Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

G‘uzorda fuqaro chorva mollari bilan «mitingga chiqdi»

G‘uzorda fuqaro chorva mollari bilan «mitingga chiqdi»

Chorvachilik bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorga yetarlicha yer maydoni ajratilgan va unga hokimlik tomonidan amaliy yordamlar berilgan

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanidagi tadbirkorning videomurojaati va hokimlikka haydab kelingan chorva mollari aks etgan videolavha tarqaldi. Holat joriy yilning 27-fevral kuni sodir bo‘lgan.

Lavhada tadbirkor tumandagi «Yetti saodat nuri» MChJ rahbari Panjiyev Ixtiyor bo‘lib, u chorvachilik qilishida MChJga tegishli yer maydoni yetarli emasligini va ekin yerlari uchun suv yo‘qligini aytadi.

Mazkur holat yuzasidan tuman hokimligi rasmiy ma’lumot berdi.

Aniqlanishicha, ushbu MChJga chorva uchun 2020-yil 13-may kuni AT «Xalq banki» G‘uzor filiali tomonidan 4 mlrd 278 mln so‘m miqdordagi kredit mablag‘i ajratilgan va Avstriya davlatidan 152 bosh zotli qoramollar olib kelingan. Bank kreditini ajratish jarayonida esa MChJga tegishli yer maydonlari yetarli ekanligi e’tiborga olingan.

Xususan, G‘uzor tumani hokimining 2019-yil 10-iyundagi va 2021-yil 29-yanvardagi qarorlariga asosan MChJga jami 81,5 gektar, shundan 78,46 gektar sug‘oriladigan yer maydonlari ajratib berilgan.

Yer kodeksining 46-1-moddasi 1-qismi 3-bandida chorvachilik mahsulotini ishlab chiqarishga ixtisoslashganlarga ozuqa ekinlarini yetishtirish uchun (shartli bir bosh qoramol uchun) sug‘oriladigan yerlardan - kamida 0,3 gektar va lalmikor yerlardan - kamida 1 gektar o‘lchamda ajratilishi nazarda tutilgan.

Ushbu qonun normalariga ko‘ra, MChJ tomonidan keltirilgan 152 bosh chorva mollari uchun jami 45,6 gektar yer maydoni talab etiladi (MChJga 36 gektar sug‘oriladigan yer maydoni me’yordan ortiq ajratib berilgan).

MChJ rahbari Panjiyevning yana qo‘shimcha yer maydoni ajratish haqidagi og‘zaki murojaatiga javoban esa unga qonun talablari, ya’ni faqat auksion orqali olish mumkinligi tushuntirilgan.

Bundan tashqari, tuman Irrigatsiya bo‘limi va tuman Nasos stansiyalari G‘uzor uchastkasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, jamiyatga qarashli yer maydonini sug‘orish uchun yetarli miqdorda suv bo‘lgan va qo‘shimcha foydalanish uchun jamiyatda mavjud nosoz yer osti qudug‘i ta’mirlanib, suv chiqarish nasoslari o‘rnatib berilgan.

Shunigdek, tadbirkorni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2022-yilning oktyabr oyida tuman hokimligi tomonidan MChJning 50 gektar yer maydonidagi 25,4 mln so‘mlik yer tayyorlash ishlari bepul bajarib berilgan.

Hokimlikning qayd etishicha, hozirda fuqaroning jamoat joyida yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan qilgan mazkur harakati yuzasidan tuman IIB tomonidan tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring