Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«ID» changalidan qutqarilgan qozoqlar hikoyasi: yolg‘onlar va gumrohlik

«ID» changalidan qutqarilgan qozoqlar hikoyasi: yolg‘onlar va gumrohlik

Foto: KNB videolavhasidan olingan kadr

«Islom davlati» (ID) hukmronligida hayot kechirgan hamda keyinchalik Suriyadan olib chiqilgan ayol va bolalar Qozog‘istonning Mang‘istov viloyatidagi reabilitatsiya markazida o‘zlarining darz ketgan hayotlari haqida so‘zlab berdilar.

«Jusan» (Achchiq shuvoq) nomli operatsiya doirasida olib borilgan so‘nggi evakuatsiya natijasida 231 Qozog‘iston fuqarosi, jumladan 156 nafar yosh bola 7 va 9 may kunlari Suriyadan vataniga qaytarildi. Qozog‘iston tomonidan yanvar oyida olib borilgan xuddi shunday operatsiyada 47 fuqaro mamlakatga qaytgan edi.

«Qaytarilganlar urush sharoitida yashaganlari tufayli posttravmatik stress holatida edilar», – dedi Pavlodar viloyatining dinlararo munosabatlar tahlili va rivojlanish markazi ruhshunosi va rahbari Gulnaz Razdikova.

Guruh bilan reabilitatsiya mutaxassislari ishlagani sababli «hozirda ularning holatlari ancha yaxshi», – dedi Razdikova. Uning o‘zi ham Suriyadan qaytganlar bilan ish olib boryapti.

«Ruhshunoslardan tashqari, qaytganlar bilan ham guruhlarda, ham yuzma-yuz ravishda diniy ulamolar va dinshunoslar ham ishlamoqda», – dedi u.

«Ijobiy o‘zgarishlar yaqqol sezilmoqda», – dedi u. «Kiyim ranglari o‘zgardi. Hammalari niqoblarini yechishdi. Qilgan ishlari uchun jamiyat oldida haqiqatda afsusdalar.»

Razdikovaning so‘zlariga ko‘ra, ularning ko‘pchiligi dinni bilmaganliklari sababli Suriyaga borib qolishgan.

«Nima uchun u yerga bordingiz», degan savolga barchalari «diniy savodsizlik tufayli», – deb javob beradilar, dedi u.

«U yerda shariat va adolat bo‘ladi degan aldovga ishonishgan», – deb qo‘shimcha qildi u. «Aslida esa hammasi yolg‘on bo‘lib chiqqan. Ular buni yetib borganlarida tushunishgan, ammo tuzoqqa tushganlari sababli ortga qaytish iloji bo‘lmagan.»

«Ular hamma narsaga faollik va jonbozlik bilan javob berishmoqda. Ammo reabilitatsiya jarayoni bir oy bilan cheklanib qolmaydi. Hamkasblarim tomonidan viloyat reabilitatsiya markazlarida ish davom etishi kerak va davom etadi ham», – dedi u.

Razdikovaning aytishicha, qaytgan ayollardan biri unga «hayot shirin bo‘lishi ham mumkin ekan», – deb aytgan.

«Hamma uchun saboq»

«Ikkala «Jusan» operatsiyasi davomida joriy yilda 270 ta Qozog‘iston fuqarosi ID iskanjasidan qutqarilgan», – dedi tarazlik siyosatshunos va «Beybit Aspan» (Tinch osmon) nodavlat tashkiloti rahbari Ruslan Seksenbayev.

«Ular bizning vatandoshlarimiz, biz ularni e’tiborsiz qoldirdik va hayotlarining barbod bo‘lishiga yo‘l qo‘yib berdik. Ularning vatanga qaytishlari Qozog‘iston uchun mislsiz insonparvarlik operatsiyasi bo‘ldi», – dedi u.

Bu vatandoshlarimizning «fojeali qismatlari qolganlar uchun saboq bo‘ladi», – deb qo‘shimcha qildi u.

«Ularga qarang – taqdirlari darz ketgan, sog‘liqlari yomonlashgan, yaqinlarini yo‘qotishgan, hamma narsalarini yo‘qotishgan», – dedi Seksenbayev. «Tinch hayotda yashab, dinga erkin amal qilishlari, farzandlarini voyaga yetkazishlari mumkin edi, ammo ular terrorchilarning tuzog‘iga ilindilar. Bu barchamiz uchun saboq bo‘ldi.»

«Suriyada hamon qozog‘istonliklar bor, ular ham yaqin orada vatanga qaytarilishi mumkin», – dedi u.

«Odam o‘ldirgan terrorchilarni kechira olmaymiz, ammo ularning ayollari va farzandlarida ayb yo‘q», – dedi u.

«Biz ularga hamdard bo‘lishimiz kerak», – dedi Seksenbayev. «Ularni vatanga qaytish va reabilitatsiya kutmoqda. Ishonamanki, ular hech qachon radikal ko‘rinishdagi islomni targ‘ib qilmaydilar, aksincha ular o‘z xatolari haqida boshqalarni ogohlantiradilar.»

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring