Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

IIV Mubashshir Ahmadning qo‘lga olinishi yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi

IIV Mubashshir Ahmadning qo‘lga olinishi yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan diniy ulamo Alisher Tursunovning O‘zbekistonga deportatsiya qilingani va qamoqqa olinganini tasdiqladi.

IIVga ko‘ra, qidiruvda bo‘lgan 51 yoshli Alisher Tursunov 8 may kuni Turkiyada ushlanib, 10 may kuni O‘zbekistonga deportatsiya qilingan.

“A.Tursunovning ta’sisligidagi axborot platformalari orqali ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan ma’lumotlarda, tegishli ekspertiza xulosalariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga zid axborot mavjud bo‘lganligi sababli, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244 prim 1-moddasi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) va 244 prim 3-moddasi (Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llandi.

Hozirgi kunda jinoyat ishi doirasida tegishli tergov harakatlari olib borilmoqda”, – deyiladi vazirlik axborotida.

Ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida faol bo‘lgan diniy ulamo – O‘zbekistonda bir necha yil faoliyat yuritgan Azon.uz va Azon TV kabi ma’rifiy loyihalar hamda bir nechta diniy kitoblar muallifi hisoblanadi.

Mubashshir Ahmad bir necha yildan buyon Turkiyada istiqomat qilayotgan edi. U 2023 yil oxirida Turkiya politsiyasi tomonidan o‘zi yashab turgan uyidan jamoat xavfsizligiga tahdid gumoni bilan olib ketilgan, 55 kun deportatsiya markazida ushlab turilib, ayblovlar isbotini topmagani sabab 2024 yil fevralida qo‘yib yuborilgan edi.

Unga nisbatan O‘zbekistonda jinoyat ishi ochilgani haqida joriy yil fevralida ma’lum bo‘lgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring