Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

IIV teraktlarga chaqiriq masalasida aholini jiddiy ogohlantirdi

IIV teraktlarga chaqiriq masalasida aholini jiddiy ogohlantirdi

Foto: Xabar.uz

Ichki ishlar vazirligi teraktlar masalasida aholiga muhim ogohlantirish bilan chiqdi. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, fuqarolarga ijtimoiy tarmoqlar orqali pul evaziga portlashlar sodir etish taklifi kelib tushmoqda. 

«Hurmatli fuqarolar! Oxirgi vaqtlarda dunyoning turli mamlakatlarida sodir etilgan terrorchilik harakatlaridan so‘ng, respublikamiz hamda qo‘shni davlatlar fuqarolariga internet ijtimoiy tarmoqlari orqali pul mukofoti evaziga savdo va ko‘ngilochar markazlar, maktablar va boshqa jamoat joylarini minalashtirish taklif qilingan xabarlar kelib tushmoqda.

Bu kabi provokatsion xabarlar asosan «Telegram» messenjeri orqali yuborilib, unda noma’lum shaxslar turli miqdorda pul to‘lash, qurol-yarog‘ bilan ta’minlash va harakatlar rejasini yuborishga va’da berib, ushbu harakatlarga rad javobini e’tiborga olmaydilar. Eng xavfli jihati shuki, yovuz niyatli shaxslarning xabarlari ko‘p hollarda bolalarga yuborilmoqda. Shuningdek bolalarning shaxsiy ma’lumotlari orqali ularni qo‘rqitish holatlari kuzatilmoqda. Provokatorlar o‘zlarining fotosuratlari va raqamlarini yashirgan holda faoliyat yuritadilar.

Hurmatli fuqarolar! Agarda Sizga bu kabi xabarlar kelib tushsa vahimaga tushmang va ularni ochiq chatlar, tanishlaringiz va do‘stlaringizga yubormay, darhol «102» raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, ichki ishlar organlariga xabar bering. Xabar yuboruvchilarni bloklang va ular bilan yozishma va suhbatga kirishmang.

Yodingizda tuting, firibgarlar jamoatchilik orasida vahima uyg‘otish uchun bu kabi xatti-harakatlarni amalga oshirmoqda! Respublika huquq-tartibot organlari esa xavfsizlikka bo‘lgan har qanday tahdidlarni bartaraf qilish borasida o‘z vakolatlari doirasida barcha choralarni ko‘rmoqda», deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, bugun prezident Shavkat Mirziyoyev Moskva viloyatidagi teraktning oqibatlari haqida gapirgandi. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring