Hokim arxeologiya yodgorligini sotib yuborgani aniqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda arxeologik yodgorliklarni saqlash va muhofaza qilishda qonunchilik talablari qo‘pol ravishda buzilganligi ma’lum bo‘ldi.
Qayd etilishicha, Toshkent viloyati, Parkent tumani, «Istiqbol» MFYdagi «Tepa (Kultepa)» arxeologiya yodgorligiga tegishli 2 gektar yer maydoni hududi 2018 yil 28 sentyabrda Parkent tumanining sobiq hokimi N.Muxammedov tomonidan amaldagi qonunchilik talablariga zid ravishda auksion savdolari orqali «U.Q.B» MChJga xom g‘isht ishlab chiqarish sexi tashkil etish uchun berib yuborilgani aniqlandi.
Ushbu arxeologiya inshootini «U.Q.B» MChJ rahbarlari 2020 yilda qonunchilik talablariga zid ravishda tadbirkor «U.M.P.» MChJga sotib yuborgan. Ushbu tadbirkorlik sub’yekti ham o‘z navbatida, bu ob’yektda xom g‘isht ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan.
Natijada, «Tepa (Kultepa)» arxeologiya yodgorligining ko‘chmas mulk ob’yektiga 1 trln. 587 mlrd.600 mln. so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan qonuniy chora ko‘rilishini ta’minlash maqsadida Agentlik tomonidan to‘plangan materiallar Bosh prokuraturaga yuborilgan.
Shu asosda 2021 yil dekabr oyida Toshkent viloyat prokuraturasi tomonidan «U.M.P.» MChJ mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 32-moddasi 2-qismi, 205-moddasi 2-qismi «a» bandi va 207-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazib kelinmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter