yicha sud majlisi boshlandi. Bu haqda Oliy sud xabar berdi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning dekabr oyi boshlarida Gulnora Karimova va boshqalarga nisbatan yangi ayblovlar e’lon qilingani xabar qilingandi.
Unga ko‘ra, G.Karimova respublika sanoat korxonalarida faoliyat yuritgan va juda ko‘p miqdordagi jinoiy daromadlardan ulush berib kelgan yana bir uyushgan jinoiy guruhga ega bo‘lganligi aniqlangandi. Bundan tashqari u fuqarolar va turli kompaniyalar egalariga bosim o‘tkazish va qo‘rqitish yo‘li bilan ularning mulklarini o‘ziga tegishli kompaniyalarga rasmiylashtirib berishga majbur qilib kelgani qayd etilgandi.
Shundan kelib chiqib, G.Karimovaga Jinoyat kodeksining tegishli moddalarida nazarda tutilgan tovlamachilik, talon-toroj qilish, O‘zbekiston Respublikasining manfaatlariga xilof ravishda bitimlar tuzish va jinoiy uyushmani tashkil etish bilan bog‘liq jinoyatlarini sodir etganligi bo‘yicha yangi ayblov e’lon qilingandi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yangi ochilgan jinoyat ishi doirasida yetkazilgan zararning miqdori 165 mln. AQSh dollari va 85 mlrd. so‘mdan ko‘proqni tashkil qilgani aytilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter