Halolning tomiri tog‘day yoxud milliy hikoyachiligimiz yutug‘i haqida o‘ylar

So‘z – odamzodga, badiiy so‘z esa ulardan ayrimlariga – tanlangan iste’dod egalarigagina ato etiladigan ulug‘ ne’mat. Bu ne’matni qadrlagan ijodkor ham albatta qadr topadi. Asarlari milliy so‘z san’atining yuksalishiga xizmat qiladi. O‘quvchining adabiy idrokini, badiiy didini o‘stiradi. Atoqli yozuvchi Xayriddin Sultonning «Boburiynoma» ma’rifiy romani, «Saodat sohili», «Yozning yolg‘iz yodgori», «Ajoyib kunlarning birida», «Ko‘ngil ozodadur» kabi qissalari hamda sara hikoyalari ayni shu xususiyatlari bilan o‘zbek nasri takomilida alohida o‘ringa ega.
Keyingi yillarda adib ijodi yangi yuksalish pallasiga kirdi. Yozuvchining «Odamlardan tinglab hikoya», «Navoiy-30» kabi kitoblari ijodiy g‘oyaning ohorli ekani, hikoyalar zamiridagi hikmat va ibrat hamda ifodaning jozibasi bilan o‘quvchi qalbiga yog‘du olib kirdi. «Ishonch telefoni» qissasi zamondoshlarimiz qalbida va ruhida kechayotgan evrilishlar, ularning orzu-armonlari, kechinmalari o‘ziga xos tasvirlangani jihatidan qimmatlidir. Uch hikoyadan tarkib topgan «Osmoni falaklarda» kitobi o‘zbek nasrida shu paytgacha qalamga olinmagan mavzu – uchuvchilar hayoti individual uslubda talqin etilgani bilan adabiyotimizda yangi badiiy-estetik hodisa sifatida baholanishga loyiqdir.
Uch hikoya – «Ikki karra qahramon», «Osmoni falaklarda» va «Bir kishilik aviahalokat» garchi qahramonlari boshqa-boshqa kishilar, ifoda uslubi o‘zaro farqli bo‘lsa ham, mantiqan bir-birini izchil davom ettiradi, bir-birini to‘ldiradi hamda boyitadi. Hikoyalarning mohiyatan yaqinligi sababi mavzuning uchuvchilar hayotidan olingani bilangina bog‘liq emas. Ularni birlashtirib turuvchi muhim halqalardan biri hikoyalarda xalqimiz tiynati va dunyoqarashi asosini tashkil etuvchi halol va harom tushunchalarining inson qismatida tutgan o‘rni tasviriga urg‘u berilganidir. E’tiborli jihati, bu urg‘u muallif tilidan ta’kidlanmay, asarning ichki badiiy mantig‘idan anglashiladi. Mazkur tushunchalar qahramonlar hayot tarzi, ruhiyati, kechinmalari va taqdiri bilan aloqadorlikda yuksak darajada badiiy talqin etiladi.
«Ikki karra qahramon»ning saboti
Badiiy nasr yutug‘ini uch xususiyat belgilaydi: ohorli mavzu, epik tasvir mukammalligi va betakror uslub. Nasrning eng kichik janri sanalgan hikoyada yozuvchining mas’uliyati bir necha baravar kattaroq bo‘ladi. Hikoyada yuqoridagi uch xususiyatdan tashqari ifoda siqiq bo‘lishi, oz so‘zga ko‘p ma’no yuklanishi, kompozitsiya aniq badiiy konsepsiya asosida shakllantirilishi zarur. Xayriddin Sultonning «Ikki karra qahramon» hikoyasi badiiy nasrning yuqori mezonlariga muvofiq keladi. Albatta, bunda katta ijodiy tajriba va yuksak mahorat ham o‘z so‘zini aytgan.
Hikoya mavzusi haqiqatan ohorli. O‘zbek hikoyachiligida uchuvchilar hayoti ilk bor ana shu asarda qalamga olingan. Bosh qahramon Muhammadkamol Otaboyev – halol inson, mohir va fidoyi uchuvchi. Hikoyada uchuvchi sifatidagi mahorati bir necha ta’sirli va ahamiyatli voqealar misolida tasvirlangan. Masalan, AQShning Butunjahon savdo markazi portlatilgan 2001 yil 11 sentyabr sanasida u Toshkentdan Nyu Yorkka uchadigan reysni, bu shaharga qo‘nishga ruxsat bo‘lmagach, ekipaj komandiri sifatida juda qiyin sharoitda Kanadaning AQSh bilan chegarasi yaqinidagi Heppi-Velli shahriga eson-omon qo‘ndiradi. Dastlab unga e’tiroz bildirgan ayrim yo‘lovchilar aerodrom binosidagi ekran orqali haqiqiy ahvoldan xabardor bo‘lgach, dir-dir titrab, naqd o‘limdan asragani uchun unga minnatdorlik bildiradi. Ana shu parvoz chog‘ida bir yuz to‘qson yo‘lovchi va o‘n bir nafar ekipaj a’zosining hayotini va samolyotni asrab qolgani uchun unga Qahramonlik unvoni berilgan. Faqat bugina emas. Koronavirus tarqagan kezda Muhammadkamol hayotini xavf ostiga qo‘yib, Piterdan yuzlab odamlarni samolyotda O‘zbekistonga olib kelgan. Ular bilan birga o‘zi ham bir oy karantinda o‘tirgan. Yozuvchi bularni roviy – uchuvchining do‘sti tilidan jozibali va ta’sirli tilda ifodalaydi.
Kasbiga sadoqati Muhammadkamol fazilatining bir tomoni bo‘lsa, ikkinchi tomondan, u nihoyatda oilaparvar hamdir. Bangkokdan Toshkentga uchishdan avval ikki nabirasiga, keyin boshqalarga sovg‘a-salom oladi. Firmasining ishlari bilan Moskvaga ketgan arzanda kuyoviga italyancha kostyum-shim xarid qiladi. Qizi Ma’mura bilan telefonda so‘zlashib, bir razmer kichik olganini bilgach, savdo markaziga borib, almashtirib ham keladi. Yeru ko‘kka ishonmay, kuyovini do‘stlariga ham ko‘p bora maqtagan. Adib roviy tilidan kuyovning xarakterini quyidagicha tasvirlaydi: «...maqtasa arzigulik bir yigit edi: ko‘rkam, xushqomat, tadbirkor, basavlat, qo‘li doim ko‘ksida – ta’zim-tavozeda! Kamtaru kamsuqumligini ko‘rib, hech kim uni butun O‘zbekiston taniydigan katta bir amaldorning o‘g‘li ekaniga ishonmas edi». Biroq odamning surati va siyrati har doim ham muvofiq kelavermaydi-da... Hikoya davomida bu «xushqomat» yigitning samolyot salonida odamlar uxlayotgan kezda nomi chiqqan yallachi juvon bilan yuzsizlarcha hirsini qondirayotgani ustiga ekipaj komandiri bo‘lgan qaynotasi kelib qolgani tasvirlanadi.
Uchuvchi nimqorong‘ida dastlab yigitga e’tibor bermaydi. Hikoyada: «...bir umr o‘rischa o‘qib, o‘rislar bilan ishlab yurgan bo‘lsayam, o‘zi juda pokiza, betahorat yurmaydi, bunaqa harom-harish ishlarni ko‘rsa, jon-poni chiqib ketadi» deya ta’riflangan Muhammadkamol bu sharmandai sharmisorlarni tartibga chaqirmoqchi bo‘lib turganda, birdaniga tanish ovozni eshitib, turgan joyida qotib qoladi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, o‘sha sharmanda arzanda kuyovi Sherali bo‘lib chiqadi. Ayni holat tashqi qiyofa aldamchi ekanini, odamzodning surati har doim ham ichki olami bilan uyg‘un bo‘lavermasligini ko‘rsatadi. Inson ko‘rkam deb o‘ylagani aksar ma’nan ko‘r va kam bo‘lib chiqishi, xushqomatlik xushaxloqlikni, savlat deganlari ruhiyat salomat ekanini bildirmasligi, zohirdagi kamtaru kamsuqum bo‘lib ko‘rinish ko‘pincha botinga muvofiq kelmasligi haqida, odatda, kamroq fikrlaydi. Yozuvchining mahorati shundaki, bu haqda biror so‘z demaydi. Hammasini qahramonlar xarakteri, harakati va nutqi orqali o‘quvchi ko‘z o‘ngida obrazli namoyon etadi. Zero, haqiqiy ijodkorning ijodkorligi shundaki, u aytmasdan aytadi, bir so‘z demasdan bor haqiqatni, butun mohiyatni anglata oladi. Xayriddin Sulton ana shunday adib.
Sevikli qizini ishonib topshirgan nusxaning bunday qabohatiga guvoh bo‘lgan pok insonning dardu iztirobga to‘la holatini, anduh qa’ridagi ruhiyatini yozuvchi qahramonning o‘z tilidan nihoyatda ishonarli tasvirlaydi: «Vijillagan qon tovonimning uchidan boshlab tepaga ko‘tarilayotganini, miyamga borib urilganini, chakka tomirim hozir yorilib ketishini sezib-bilib turibman. Qulog‘im chippa bitib, ko‘z oldim qorong‘ilasha boshladi». Lekin hikoyaning bosh qahramoni shunday insonki, u faqat o‘zinigina o‘ylay olmaydi.
Yozuvchi qahramonning ushbu mushkul vaziyatdagi kechinmalarini mahorat bilan tasvirlaydi. Natijada o‘quvchi ham Muhammadkamol bilan birga iztirob chekadi, o‘zini unga hamdard sezadi. Bu hol adibning badiiy ijodga xos psixoanaliz va mantiqiy dalillash usulini san’atkorona qo‘llay olgani natijasidir. Hikoya davomida xarakteri tadrijiy ravishda yoritib borilgan bosh qahramon xudbinlikdan yiroq shaxs. O‘zi ana shunday og‘ir ahvolda bo‘lishiga qaramay, uning xayolida uch yuz yo‘lovchining qismati va qadrdon samolyoti: «Endi shu tobda miyamga qon quyilibmi, yuragim yorilibmi ketsa, – deya anduh chekadi Muhammadkamol. – o‘n bir ming metr balandlikda, soatiga sakkiz yuz kilometr tezlikda uchib ketayotgan, bortida uch yuzga yaqin odam bo‘lgan bahaybat samolyot uchuvchisiz qolsa....».
U hatto avariya eshigini ochib, ikki nahs bosganni samolyotdan uloqtirish fikriga ham keladi. O‘z-o‘zi bilan kurash boshlanadi. Ana shu mushkul vaziyatda haqiqiy qahramon ekanini yana bir karra namoyon etadi: qalbini o‘rtagan anduhni, ich-ichini kemirayotgan hissiyotlarini yenga oladi. Faqat yernigina emas, osmonni ham bulg‘agan nojinslarga bo‘lgan nafrat tuyg‘usi ustidan g‘alaba qilib, mana bunday qarorga keladi: «Qop-qora bepoyon osmonga tikilib uzoq o‘yladim. Endi men hamma narsani, avvalo, yurak-bag‘rimni kuydirayotgan alam, qasos tuyg‘usini unutishim kerak! Unutishga majburman!» Chindan ham, u alam va qasos tuyg‘usini unutishni uddaladi. Odamlar va ikki nojinsning ham hayotini saqlab qoldi.
O‘zaro suhbatda do‘sti unga haqiqiy ikki karra qahramon ekanini aytganda, uchuvchilarga xos rus tilida:
– Da pojaluy, – dedi xo‘rsinib, – no vtoroy raz posmertno!
Haqiqatan, farzandi qatorida ko‘rib, mehr berib yurgan kishisining nopok qilmishiga guvoh bo‘lgach, Muhammadkamol singari pok insonning oq ko‘ngli sindi. Do‘sti ikkinchi qahramonlik deb atagan nihoyatda murakkab vaziyatdagi sabotni «posmertno» – o‘limdan keyin deb atashi uning bu voqeani cho‘ng fojia o‘laroq qabul etgani isbotidir. Shunday holatda ham g‘azabini bosa olish, qalbidagi qasos o‘tini o‘chira bilish hammaning ham haddi emasligi ayon. Bu hol ikki karra qahramonning chinakam sabot egasi ekani isbotidir.
Kichik bir hikoyada xalqimiz dunyoqarashining asosi sanalgan halol va harom tushunchalari bilan bog‘liq murakkab voqelik, qahramonlarning ruhiy kechinmalari bunchalik mahorat bilan tasvirlangani yuksak ijodiy salohiyat hosilasidir.
Osmoni falaklar yoki zaminda joni halaklar
Adabiyot voqelikka o‘z o‘lchovlari asosida yondashadi. Ijodkor hayot hodisalarini qanday bo‘lsa, aynan shunday emas, estetik idealiga monand tasvirlaydi. Xayriddin Sultonning «Osmoni falaklarda» deb nomlangan hikoyasi kasbi osmon bilan bog‘liq insonlarning zamindagi hayoti butun murakkabligi bilan tasvirlangani jihatidan alohida ahamiyatga ega. Hikoya Bobomuhammadrahim Badalov sarguzashtlari bilan boshlansa ham, bosh qahramon – Rashod Shamshetov.
Asarda «Osmoni falaklarda» kitobidagi har uch hikoyaning bosh mavzusi – halol va harom tushunchalarining millat hayotidagi o‘rni bilan bir qatorda o‘zbek xarakteri va milliy til qismati bilan bog‘liq talqinlar ham o‘rin olgan. Hikoyada badiiy zamon o‘laroq sobiq sovetlar davlati tugagan dastlabki davr voqeligi tanlangan. Kiyev fuqaro aviatsiyasi institutini tamomlab ish uchun Estoniyaga yo‘llanma olgan Badalov timsolida o‘quvchi o‘sha zamondagi «sovet nuqsi deyarli urmagan», naqd yetmish olti xil lavozimga, hatto santexniklikka ham faqat estoniyaliklar qabul qilinadigan, ishga kirish uchun eston tili va mamlakat Konstitutsiyasidan imtihon olinadigan Estoniyadagi, shu bilan birga, bu mamlakatdan tubdan farq qiluvchi – havo yo‘llari idorasida ish rus tilida yuritiladigan, o‘zbek tilida ariza qabul qilinmaydigan O‘zbekistondagi vaziyat haqida ham tasavvur ola biladi.
Bosh qahramon Shamshetov nomi ham ilk bor Estoniya poytaxti Tallinda tilga olinadi. Aviatsiya departamenti xodimi Aksel Karlovich unga O‘zbekistonga borishni, o‘zi birga o‘qib, aviapolkda birga xizmat qilgan do‘sti, «o‘nta boshliqdan ham obro‘si kuchli» Shamshetovga uchrashni maslahat beradi. Toshkentga kelgan Badalov uchun, tabiiyki, goh London, goh Dubay va goh Parijga uchadigan tutqich bermas «Boing-767» ekipaji komandiriga uchrash oson kechmaydi. Aksel Karlovichning salomini yetkazganda, o‘zbek tilida arang so‘zlaydigan Shamshetovning ham qalbida millatsevarlik ruhi so‘nmagani ayon bo‘ladi:
– Kim? Kim deding? Aksel?... Qanaqasiga... u axir tug‘ilgandan beri Aleksey, Lyoxa edi-ku, endi Aksel bo‘lib olibdilarmi? Vo xumpar, vo, xameleon! – U oyog‘ini uzatib, o‘rindiqqa yastanib oldi. – Lekin mana shu pribaltlar bor-ku. Tan olish kerak, yomon ham yurtiga sadoqatli, millatchi bo‘ladi-da. Sovet qirq yil qozonida qaynatsa ham, ularning qonini o‘zinikiga qo‘sha olmadi...
Shamshetov garchi davlat tili maqomi berilgan bo‘lsa ham, o‘zbek tilining o‘sha kezdagi achinarli ahvolini yurakdan his etadi, ona tili uchun kuyinadi, millatining qaddi ham, qadri ham baland bo‘lishini istaydi. «Xohlasang, sen bilan o‘zbekcha – gosyazikda gaplashishga ham tayyorman, – deydi u Badalov bilan suhbatda. – Ammo bu sho‘ring qurg‘ur tilning shuncha xo‘rlangani kammi o‘zi, endi men ham qo‘shilib, abjag‘ini chiqarmasam, deb o‘ylayman-da, bildingmi?» Bu so‘zlar aslida ruscha tarbiya ko‘rgan, o‘sha muhitda ulg‘aygan, fikri teran o‘zbek farzandining qalbidan chiqqani e’tiborga olinsa, adib ushbu obraz zamiriga nechog‘liq katta ma’no yuklagani ayon bo‘ladi.
Hikoyaning bosh g‘oyasi talqiniga ikki qahramon suhbati asosida kiriladi. Shamshetov Badalovga aytadi:
– Xo‘sh, endi bo‘ladigan gapga o‘taylik. Qancha soqqang bor?
Badalovning anqayib turganini ko‘rib, barmoqlarini shaqillatishga tushdi:
– Bablo, mani?
– Pulmi, pul yo‘q menda.
– Puling bo‘lmasa, shahri azimda pishirib qo‘yibdimi senga? Hozir nainki Moskva, balki Toshkent ham ko‘zyoshiga ishonmaydi, bildingmi? A, bu qishlog‘ingdagi ho‘kiz-po‘kizni sotib, soqqasini belingga boylab kelmabsan-da, xo‘roz?...
– Nahotki aviatsiyaga pora berib ishga kirsa?
– Ha, ashula aytib kiradimi bo‘lmasa?
Tabiiyki, Shamshetovday halol-pok odam bu so‘zlarni sherigini sinash uchun atay aytgan edi. Pora olish uning hatto yetti uxlab tushiga ham kirmagan. Badalov ham bunday qing‘ir yo‘l bilan ishga kirishni tasavvuriga keltira olmaydi. Undan ko‘ra hatto sevimli kasbidan kechishga ham tayyor. Yozuvchi ana shu suhbat zamirida o‘sha kezlari jamiyatda, hatto aviatsiya tizimida ham shunday illat urchiganiga, lekin nafs o‘pqoniga tushmagan Shamshetov kabi vijdonli insonlar o‘zini bundan saqlay olganiga ishora qiladi. Qo‘lini qo‘ltig‘iga urib, qishlog‘iga qaytmoqchi bo‘lgan Badalovga qarata uning tilidan aytilgan mana bu so‘zlar ham ushbu fikrni tasdiqlaydi:
– To‘xta, shoshma, ey jinni! Seni sinashga aytgan edim. Lekin shilting-pilting qilganingda, naqd betingga tupurardim. Yomon bolaga o‘xshamaysan. Bilib qo‘y, bunaqang‘i qing‘ir ishlarni yer ko‘tarsa ko‘tarar, ammo osmon ko‘tarmaydi. Osmon haromni ham, haromini ham qabul qilmaydi, uqdingmi? (Ta’kid bizniki – N.J.).
Hayotning achchiq-chuchugini ko‘rgan, adolatsizlikka, haqsizlikka ko‘p bora duch kelgan, haq so‘zni aytgani uchun aksar jabr chekkan, lekin haqiqat yo‘lidan qaytmagan insonlar o‘zlariga yo‘ldosh bo‘lmoq istaganlarni, albatta, sinab ko‘radi. Chunki yo‘ldoshi egriqadam, haromdan hazar qilmaydigan bo‘lsa, uning kasofati urishidan qo‘rqadi. Hikoyadagi Shamshetov – ana shunday insonlarning umumlashma obrazi. U shunday insonki, ishi osmoni falaklar bilan bog‘liq bo‘lgani kabi insoniylik sha’nini ham osmon qadar yuksaklikda saqlay bilgan. Shuning uchun ham u: «Bilib qo‘y, bunaqang‘i qing‘ir ishlarni yer ko‘tarsa ko‘tarar, ammo osmon ko‘tarmaydi. Osmon haromni ham, haromini ham qabul qilmaydi, uqdingmi?» – deyishga to‘liq haqli. Hikoya qahramonining halol va haromga munosabati, aslida, u mansub millatning tiynati, tabiati bilan bog‘liq. Halollik inson sharafini osmonga yuksaltirsa, harom uning sha’nini yer qa’riga tushirishiga ishora bor bu so‘zlarda.
Asarning yana bir qahramoni – Eshbekov ham asli uchuvchi. Shamshetov ta’biri bilan aytganda, u: «Uchuvchi sifatida tengi yo‘q, as... Qohiraga uchganda «Tushka»ning shassisi umuman ochilmay qolgan, lekin... samolyotni beshikast qo‘ndirgan. Bu to‘g‘rida hatto xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti ham yozgan».
Xayriddin Sulton inson psixologiyasini teran anglaydi. Nainki anglaydi, uni badiiy asarda mahorat bilan tasvirlaydi. Inson – unutuvchi va adashuvchi. U o‘z sohasini mukammal egallashi, ulkan yutuqlarga erishishi mumkin, biroq hayotning sinovli so‘qmoqlarida aksar adashadi. Qiyinchiliklarni yengib o‘tishi mumkin, lekin yutuqlar oldida ko‘pincha esankirab qoladi. Hirsu havas, nafsu havo o‘pqoniga tushsa bormi, uni qutqarmoq mahol. Ana shu hayotiy haqiqatlar hikoyada qahramonlar nutqi, harakati, o‘y-kechinmalari, qayg‘u-alamlari orqali mahorat bilan tasvirlanadi. Eshbekovning aviakompaniya rahbari bo‘lgandan keyingi holati ham ushbu fikrni tasdiqlaydi. Uning achinarli ahvoli Badalov bilan suhbatda Shamshetov tilidan mana bunday ifodalanadi: «...mansabga, soqqaga berilib ketdi bechora... Oshnasi – amaldoru boylar, ko‘cha, qayoqdagi qasang‘ilar. Faqat shular bilan achomlashib, o‘pishib ko‘rishadi... Vazirmi shu? Aviakompaniya bilan bir tiyinlik ishi yo‘q, faqat ikkita kattakonning ko‘nglini olsa, bas. Achinaman, rahmim keladi – osmonni ko‘rmay qoldi sho‘rlik».
Katta aviakompaniya rahbariga nisbatan «sho‘rlik» epitetining qo‘llanishi uning o‘z kasbidan – ildizidan, odamiylik qiyofasidan ayrilib qolganiga nisbatan berilgan haqqoniy baho. Yer yuzidagi insonlarni ikki toifaga: uchuvchilar va boshqa hamma insonlarga bo‘luvchi Shamshetov nazdida, uchuvchi uchun «osmonni ko‘rmay qolish» – fojia.
Shamshetov – halol va haqiqatparast insonlarning umumlashma obrazi. Yuqorida zikr etilgan tanqidiy fikrlarni u boshqalar bilan suhbatlardagina emas, Eshbekov qatnashadigan umumiy majlislarda ham uning betiga shartta-shartta aytadi, aytganda ham, yozuvchi ta’biri bo‘yicha: «...tiliga qalampir surtib, ustiga yantoq bog‘lab» gapira oladi.
E’tiborli jihati, bunday dangallik tagida zig‘ircha ham shaxsiy manfaat yotmaydi. Uning haqiqatparastligi Eshbekovga bo‘lgan shaxsiy g‘araz yoki manfaat talashuvdek tubanlikdan xoli: samimiy va dangal. Shuning uchun ham Eshbekov ishdan olinganda bolalab ketgan mish-mishlar, gumonu taxminlar uni zarracha ham qiziqtirmaydi. Eshbekovning qo‘shni davlat poytaxtidagi xalqaro aeroport direktori etib tayinlanganiyu olti oydan keyin «Ishdan olinibdi» degan shovur-shuvur tarqaganda ham bunga munosabat bildirishni lozim ko‘rmaydi. Faqat o‘sha kezdagi suhbatlaridan birida Badalovga: «Bir lyotchik dunyoga keldiyu ketdi» deb qo‘yadi, xolos. Bu so‘z zamirida umrini hoyu havasga sovurgan Eshbekov holatiga achinish tuyg‘usi bilan birga uning chinakam mahoratli uchuvchi bo‘lganining e’tirofi ham mujassam.
Hikoyaning yana bir yutug‘i, Shamshetovning murakkab xarakteri va sobit qarashlari yorqin va betakror tasvirlangani bilan bog‘liq. Badalov bilan Shamshetov navbatdagi xalqaro reys bo‘yicha Toshkentga uchishga tayyorgarlik ko‘rar ekan, ekstradatsiya qilingan bir shaxs konvoy hamrohligida ularning samolyotida uchishi haqida maxfiy xabar keladi. Hikoyada jinoyatchining olib kelinish holati mana bunday tasvirlangan: «Nihoyat, so‘nggi daqiqada uchish maydoniga ikkita bahaybat qora «jip» o‘qday uchib kirib keldi va shundoq orqa trap oldida to‘xtadi. Mashinalar eshigi shitob bilan ochilib, kamuflyaj formali, yuz-ko‘ziga qop-qora niqob taqib olgan olti nafar devdek avtomatchi yigit bilan fuqaro kiyimidagi ikki norg‘ul kishi sakrab tushdi. Ularning qurshovida, ne ko‘z bilan ko‘rsinlarki, kishanband, boshi egik Eshbekov oqsoqlanib kelardi».
Yozuvchi ana shu o‘rinda Shamshetov xarakteridagi sabotni, uning hayotiy prinsipiga xos qat’iyatni ishonarli tasvirlaydi. «Maska-shou» guruhi tomon borib, masalaga oydinlik kiritgach, u Eshbekov qo‘lidagi kishanni yechishni talab qiladi va aks holda uchmasligini bildiradi. Shamshetov bilan guruh rahbari podpolkovnik Ahmedov o‘rtasida shunday muloqot kechadi:
– Komandir, hushingni yig‘! – deb pishqirdi Ahmedov. – O‘t bilan o‘ynashma! Tribunalga ketasan, bildingmi?
– Mayli, – dedi Shamshetov. – lekin mening samolyotimda uchuvchining qo‘liga kishan solishga yo‘l qo‘ymayman.
Rangi-quti o‘chib, qo‘rqib ketgan Eshbekov jon holatda:
– Shamshetov, kerakmas, bas qil... – deb shivirladi.
– O‘rtoq podpolkovnik, - dedi Shamshetov uning gapini eshitmagandek, - o‘n minutdan keyin havo koridori yopiladi. Masalani hal qiling. Xohlasangiz, Toshkentdan ekipaj chaqirtiring. Yoki aeroport ma’muriyati bilan gaplashib, reysni kechiktiring.
– Ablah sabotajchi! Onangni ko‘rsataman hali! – Ahmedov bo‘ralab so‘kinishga tushdi. Ammo do‘q-po‘pisalarni zig‘ircha ham ta’sir qilmayotganini ko‘rib, elanishga o‘tdi. – Tushun axir, Shamshetov, menda buyruq bor!
– Sen ham meni tushun, menda vijdon bor!
Ushbu dialog hikoyaning kulminatsiyasi. Ayni shu dialogda o‘z kasbini muqaddas bilgan uchuvchining, parvoz tugagandan keyin o‘zini qanday taqdir kutishidan qat’i nazar, kasbiga va kasbdoshiga hurmatini saqlay olgan bosh qahramonning jasorati yuksak badiiyat bilan ifodalangan. Shamshetov qat’iy talab qilib, Eshbekov qo‘lidagi kishannni yechtiradi, «maska-shou» guruhi oldida hatto jinoyatchilikda ayblangan sobiq rahbaridan uchishga izn so‘rab, rasmiy murojaat qiladi. Parvoz davomida barchani hayratga solib, ikki barzangining o‘rtasida g‘ujanak bo‘lib o‘tirgan Eshbekovga birinchi razryad bo‘yicha alohida dasturxon tayyorlatib, shaxsan o‘zi olib boradi. Samolyot Toshkentga qo‘ngach, o‘ng qo‘lini furajka chetiga qo‘yib, sobiq vazirga havo kemasi parvozni muvaffaqiyatli amalga oshirgani haqida axborot beradi.
Adib hikoyada ushbu holatga Eshbekovning munosabatini quyidagicha ifodalaydi: «Eshbekov trapning oxirgi poyasiga qadam qo‘yar ekan, ko‘zlaridan yosh chiqib ketdi, ammo g‘iri-shira qorong‘ida buni hech kim ko‘rmadi.
– Rahmat, rahmat senga, Rashod... – deb shivirladi va konvoyning amriga bo‘ysunib, qora mashina tomon yo‘l oldi».
Adib so‘zni mahorat bilan qo‘llaydi. Masalan, birgina Eshbekovning ko‘zlaridan yosh chiqishi, «rahmat» kalimasini ikki marta takrorlashi zamirida uning qalbida kechgan to‘fonlar butun ko‘lami bilan ifodalangan. Shamshetovning, ehtimol, boshqa hech kimning qo‘lidan kelmaydigan mardligi, saboti oldida bosh egganini ham bildiradi ushbu so‘z takrori.
Tabiiyki, bu «demarsh»i uchun Shamshetov ma’lum muddat tergovga qatnadi, ishi yopiq sudda qo‘rildi. Lekin hukumatga «o‘tkazib qo‘ygan» joyi borligi, yadro bombalarini Semipalatinskdagi poligonlarga yetkazib berishda alohida xizmat ko‘rsatgan harbiy uchuvchini – o‘ta maxfiy davlat sirini biladigan shaxsni nainki qamash, hatto unga nisbatan biron-bir chora ko‘rish mumkin emasligi ma’lum bo‘ladi. O‘n yillik qamoq jazosiga hukm qilingan Eshbekov esa turma kasalxonasida vafot etadi.
Shu bo‘yi qayerdaligi noma’lum Shamshetov oradan bir yarim yillar o‘tgach, Badalovga telefon qiladi. Global isish oqibatida Shimoliy qutbdagi muzliklar erishi munosabati bilan BMT bir dastur tuzib, uchuvchilarni yollayotganini aytib, qutblarga maza qilib birga uchishni taklif etadi. Ipoteka kreditiga yangi uy olgan, ikkinchi o‘g‘il farzandining tug‘ilishini kutayotgan Badalov bu taklifni qabul qila olmasligini bildiradi. Ularning hayajonli xayrlashuv dialogi ham Shamshetovning hech kimga o‘xshamagan nodir shaxs ekanini ko‘rsatadi. Shundan keyin hamkasblari o‘rtasida uning keyingi taqdiri haqida turli taxminu gumonlar tarqaladi. Hikoya: «Ammo Badalov bu gaplarning birontasiga ishonmadi.... Qadrdon komandiri qayerdadir osmoni falaklarni to‘ldirib, mag‘rur parvoz qilib yurganiga imoni komil edi», degan so‘zlar bilan yakunlanadi.
Umuman, uchuvchilar hayotiga bag‘ishlangan ushbu hikoya, O‘zbekiston Xalq yozuvchisi Erkin A’zam ta’biri bilan aytganda: «Mavzu jihatidan ham, voqelikka dadil yondashuv va shaklu ifoda jihatidan ham tamomila yangi, ohorli asar»dir. Bunga qo‘shimcha qilib, hikoyaning uslubi original, qahramonlar xarakteri va ruhiyati talqini to‘kis, obrazlari yorqin va hayotiy ekanini ta’kidlash kerak. Hikoya kasbi osmon bilan bog‘liq odamlar yelkalarida zaminning ham og‘ir yuklarini ortmoqlab yurishi haqidagi teran hayot falsafasi betakror tasvirlangani bilan ham alohida ahamiyatga ega. Asardagi Shamshetov obrazi, xarakterining o‘ziga xos ohorli ekani talqiniga ko‘ra ham, zimmasiga yuklatilgan vazifaning ko‘lami va miqyosi nuqtai nazaridan ham, tasvir usulining individualligi va badiiy jozibasi bilan ham mukammal tasvirlangan. Shunga ko‘ra, ushbu hikoya zamonaviy o‘zbek nasrining cho‘ng yutug‘i sifatida e’tirof etilmog‘i zarur.
«Bir kishilik aviahalokat» siri
«Osmoni falaklarda» kitobidan o‘rin olgan uchinchi hikoya ham ohorli kompozitsiyasi va syujeti, ko‘pqatlamli obrazli tasvirning adib ijod konsepsiyasini to‘kis ifodalashga xizmat qilgani bilan xarakterlanadi.
Hikoya samolyot eson-omon havoga ko‘tarilgani, styuardessaning bu haqdagi hissiz e’loni hamda Iskandarning kabinadagi o‘rindiqqa og‘ir cho‘kkani tasviri bilan boshlanadi. Garchi aerodinamika qoidalarini suv qilib ichgan bo‘lsa ham, mana shu bahaybat, tog‘dek ulkan temir mavjudotning tonna-tonna yuk bilan qanday qilib yerdan uzilib, osmoni falakka erkin qushdek parvoz qilishini omi bir kimsa kabi aqlig‘a sig‘dirolmagan, inson tafakkurining bu beqiyos mo‘’jizasiga boqib, qalbida hayrat va g‘urur tuygan Iskandar bu safar chap ko‘kragidagi simillagan og‘riqdan boshqa narsani sezmagani ifodasi bosh qahramonning og‘ir ruhiy zarbaga uchraganidan dalolat beradi.
Xayriddin Sulton so‘zni inja his etib, san’atkorona qo‘llaydigan, badiiy so‘z zimmasiga hayot falsafasini mahorat bilan joylay biladigan ijodkor. «Bir kishilik aviahalokat» hikoyasida ushbu xususiyat, ayniqsa, yaqqolroq namoyon bo‘lgan. «U Sadafdan o‘lmay turib ayrilgan edi» – shu birgina gap butun hikoya uchun ochqich vazifasini o‘taydi. Sevgan kishisidan o‘lmay turib ayrilish, odatda, faqat bir holatda – xiyonat sababli yuz berishi mumkin. Bu esa adibning fikrlaydigan o‘quvchiga asar boshidanoq ishora berganini ko‘rsatadi. Hikoya roviysi – muallif shundan so‘ng bosh qahramonning ko‘rgan-kechirganlari talqiniga o‘tadi.
Yozuvchi personajlar portretini mahorat bilan tasvirlaydi. Iskandarning ingliz tili repetitori bo‘lgan Sadaf bilan aviatsiya litseyining uchinchi bosqichiga o‘tganda internetdagi e’lon orqali tanishgani hikoya qilinar ekan, qizni: «Qalin quyuq sochlari kalta qilib kesilgan, tim qora, fatton ko‘zlari kishiga kulib boqsa-da, tili zahargina bu qamarsiymo asli vodiylik, jahon tillari dorilfununini bitirgan, qariqizlikka ishonchli nomzod yoshida edi», deya ta’riflaydi. Ko‘zlari fatton – ko‘rgan odamning qalbiga fitna soladigan tarzida tasvirlanishi, tili zahargina ekani ifodasi orqali ijodkor Sadafning tabiati haqida ham tasavvur uyg‘otadi. «Qariqizlikka ishonchli nomzod yoshida edi», birinchi uchrashuvdanoq qizning «biroz bo‘g‘iq, shu sabab mahramona tuyuladigan ovozi uni (Iskandarni – N.J.) tamom dovdiratib qo‘ygan edi» jumlalari, «Ekzyuperini o‘qiganmisiz?» – degan savoliga javoban Iskandarning tutilib qolishi zamirida ham o‘quvchiga zarur ishoralar berilgan. Iskandarga ingliz tilini o‘rgatar ekan, chegarada sergak turgan soqchidek biron harf yoki tovushda xato qilishga yo‘l qo‘ymasligi, ostonasida navbat kutib turgan tiltalabgorlarining birontasi mashg‘ulotga loaqal besh daqiqa kechiksa, jarima jazosi o‘laroq darsdan mahrum etilib, oldindan to‘langan saboq puli qaytarilmasligi, semirib ketmaslik uchun tushlik qilmay, bir finjon qahva bilan kifoyalanishi kabi xususiyatlari Sadafning xarakterini chuqurroq anglash imkonini yaratadi.
Haqiqiy yozuvchi asardagi har bir so‘z, jumla, obraz va tasvirni o‘z ijod konsepsiyasiga bo‘ysundiradi. Natijada qahramonlarning har bir harakati va nutqi ham ijodkor qarashlarini ifodalashga xizmat ettiriladi. Xayriddin Sulton Sadafning ingliz tiliga doir fikrlari misolida ona tiliga munosabat aslida qanday bo‘lishi zarurligi bilan bog‘liq o‘z nuqtai nazarini bildiradi.
Iskandar: «Bularning yozgani bilan o‘qiydigani bir-biriga umuman to‘g‘ri kelmaydi-ku!» – deya e’tiroz bildirganda, Sadaf: «Inglizlarning buyukligi ham, zo‘rligi ham konservatorligida, - deb izoh beradi. – Sen aytayotgan shu kamchiliklarni, nima, o‘ylaysanki, ular o‘zi bilmaydimi? Biladi, albatta. Lekin avlodlar o‘rtasida uzilish bo‘lmasin deb buni tuzatmaydi. Shuning uchun bugungi ingliz o‘ninchi asr tarixiy xronikalarini ham bemalol o‘qib tushunadi. Sen, masalan, Navoiyning yozganlarini tushunasanmi?» Ayonki, muallif birgina shu nutq orqali millatimizning til taqdiri, Navoiyni anglash zarurati bilan bog‘liq armonlarini ifoda etayotir.
Adabiyot – milliy hodisa. U o‘zida millatning xarakteri va ruhiyatini, an’ana va qadriyatlarini, orzulari va armonlarini aks ettiradi. Xayriddin Sultonning ushbu hikoyasi ayni xususiyatlar betakror badiiy talqin etilgani jihatidan ham qimmatlidir. Iskandar Rigada oxirgi kirish imtihonini topshirayotgan kezda Sadafning onasi vafot etganini eshitib, SMS-ta’ziyanoma yuboradi. «Tashakkur. Yetim bo‘lib qoldim, my friend...» tarzida qisqa javob oladi. Keyin Iskandar o‘qishga kirgani munosabati bilan muallimasi tabrik yo‘llaydi. Shu tariqa uch yarim yil Riga va Toshkent o‘rtasida yozishuv kechadi. Sadafning «Kichkina shahzodam!» deya boshlanib, «Qirgulida o‘sgan qarigul» degan imzo bilan yakunlangan maktublari qochirimlarga to‘la bo‘lib, har biri til, tarix, falsafa, san’at va hayot ilmi bo‘yicha go‘yoki o‘ziga xos mo‘’jaz qomus ekani uning bilimdonligini ko‘rsatadi. Lekin bilim hamma narsa degani emas-da... Kishi nechog‘liq bilimli bo‘lmasin, milliy ruhni boy berishi – fojia. Yozuvchi ana shunga urg‘u beradi. Iskandar avvaliga xatni «Sadaf Murodovna» deb rasmiy ohangda bitgan bo‘lsa, keyinchalik «Sadafxonim», jo‘yali e’tiroz bildirilmagach, «Azizam Sadaf» shaklida yoza boshlaydi. Adib ushbu xatlar rus tilida ekaniga e’tibor qaratib, roviy nutqi orqali kinoyaviy usulda mana bunday munosabat bildiradi: «Agar nomalarni o‘zbekchada yozsa, bu gaplarni aytishga balki iymangan bo‘lardi, ammo «ulug‘ va qudratli» rus tili bunga to‘la imkon berardi». Ana shu o‘rinda har ikki qahramonning milliy ruhdan begonalashuviga haqqoniy munosabat aks etgani kuzatiladi.
Sevgining ko‘zi ko‘r bo‘ladi, deganlaridek, Sadafga oshiqi beqaror bo‘lib qolgan Iskandarga uning xatolari ham fazilat bo‘lib tuyuladi. Muallimasining to‘satdan bedarak yo‘qolib, Bishkekdagi mehmonxonada ishlagani, Qirg‘izistonga uchib borishga ham tayyor ekanini bildirganda: «Ehtiyot bo‘l, mimino, qanoting sinib qolmasin» degan kinoyali javobi, keyin esa erga tegayotganini bildirib, xat yozmaslik va telefon qilmaslikni so‘rashi, aslida, Iskandarga hushyor tortishi uchun signallar edi. Hech bo‘lmasa, mas’uma Yaxshigulga uylangach, o‘zbekning tiynatiga xos tarzda hayotini oilasiga bag‘ishlasa, baxtli bo‘lishi ham mumkin edi.
Adib roviy nutqi orqali «saodatsiz bir ayyomda Sadaf yana yo‘lida paydo bo‘ldi», deb yozar ekan, Iskandarning yuqoridagi signallardan hushyor tortmaganiga ishora qiladi. Shu kundan e’tiboran bosh qahramon hayotiga «harom» kirib keladi va pinhoniy ishqiy roman boshlanadi. Ishqning ushbu tuban turiga hazrat Navoiy «Mahbub ul-qulub»da mana bunday munosabat bildiradi: «...pastroq martabasida (nikohdan tashqari holatda – N.J.) parishonliq va mushavvashliqlar (tashvish, besaranjomlik – N.J.) va besomonliq (sarosima, gangish - N.J.) va noxushliqlariki, zikri tarki adabdur va bayoni behijobliqqa sabab».
Ahamiyatli jihati, Xayriddin Sulton buyuk mutafakkir bobomiz ogohlantirgan ana shu xususiyatni e’tiborga oladi, oshiq-ma’shuqalar munosabatlarini tasvirlashda me’yorni saqlaydi. Ushbu fazilat bugungi kunda o‘quvchilarini ko‘paytirish maqsadida pardasiz lavhalar tasviriga urg‘u barayotgan ayrim qalamkashlarga saboq bo‘lmog‘i zarur.
Hikoyada talqin etilishicha, xufya uchrashuvlarga qatnar ekan, Iskandarning uydagilarga bahonasi tayyor – aviaminorada navbatdan tashqari navbatchilik. Tabiiyki, bunday munosabatlar hech qachon xayrli yakun topmaydi. Aeroportning tibbiy ko‘rigiga ishonmagan Sadaf mahbubining qon bosimiyu haroratini har gal qayta-qayta o‘lchab, kitelining ko‘krak cho‘ntagini turli dori-darmonlar bilan to‘ldirar ekan, Iskandarning: «Qo‘rqma, bizni osmon emas, yer o‘ldiradi» degan gapi farishtalarning «omin»i bilan uyg‘un keladi. Xayrsiz tunlardan birida u Aviasozlar mavzeidan «yevroremont»i va mebelu jihozlari bilan sovg‘a qilgani ikki xonali kvartirada «ma’shuqa»sini o‘z to‘shagida bir tepakal bilan topganda, ma’nan o‘ladi.
Odamzod aksar hollarda muayyan hodisadan ta’sirlanadi, g‘azabga keladi. Lekin bunga o‘zidan o‘tgan xatolar sabab bo‘lgani haqida ko‘p ham o‘ylab o‘tirmaydi. Adib Iskandarning ushbu holatini: «...xiyonatning javobi xiyonat ekani xayoliga kelmas edi», deya izohlar ekan, ayni shuni nazarda tutadi. Shu ahvolda samolyot kabinasiga o‘tirgan yigirma to‘qqizga qadam qo‘yayotgan bu azamat kema sardori yurak xurujidan vafot etadi.
Hikoya quyidagi so‘zlar bilan xotimalangan: «Toshkent eyrveys» kompaniyasining quyidagi Toshkent – Astana yo‘nalishi bo‘yicha 1386-reys bilan parvoz qilayotgan «Eyrbas-320» samolyoti aviahalokatga uchragani, halokat natijasida bir kishi qurbon bo‘lganini bir yuzu yetmish sakkizta yo‘lovchidan birontasi sezmadi».
Alqissa, yozuvchi ushbu hikoya orqali insonning najoti halollikda ekanidan, «harom»ga asoslangan hayotning oxiri yerda ham, osmonda ham halokatga bois bo‘lishidan ogohlantiradi. Buni hikoya qahramonlarining yashash tarzi, dunyoqarashi va ma’naviy-ruhiy olami orqali badiiy lavhalarda tasvirlaydi. Asardan ko‘zlangan badiiy-estetik, ma’naviy-axloqiy g‘oyani o‘quvchi qalbi va ruhiga ko‘chira oladi.
«Halolning boshi qilday bo‘lsa ham, tomiri tog‘day. Shuning uchun unga zarar yetkazib bo‘lmaydi. Haromning esa boshi tog‘day bo‘lsa ham, tomiri qilday. Tashqaridan qanchalik haybatli ko‘rinmasin, tomiri uzilib ketganini o‘zi ham bilmay qoladi» – «Osmoni falaklarda» kitobini o‘qib, otamning ana shu bebaho o‘giti nechog‘liq teran hayotiy asosga ega ekaniga yana bir karra amin bo‘ldim.
Aslida, halollikning inson kamoliga, haromning esa shaxs zavoliga bois bo‘lishi Xayriddin Sulton nasrining konseptual asosini tashkil etadi. Yozuvchiga katta shuhrat keltirgan «Saodat sohili» qissasi qahramonlari Zahiriddin Bobur va Hofiz Ko‘ykiy, «Ko‘ngil ozodadur» asaridagi Gulxaniy, G‘ulom va Rahmon bobo, «Yozning yolg‘iz yodgori»dagi Adash karvon obrazlari halollik va poklik, iymon-e’tiqod va haqparastlik, din-diyonat va komil axloq timsoli sifatida ayni shu konsepsiyani ifodalagani o‘quvchiga ayon.
«Osmoni falaklarda» kitobidan o‘rin olgan uch hikoya yozuvchi ijodiy imkoniyatlari sarhadi benihoya keng va miqyosi baland ekanini, uning ijodkor sifatidagi mezoni haq va haqqoniyat, halollik va adolat, ma’rifat va jasorat singari inson kamoloti va jamiyat ma’naviyati yuksalishining manbai bo‘lgan tushunchalarga tayanishini isbot etadi. Ushbu hikoyalar ayni jihatlari bilan bugungi nasrimizning ulkan yutug‘i sifatida baholanishga loyiqdir.
Nurboy Jabborov,
filologiya fanlari doktori, professor
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter