Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Hammasi Prezident kelib-ketgunichami?» — Farg‘onada tadbirkor ayol ko‘chaga haydalmoqda

«Hammasi Prezident kelib-ketgunichami?» — Farg‘onada tadbirkor ayol ko‘chaga haydalmoqda

Kutilmaganda yurishib ketgan ishlariga kutilmaganda tushov tushdi. Eng yomoni, kecha yordam qo‘lini uzatganlarning o‘zi bugun barchasiga to‘g‘anoq bo‘lishayotir.

Xullas, Farg‘onada ajab savdolar...

Pandemiya kuchayib, yo‘g‘on cho‘zilib, ingichka uzilishga tushayotgan paytda farg‘onalik Havasxon Aliverdiyeva xayrli ishga bel bog‘lagandi. O‘ziga o‘xshagan yolg‘iz va boquvchisi yo‘q ayollarni ishli qilish harakatiga tushganda yelkasiga qoqqanlar ham, kerakli yordamini ayamaganlar ham yetarlicha topildi. Natijada bankdan muammosiz kredit oldi, xat-hujjatlariga ham ko‘p yugurmadi. Yoshlar ittifoqining (tashkilot nomi o‘zgargan, yangisiga hali quloq «o‘rganib» ulgurmagani bois eskisi bilan yozib turaylik hozircha) Farg‘ona shahar bo‘limi raisi Ahadjon Akramovning ko‘magini-ku boshqalarniki bilan taqqoslab bo‘lmaydi hatto. Shahar yoshlari yetakchisi o‘z tashabbusi (!) bilan ayolga taklif bilan chiqdi: «Tikuvchilik sexi uchun tekinga joy bersak, nima deysiz?»

«Jon deyman-da!» — dedi Havasxon.

Rais gapining ustidan chiqdi: Yoshlar ittifoqining yangi ta’mirdan chiqqan binosi yerto‘la qismidan H. Aliverdiyevaning «Havas-A» xususiy korxonasiga joy ajratib berdi!

Ko‘makmi? Ko‘mak!

Savobmi? Shunisiga biroz shoshmay tursak. Negaki, savob-gunoh masalasida «fatvo» chiqarish bizgamas. Qolaversa, aytadigan bir-ikkita gaplar bor.

Mutasaddilarning hammasiyam xayrli ishi savobidan baraka ko‘tarilishiga andisha qilib, birovga bergan beg‘araz yordam-ko‘maklarini pinhon tutishni xohlashmaydi. Aksincha, bu haqda qo‘shib-chatib ijtimoiy tarmoq yoki ommaviy axborot vositalari orqali jar solishga ishtiyoqmandki, hammasidan «yuqori»ga hisobot berish muhim. Buni tushunish mumkin, albatta: talabga yarasha taklif shu-da. H. Aliverdiyevaga ko‘rsatilgan ko‘mak ham bundan mustasno bo‘lmadi. Darhol ijtimoiy tarmoqlar orqali xabarlar yoyildi: «...Farg‘onada xotin-qizlar bandligini ta’minlash masalasida Yoshlar ittifoqi Farg‘ona shahar kengashi yana bir tashabbusni amalga oshirdi. Kengash binosidan «Havas-A» xususiy korxonasiga maxsus xonalar bepul ajratib berildi. Bu orqali yana 4 ta ish o‘rni yaratildi...» Shu mazmundagi xabarlarga Farg‘ona shahar hokimi va prokurori yangi tikuv sexiga kelib, sharoitlar bilan tanishgani, pandemiya paytida xo‘b xayrli yumushga qo‘l urgan tadbirkor ayol bilan tushgan suratlari ilova qilindi... Ana e’tibor-u mana e’tibor! Ko‘zga chirt yosh keladi-yey...

Bunday e’tiborni hatto tushida ko‘rmagan H. Aliverdiyevaning ishtiyoqi chandon ortdi. O‘nta ish o‘rni yaratishni chamalagan ayol miqdorni o‘n yettitaga yetkazdi. O‘ttiz million so‘m kreditga to‘rtta tikuv mashinasi olgandi. Unga o‘zidagi bittaniyam qo‘shdi, kamiga qarz ko‘tarib, yana olti dona tikuv mashinasi keltirdi. Ishga qabul qilingan ayollar orasida birorta urug‘-aymog‘i yo‘q, hammasi bandlik markazida ro‘yxatga olingan («temir daftar»dagi oila vakillari, «o‘tirib chiqqan» ayollar va h.k.) xotin-qizlar deng... Xullas, Havasxonning qilgan ishi, yoshlar ittifoqi shahar kengashi ko‘rsatgan ko‘mak qancha-qancha hisobotlarni bezab, qancha-qancha axborotlarga mavzu bo‘lmadi, deysiz...

Bunday «urho-ur», «bo‘lho-bo‘l»lar bejiz emasligini sodda ayol sal keyinroq bildi. Nega desangiz, u ish boshlanishi mamlakat Prezidentining Farg‘onaga tashrifiga tayyorgarlik paytiga to‘g‘ri kelgan, ishlari baroridan kelayotganining sabab shunda ekan, sirasi! Rost-da, pandemiya bois odamlar qozonini suvga tashlayotgan paytda bitta ish o‘rni yarataman degan ayolning peshonasidan cho‘lpillatib o‘pilmaydimi? Agar u davlat rahbari tashrifi arafasida shunday yumush boshini tutib tursa-chi?! Shahar hokimiyu prokurori kelib, hol-ahvol so‘rashi va birga tushgan suratlari ijtimoiy saytu tarmoqlarda tarqatilishi besabab emas ekan, xullas!

Shu yilning 1-iyul kuni ish boshlagan «Havas-A» xususiy korxonasi 45 kun deganda faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘ldi: karantin! Mamlakatimizning barcha hududlari qatori Farg‘onada ham karantin qoidalari qaytadan joriy etildi.

U yog‘ini so‘rasangiz, karantin cheklovlari qayta joriy etilishi hamono H. Aliverdiyevaga haydalish kuyini chalish»ga ishoralar boshlandi. Bu ochiq-oshkora, hatto haqoratomuz ohanglarda yangraganiga nima deysiz?! Kim tomonidan? O‘z tashabbusi bilan ayolga joy berib, olqishu maqtovlarga ko‘milgan Yoshlar ittifoqi Farg‘ona shahar kengashi raisi tomonidan-da! Nega? Jiddiy sabab yo‘q, mayda-chuyda gap-so‘zlar bor, xolos. Nima bo‘lgandayam, ikki o‘rtada tuzilgan shartnomaga ko‘ra, «Havas-A» xususiy korxonasi kelasi yilning 1-iyunigacha joyidan jilmasligi kerak! Xususiy korxona «saxovatpesha»ga tirik tovon bo‘layotgandir-da, deyishga ham asos yo‘q: energiya resurslardan foylanish uchun alohida hisoblagich o‘tkazilgan, to‘lovlar ayolning gardanida!

Qandaydir jiddiy sabab bo‘lsa kerak baribir, dersiz? Ehtimol. Biroq hozircha yoshlar ittifoqi shahar kengashi tomonidan H. Aliverdiyevaga bir necha yuz dona futbolka va shapka (shahar yoshlari uchun tekin tarqatishga) tikib berish aytilgani-yu ayol bu iltimosni rad qilgani haqida gap-so‘zlar bor, xolos. Ayol «iltimos»ni to‘liq rad qilmagan, aytgancha. Faqat kerakli matoni olib kelib bering, mayli, mehnati bizdan, degan ekan ayol. «Mehnatiga qo‘shib, matosiyam o‘zingizdan bo‘lsa-chi?» degan uchirmaga H. Aliverdiyevaning: «Voy, akajon, ish boshlaganimizga bir oy bo‘lgani yo‘q hali, har oy qarzu kreditdan tashqari 17 nafar ayolning maoshi bor, yelkadan nafas olib turgan paytimizda qandoq homiy bo‘lishimiz mumkin?» mazmunidagi gaplari bino egalariga og‘ir botgan ko‘rinadi. Og‘ir botganiki, ayolning Biznes-ombudsman vakili va Oliy Majlis deputatiga murojaatlaridan naf chiqmadi, rais kimga murojaat qilmang, masala men bilan hal bo‘ladi, deya oyoq tirab turibdi. Ayolning yordam so‘rab qilgan murojaatiga shahar hokimi ham «masalani A. Akramov hal qiladi-da», deya quruq gap bilan javob qilgan bo‘lsa, prokurorniki hammasidan oshib tushdi: «...Shaharda nima ko‘p — sotiladigan binolar ko‘p, shulardan bittasini auksionda sotib oling, muammoingiz hal!» O‘ttiz million kredit, nasiyaga olgan oltita tikuv mashinasining oyma-oy to‘lovlaridan tashqari 17 nafar ishchining maoshidan beli chiqay deb turgan tadbirkorga auksiondan ob’yekt sotib olishni tavsiya qilish — xuddiki bozordagi aravakashga Dubayda hordiq chiqarishni maslahat berish bilan barobar emasmi?!

Qisqasi, ikki o‘rtada qanday nizo chiqqan bo‘lsin-bo‘lmasin, ayolga «haydalish kuyini» chalishga majbur qilinayotgani, mutasaddilarning masalaga bir qadar xotirjam va beparvo qarayotgani shundan dalolat beradi: davlat rahbari kelib-ketdi, kerakli hisobotu axborotlar topshirildi, keyingi tashrifgacha — Xudo poshsha!

Mana sizga ahvol!

...Kecha kechqurun duch kelgan muammodan yeru ko‘kka sig‘mayotgan Havasxon Aliverdiyeva yana sim qoqdi: «Aka-a-a, — dedi zorlanib boyoqish, — hozir menga aytishdi, agar dushanba kuni joyni bo‘shatmasam, tikuv mashinalarimni ko‘chaga uloqtirishar ekan?»

— Bunchalikka borishmas?

— Bilmasam...

— Uyalmasa, qilaversin...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring