Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

DXX hokim o‘rinbosarini katta miqdordagi pora bilan ushladi

DXX hokim o‘rinbosarini katta miqdordagi pora bilan ushladi

Foto: Videolavhadan skrinshot

DXX va prokuratura organlari tomonidan korrupsiya va firibgarlik bilan bog‘liq holatlarni aniqlash va ularga chek qo‘yish bo‘yicha bir nechta tezkor tadbirlar o‘tkazildi.

Xususan, Toshkent viloyati tumanlaridan birida hokim o‘rinbosari vazifasida ishlovchi shaxs tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroga 10 gektar bo‘sh yer maydonini 60 ming AQSh dollariga sotishini va tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib berishini bildirib, undan 25 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Bundan bir oz muqaddam esa ushbu mansabdor shaxsning jinoiy aloqasi bo‘lgan fuqaro ham 1 gektar unumdor yer maydonini 100 ming AQSh dollariga sotgan vaqtida ushlangan edi.

Shuningdek, DXX va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Toshkent viloyatida joylashgan Mudofaa vazirligi tizimidagi harbiy qismlardan birida xizmat qiluvchi mayor unvonidagi harbiy xizmatchi shartnoma asosida haqiqiy harbiy xizmatga qabul qilinishiga yordam berish evaziga mahalliy fuqarodan 3 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Dastlabki surishtiruv harakatlari davomida u muqaddam boshqa bir fuqaroni shartnoma asosida haqiqiy harbiy xizmatga chaqirilishi uchun yordam berishni va’da qilib, 700 AQSh dollari olganligi ham ma’lum bo‘ldi.

DXX xodimlarining Bosh prokuratura huzuridagi Departament vakillari bilan hamkorlikda o‘tkazgan navbatdagi tezkor tadbiri davomida O‘zbekiston davlat konservatoriyasi qoshidagi Iqtidorli bolalar akademik litseyi katta o‘qituvchisi o‘zganing ishonchiga kirib, undan 5 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

U ushbu pul mablag‘i evaziga muqaddam mazkur litseyda o‘qigan fuqaroni yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali O‘zbekiston davlat konservatoriyasiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan.

Yana bir qonunbuzilishi holati Xorazm viloyatida qayd etildi. Xususan, Urganch tumanida istiqomat qiluvchi tadbirkor o‘ziga tegishli bo‘lgan avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasini rekonstruksiya qilish yo‘li bilan uni avtomobillarga siqilgan gaz to‘ldirish kompressor stansiyasiga aylantirish uchun tegishli hujjatlarni viloyat hokimligiga taqdim etadi.

Biroq, uning masalasi hal etilmaganligidan xabar topgan «uddaburon» kimsa hokimiyat idoralaridagi tanishlari orqali uning muammosini hal qilib berishini aytib, evaziga 45 ming AQSh dollari so‘raydi.

DXX Xorazm viloyati boshqarmasi va viloyat prokuraturasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda mazkur shaxs tadbirkordan 44 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda aniqlangan barcha holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring