Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hammasi «zamhokim»dan boshlangan ekan. Ortiqxo‘jayev kimlarga tahdid qilgani ma’lum bo‘ldi

Hammasi «zamhokim»dan boshlangan ekan. Ortiqxo‘jayev kimlarga tahdid qilgani ma’lum bo‘ldi

Foto: Vohapress.uz

Kechadan buyon Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning jurnalistlarni sharmanda qilish, hatto jismonan yo‘q qilib yuborishi mumkinligi muhrlangan audiosidan keng jamoatchilik larza kelib turibdi.

Bosh prokuratura bayonot berib, holat o‘rganilayotganini ma’lum qilganidan so‘ng hademay hokimning qahriga kimlar, qachon va nima uchun uchraganiga oydinlik kiritilishiga shubha qolmagan edi (amaldorga qanday chora ko‘rilishi — alohida va hozircha bashorat qilib bo‘lmaydigan mavzu). Biroq voqealar rivoji jamoatchilikni ko‘p kuttirmadi. Ayon bo‘ldiki, Ortiqxo‘jayevning «otashin nutqi» «Kun.uz» muxbirlariga qaratilgan ekan! Bu haqda saytning o‘zi ma’lum qilmoqda.

Saytning yozishicha, mazkur tahdid «...shahar hokimidan Olmazor tumani hokimining sobiq o‘rinbosari Abdurasul Vahobov bilan bog‘liq voqeaning ertasiga «Kun.uz» muxbirlari Rahmatilla Isroilov, Sherzod Egamberdiyev va Bahodir Ahmedov hokim qabulida bo‘lgan chog‘da yangragan. O‘sha kuni hokim Olmazor tumani hokimining endilikdagi sobiq o‘rinbosari A.Vahobov va muxbirlarni o‘z huzuriga chorlab, ularni yarashtirmoqchi, o‘rtadagi tushunmovchilikni hal qilmoqchi bo‘lgan. Ammo poytaxt rahbari tomonlarni murosaga keltira olmagach, jurnalistlarga tahdid qilishga o‘tadi. «Tahririyat hokim bilan uchrashuv vaqtidagi audioyozuvni Vahobov va «Kun.uz» o‘rtasidagi nizoli vaziyat qasd olishga aylanib ketmasligi hamda shahar hokimining obro‘-e’tiboriga putur yetkazmaslik uchun ommaga oshkor qilish fikridan voz kechgan edi», deya alohida qayd etadi «Kun.uz». Shuningdek, qo‘shimcha qiladiki: «...16-noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda shu voqeaga oid audioyozuv tarqalishiga tahririyatning aloqasi yo‘q».

Tarqalgan audioda o‘sha kungi «suhbat manzarasi» to‘la aks etmagan, shu bois tahririyat: «...Jahongir Ortiqxo‘jayevning so‘zlari yozib olingan to‘liq formatdagi audioyozuvlar «Kun.uz» tahririyatida mavjud bo‘lib, belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun Bosh prokuraturaga taqdim etilishi» mumkinligi aytadi.

Eslatib o‘tamiz, 2019-yilning 14-avgust kuni Olmazor tumani hokimi o‘rinbosari A.Vahobov «Kun.uz» jurnalistlariga tashlanib, tahririyat mulki bo‘lgan texnika vositasini (shtativ) sindirib tashlaydi. Ayni holat tasviri ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinishi ortidan katta shov-shuv kelib chiqqandi. Voqelikning ertasiga Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati A.Vahobov bilan intervyu uyushtiradi va unda tuman hokimi o‘rinbosari jurnalistni o‘ta og‘ir jinoyatda ayblab (pora berish), go‘yoki uning «yo‘rig‘iga yurmagani» uchun o‘zi haqida tanqidiy material tayyorlaganini aytadi.

O‘z navbatida jurnalist hokim o‘rinbosari tuhmat qilayotganini bildirib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab, Bosh prokuraturaga murojaat qiladi.

Shundan so‘ng Toshkent shahar prokuraturasi holat yuzasidan bir emas, ikki bor tergovga qadar tekshiruv o‘tkazib, har ikki holatda ham tuman hokimi sobiq o‘rinbosarining xatti-harakatlaridan jinoyat alomatlarini topmaydi, go‘yo...

Poytaxt prokuraturasi kuni kecha ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun favqulodda matbuot anjumani uyushtirib, «Kun.uz»&«zamhokim» mojarosi bo‘yicha axborot berish asnosida «bir to‘xtamga kelib olish» taklifini ilgari surgandi. Biroq shahar prokuraturasining bu tadbiri «yemagani»dan xabaringiz bor

«Xabar.uz» axborot-tahliliy portali voqealar rivojini diqqat bilan kuzatib boradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring