Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

IIB posbonlari jurnalistlarni do‘pposlagani aytilmoqda

IIB posbonlari jurnalistlarni do‘pposlagani aytilmoqda

11 iyun kuni Yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati chorak final bahsi boshlanishidan oldin «Paxtakor» stadionidagi ichki ishlar organlari posbonlari «Sevimli» telekanali jurnalisti va operatorini ayovsiz kaltaklagani aytilmoqda.

«21:00 lar atrofida (intervyu olish maqsadida) ikki xodim «Paxtakor» stadioniga borib, organ xodimlarining qarshiligiga uchragan. Futbolni yoritish uchun berilgan maxsus ruxsatnomani ko‘rsatishlariga qaramay: «pressa bo‘lsang, bizga n...y. Biz topshiriqni bajaramiz...», — degan javobni olgan. Shundan so‘ng ijodiy guruh kiritmagani uchun o‘zining e’tirozlarini bildirgan va stadion oldidagi holatni tasvirga olishni boshlagan. Organ xodimlari esa tasvirchining ruxsatnomasiga chang solgan. Kamerasini tortib olgan. Tasvirchining qo‘lini orqaga qayirib, jurnalistdan uzoqlashtirgan. Ko‘z oldida tasvirchini jinoyatchilardek olib ketayotganini ko‘rgan jurnalist organ xodimlaridan qo‘yib yuborishni talab qilgan. Xodimlar esa uning ham qo‘llarini qayirib, mikrofon va ruxsatnomasini tortib olgan», deb yozgan «Sevimli» jurnalistlaridan biri.

Aytilishicha, tasvirchini 6-7 nafar ichki ishlar xodimlari va bir nafar milliy gvardiya xodimi tepkilagan, biri oyog‘iga tayoq bilan urgan. Qolgani qorin va boshiga tepgan.

«Qo‘llarim ushlangan, imkonsiz qoldim, faqat urmanglar, deb baqira oldim, xolos. Bu jarayon soniyalar ichida sodir bo‘ldiki, nima bo‘layotganini anglab-anglamasdim. Odamlar OAV xodimlari tepkilanayotganini tasvirga olayotgandi. Ko‘pchilik oldida izza bo‘lganimiz qoldi. Qo‘llarimizni qayirib, Shayxontoxur tuman IIB binosiga olib borib, navbatchilik qismiga topshirishdi», deyiladi postda.

Ma’lum bo‘lishicha, kaltaklardan jiddiy jarohat olgan operator keyinchalik Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib ketilgan.

Tasvirchi kasalxonaga olib ketilgandan keyin jurnalist kamera, shtativ, mikrofon va ruxsatnomalarini qaytarib berishni so‘ragan. Uning ko‘z oldida fleshkani Toshkent shahar IIBBga yuborishgan. Soat tungi 02:10 larda muxbir shikastlangan kamera va shtativni olgan, biroq mikrofon va ruxsatnomalar hamon qaytarilmagani yozilgan.

«Eng qizig‘i, bo‘lar ish bo‘lgandan so‘ng muxbirdan ichki ishlar xodimlari kechirim so‘rab, ortiqcha gap qilmasligi va biron joyda gapirib yurmaslini aytgan. Davlatimiz rahbari OAVni to‘rtinchi hokimiyat darajasiga ko‘targan, ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik deya bong urilayotgan paytda jurnalistlar kaltaklanib, ularning ish qurollari chirparchin qilinsa, hujjatlari dimog‘dor IIO xodimi oyoqlari ostida xor bo‘lsa... buni qanday izohlash mumkin?», deb yozgan jurnalist.

Voqeaga 2 kun bo‘lgan esa-da, na IIV va na Milliy gvardiya bunga biror munosabat bildirgan.

Ichki ishlar organlarining bunday zo‘ravonligi haqida so‘nggi paytlarda xabarlar urchigan. Masalan, Toshkentda yoshlar kaltaklagan bo‘lishsa, Samarqandda turistlarga elektroshoker ishlatishgan.

Ohangaronda esa YPX xodimi jarimaga tortgan haydovchi keyinchalik shifoxonada vafot etgan. Yaqinda esa Surxondaryoda IIB xodimlari va fuqarolar o‘rtasida janjal chiqqandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring