Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hozir shu yerdamisiz? (Psixolog hikoyasi)

Hozir shu yerdamisiz? (Psixolog hikoyasi)

Qabulimga bir ayol keldi. Ko‘zlarida charchoq, yuzida tinimsiz izlanish. Uning hikoyasi shunday boshlandi:

– Mening turmush o‘rtog‘im oxirgi vaqtlarda o‘zgarib qolgan. Tashqaridan qaraganda hammasi risoladagidek: mas’uliyat, burch, vazifa... Hammasi joyida, lekin... uning o‘zi yo‘qdek go‘yo.

Hech nimani his qilmaydi, gaplari samimiy emas, temir odam, deysiz! Ilgari biz soatlab gaplashardik va men samimiylik, qalban yaqinlikni his qilardim. Hozir esa qarshimda temir inson turgandek.

Qarashlarida hayotdan asar yo‘q. Men erim bilan emas, uning qandaydir soyasi bilan yashayotgandekman.

Erim qayoqqa ketdi? Men uni qanday yo‘qotdim?

Men klinik psixolog sifatida yuqoridagi holatni juda ko‘p duch kelaman. Bu – shaxsiyatning “so‘nishi” yoki “uzilishi” holati.

Ular kimlar? Mazkur toifa turlicha, lekin umumiy jihatlari bor:

1. Xayol va fantaziyada yashovchilar (shizoidlar).

Bu toifa o‘z olamida yashaydi. U yerda hayot go‘zal, ideal. Real hayot esa og‘riqli. Shuning uchun u yerdan yuz o‘girgan.

Odatda:

– jamiyatga kam aralashadi;

– hissiyotsizlikni me’yoriy hol deb biladi;

– ichki xayolot olami bilan tana uzilishda.

Ruhiy asosi: nafs lavvoma va nafs ammora o‘rtasida. Hali shaxsiy mas’uliyatga tayyor emas. Fantaziya – qochish usuli.

2. “Kuchli bo‘lish” niqobi ostida yashovchilar (psixasteniklar).

Ular uchun his qilish – zaiflik. Tanasini qattiq ushlab turadi, hatto yelkalari doim ko‘tarilgan bo‘ladi.

– Nafasi yuzaki;

– ko‘zlarida charchoq, yuzi qotgan;

– "men yaxshiman", "menga yordam kerak emas".

Ruhiy asosi: nafs ammora. Hanuz “boshqalar meni qanday ko‘radi?” degan qullikda.

3. Tashqi niqobli, lekin ichki o‘zaksiz insonlar (isloh qilinmagan nafs; narsisslar, isteroidlar kirishi mumkin).

Ularning yuzida tabassum, tanasida hayot ko‘rinadi. Lekin sizning qalbingiz shunday deb qichqiradi: “Bu soxta”.

– Ular odamlarga moslashadi, lekin o‘z “men”i yo‘q;

– qarorlari shubhali, ko‘p o‘zgaruvchan;

– har doim bir toifaga moslashgan.

Bu – shaxsiyat shakllanmagani. Nafs ammoraning taassurotlarida yashash. Hali “men kimman?” savoliga javobi yo‘q.

4. Hayotda emas, o‘tmish yoki kelajakda yashovchilar (nevrotiklar):

– o‘tmishdagi alamlardan chiqolmagan;

– yoki doim kelajak uchun xavotirda;

– hozirgi tanasi, nafasi, soniyasini his qilmaydi.

Ruhiy asosi: nafs lavvoma. Anglash boshlangan, lekin qabul qilish yo‘q. Ularda qanday jismoniy alomatlar bo‘ladi?

– Yelkada zo‘riqish, chehrada yolg‘on tabassum;

– Nafas yuzaki, ko‘zda hayot yo‘q;

– Qo‘li harakat qiladi, lekin astoydil, chin qalbdan emas;

– ovqat yeydi, ammo ta’mni his qilmaydi;

– tanasida “muz” bor: hislar sovuq yoki butunlay yo‘qolgan.

Shaxsiyatning tiklanishi — tanaga qayta tutashishdan boshlanadi.

Haqiqiy inson – tanasi, hissiyoti va aqli uyg‘un bo‘lgan insondir.

Qalb, tan, aql – bir zanjir. Bittasi uzilsa, butun boshli “men” parchalanadi.

Bu insonlar o‘zini yo‘qotgan. Ularning ko‘pchiligi:

– hech qachon o‘zini tinglamagan;

– haqiqiy "men"ga qadam qo‘ymagan;

– tanasi, qalbi va ruhini birlashtirmagan.

Mazkur holatdan chiqish, aql, tana, qalb his-tuyg‘ular uyg‘un holatga qaytish mumkinmi? Albatta, lekin bu biroz og‘riqli kechishi ehtimoldan xoli emas...

Keling, masalani bizga murojaat qilgan ayol misolida ko‘rib chiqamiz. Avvalo, uning turmush o‘rtog‘ining o‘zgarganini anglab qolganlari, bu – ilk qadam.

Tahlil va tushunish: mazkur holga tushish sabablarini ko‘rib chiqish. Anglanilmagan holatlar bizga tinchlik bermaydi. Tushunish ruhiy xotirjamlik baxsh etadi.

Vaziyatdan chiqish uchun harakat qilish. O‘zini va o‘zligi yo‘qotmagan holda.

Suqrot aytganidek, "insonga berilgan to‘g‘ri savollar – uning ruhiy uyg‘onishidir"

Muloqot orqali savollar berish va mutaxassisga murojaat qilishga ko‘ndirish mumkin.

 Qadriyatlarimizdan kelib chiqqan holda munosabatlarda baxtli bo‘lish, o‘zaro tushunish, to‘ldirish va qo‘llab quvvatlash kerak. Yuqoridagi holatni go‘yoki bir muzlagan qishga qiyoslasak, uning erishi uchun iliq mehr, qalb quyoshidan chiqqan muhabbat va ezgu niyat zarur bo‘ladi.

Sizga dil xotirjamlik va tan sihatligi tilab,

Guli To‘rayeva,

tibbiy psixolog

 

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring