«Haydovchilik guvohnomasi 500 dollarmi?»
«B» toifali haydovchilik guvohnomasini olish 500 dollarmi, aka, bunchaga imkonimiz yo‘q!»
«Ha, endi, ko‘nsangiz shu, yo‘qsa, mendayam iloj yo‘q!»
Buxoro tumanidagi «Bog‘ikalon» mahallasida yashovchi 36 yoshli S.M. ayol fuqarolarga «B» toifali haydovchilik guvohnomasini vakolatli tanishlari orqali olib berish evaziga ularning har biridan 500 dollardan pora talab qilgan. Huquq-tartibot organi vakilining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, S.M. Buxoro shahridagi «Buxoro ustoz haydovchi» MChJ avtomaktabi o‘qituvchi-instruktori vazifasida ishlab kelgan.
«Toki, uning shartiga ko‘nmagunimizcha, haydovchilik guvohnomamizni qo‘lga kiritishimiz paysalga solinaverdi. Bizni pora berishga dalolat qilaverdi. Shundan so‘ng huquq-tartibot idoralariga murojaat qilishga majbur bo‘ldik», — deyishgan Sh.M. va E.E. ismli ayollar tergov harakatlari davomida.
Ta’kidlanishicha, avtomaktabi o‘qituvchi-instruktori ayollarga haydovchilik guvohnomasi olishi uchun ularni vakolatli tanishlari orqali imtihondan o‘tkazib qo‘yish va’dasini ham bergan. «Xizmati» evaziga kelishilgan pulning 400 dollarini oldindan olayotgan vaqtda qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan fuqaro S.M. ga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda uning boshqa fuqarolarga nisbatan ham xuddi shu turdagi jinoyatlarni sodir qilganligini aniqlashga qaratilgan tezkor surishtiruv hamda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter