Hindistondagi samolyot halokatida tirik qolgan shaxs topildi

OAVning xabar berishicha, Air India samolyoti halokatida bir kishi tirik qolgan.
Avvalroq, shahar politsiyasi komissari G.S.Malik "halokatda omon qolganlar yo‘q" deb aytgan edi. Biroq, bugun tushdan keyin Malik ANI nashriga qutqaruvchilar bitta tirik qolgan odamni topganini aytdi.
Unga ko‘ra, halokatga uchragan samolyot bortida ushbu yo‘lovchi 11 o‘rindiqda bo‘lgan. Ayni damda omon qolgan shaxs shifoxonada davolanmoqda.
Hindiston rasmiylari avvalroq e’lon qilgan yo‘lovchilar ro‘yxatiga ko‘ra, 11-o‘rindiqda Britaniya fuqarosi Vishvash Kumar Ramesh bo‘lgan.
Hindiston ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, ular Vishvash bilan kasalxonada gaplashgan. U bortga chiqish talonini ko‘rsatdi, unda uning ismi va o‘rindiq raqami ko‘rsatilgan - 11A. "Samolyot havoga ko‘tarilganidan 30 soniya o‘tgach, baland ovoz eshitildi va keyin samolyot quladi. Hammasi juda tez sodir bo‘ldi", dedi jurnalistlarga u.
Samolyot bortida 242 kishi bo‘lgan, qutqaruvchilar hozirgacha kamida 204 qurbonning jasadini olib chiqishgan. Samolyot mahalliy shifokorlar va tibbiyot fakulteti talabalari yashaydigan yotoqxonaga qulagani sababli yana “50 dan 60 gacha” jabrlanuvchilar shifoxonalarga yetkazilgan.
Eslatib o‘tamiz, halokat sabab prezident Shavkat Mirziyoyev Hindiston prezidenti va bosh vaziriga hamdardlik bildirdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter