Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Gulnora Karimovaning Shveysariyadagi pullarini qaytarish bo‘yicha yakuniy bitim imzolandi

Gulnora Karimovaning Shveysariyadagi pullarini qaytarish bo‘yicha yakuniy bitim imzolandi

Bugun, 16-avgust kuni Shveysariyaning Bern shahrida O‘zbekiston va Shveysariya o‘rtasida «O‘zbekiston Respublikasi va Shveysariya Konfederatsiyasi o‘rtasidagi Shveysariya Konfederatsiyasi hududida konfiskatsiya qilingan noqonuniy orttirilgan aktivlarni O‘zbekiston Respublikasi aholisining manfaatlarida qaytarish yo‘llari to‘g‘risida»gi bitim imzolandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Bitimni O‘zbekiston Respublikasi nomidan adliya vaziri R. Davletov va Shveysariya nomidan ushbu mamlakatning Prezidenti I. Kassis imzoladi.

Bitimni imzolash marosimida, shuningdek BMT vakillari, xususan BMTning Ko‘p-sheriklik trast jamg‘armasi ofisi ijrochi koordinatori Dj. Topping ishtirok etdi.

Bitimning imzolanishi ilgari G. Karimova boshchiligidagi uyushgan jinoiy guruh tomonidan noqonuniy ravishda orttirilgan va Shveysariyada legallashtirilgan 131 mln AQSh dollarining Shveysariya tomonidan O‘zbekiston xalqiga darhol qaytarilishini anglatadi.

«Ushbu bitimning tuzilishi o‘tgan 2 yil davomida Adliya vazirligi va vakolatli idoralari hamda Shveysariyaning Tashqi ishlar vazirligi va manfaatdor vazirliklari bilan BMT ishtirokidagi samarali va natijador hamkorlik, shuningdek, sinchkovlik bilan amalga oshirilgan ishlar va bir necha davralardan iborat muzokaralarning natijasidir», – deyiladi vazirlik ma’lumotida.

Qayd etilishicha, bitim noqonuniy orrtirilgan taqriban 131 mln AQSh dollariga (taqriban 1,4 trln so‘m) teng aktivlarni O‘zbekistonga qaytarishni, noqonuniy orttirilgan aktivlarni qaytarishning asosiy prinsiplari, mexanizm va maqsadlarini belgilaydi.

Bitimga muvofiq, noqonuniy orttirilgan aktivlarni qaytarishning quyidagi asosiy prinsiplari belgilanmoqda:

- ochiqlik va oshkoralik, restitutsiya to‘g‘risidagi axborotni jamoatchilikka ochiq e’lon qilish;

- ushbu jarayonda fuqarolik jamiyatining ishtiroki;

- qaytarilgan mablag‘larni pirovardida ijtimoiy sohaga, xususan, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalariga yo‘naltirilishi;

- O‘zbekiston va Shveysariya o‘rtasida restitutsiya masalalari bo‘yicha doimiy, samarali va o‘zaro hurmatga asoslangan muloqotning davom ettirilishi.

O‘zbekiston, Shveysariya va BMT ishtirokidagi uch tomonlama restitutsiya mexanizmiga alohida e’tibor beriladi.

Restitutsiya BMTning Ko‘p-sheriklik trast jamg‘armalari tizimiga kiruvchi “Uzbekistan Vision 2030” ko‘p-sheriklik trast jamg‘armasi orqali amalga oshiriladi.

Jamg‘arma tegishli funksiya va vakolatlarga ega bo‘lgan quyidagi ma’muriy-tashkiliy tuzilmaga ega:

– Yuqori darajadagi strategik qo‘mita (O‘zbekiston va Shveysariyadan bir nafardan yuqori martabali vakil) jamg‘arma faoliyati bo‘yicha strategik qarorlar qabul qiladi.

– Boshqaruv qo‘mitasi (O‘zbekiston, Shveysariya va BMTdan bir nafardan vakil) jamg‘armaning operatsion faoliyati, shu jumladan loyihalarni ko‘rib chiqish va tasdiqlash bo‘yicha to‘liq konsensus asosida qarorlar qabul qiladi.

Bundan tashqari, tashkiliy tuzilma tarkibiga jamg‘arma faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiruvchi va o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida va ish haqisiz amalga oshiradigan O‘zbekiston va Shveysariya fuqarolik jamiyati vakillaridan hamda xalqaro nohukumat tashkilotlaridan iborat Fuqarolik jamiyati maslahat kengashi ham kiradi.

Boshqaruv qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan loyihalar BMTning O‘zbekistondagi tegishli idoralari tomonidan O‘zbekiston tomoni bilan birgalikda amalga oshiriladi.

Amalga oshirilgan va amalga oshirilayotgan loyihalar haqidagi barcha ma’lumotlar ochiq e’lon qilinadi va keng jamoatchilikka taqdim etiladi.

Bunday tizim korrupsiya va boshqa xavflarni minimallashtiradi, shuningdek mablag‘larni sarflashda shaffoflik va hisobdorlikni ta’minlaydi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring