Gulnora Rahmon: «Umrimda gap-gashtak o‘ynamaganman...» (video)
Rassom, yozuvchi, tarjimon. Bir vaqtning o‘zida surat chizishga, kitob yozishga va badiiy asarlarni tarjima qilishga vaqt topa olgan Gulnora Rahmon 1957 yili Samarqand (hozirgi Navoiy) viloyatining Xatirchi tumanida tug‘ilgan. Toshkent Teatr san’ati va rassomchilik institutining dastgohli rangtasvir bo‘limida o‘qigan.
Rassom, yozuvchi, tarjimonning xonadoni o‘ziga xos ijodxona. Yaratilgan portretlar, turli kartinkalar, obrazlar, qiyofalar, tarjima qilgan va bosmadan chiqqan yangi kitoblar, o‘zi ijod qilgan badiiy asarlar... bularning barchasi uyg‘unlashib sizga ajib kayfiyat bag‘ishlaydi. Bir inson o‘qib o‘rganaman, uddalayman, qila olaman desa eh-he qanchadan-qancha go‘zallikni kashf qilishi, asarlarni yarata olishi mumkin.
«Men umrimda gap-gashtak o‘ynamaganman, gap o‘ynash degani har oyning bir kuni uchun uzoq tayyorgarlik ko‘rish, degani. To‘y-tomoshalarga juda yaqinlarimnikiga boraman. Vaqtni juda qadrlayman, turli marosimlarga ketkazgan vaqtim o‘rniga chala rasmimni chizib tugatib qo‘yishim yoki mingta so‘z yozishim mumkin», deydi vaqt haqida o‘z fikri bilan o‘rtoqlasharkan qahramonimiz.
Gulnora Rahmonning ikki farzandi bor. Ularning o‘z qiziqqan sohada o‘qib ta’lim olishi uchun, ya’ni onalik burchini bajarishi uchun ijodkorligi xalaqit bermagan.
«Farzandlar «men»ini tarbiyalasangiz, ular shaxs bo‘lib yetishadi, bu uchun ular bilan birga mehnat qilish, o‘z ustida ishlashga ko‘maklashish, qo‘llab-quvvatlash lozim bo‘ladi».
Onasiga mehrli bo‘lgan rassom uchun ona obrazi xoh uning badiiy asarlarida bo‘lsin, xoh suratlarida bo‘lsin alohida o‘ringa ega.
San’atkorning, ijodkorning qalbi juda nozik va shu bilan birga ta’sirchan ham. Qon-qarindoshlik, o‘zgalarga mehr-muruvvatli bo‘lish ularga begona emas. Balki shuning uchun ham haqiqiy ijodkorning yuksak qalbi bilan bitilgan asarlari o‘quvchi yoki tomoshabinning yuragidan joy oladi.
Umuman keng qamrovli ijodkorning suhbatini eshitib to‘ymaysan, qaysi soha, qaysi janr haqida gaplashmang to‘lqinlanib o‘z tajribalari, o‘z bilimlari bilan bajonidil o‘rtoqlashadi.
Videolavhamiz rassom hayoti, ijodi, farzandlari, qiziqishlari, orzulari, armonlari haqida. 70 yosh ostonasida turgan Gulnora Rahmonning ingliz tilini o‘rganatayotgani hatto bir necha kitoblarni ingliz tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilib adabiyotimizga ulkan hissa qo‘shayotgani alohida mavzu...
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter