Ikkilamchi bozorda uylar narxi 8 foizga qimmatladi – iqtisodiy tahlil
2025-yil yakunlariga ko‘ra, ko‘chmas mulk ikkilamchi bozorida narxlar dinamikasining mo‘’tadil tezlashishi kuzatildi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining 2025-yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozori dinamikasiga oid yangilangan tahlilida qayd etilishicha, respublika bo‘yicha ikkilamchi uy-joy bozorida narxlarning o‘sishi o‘rtacha 8 foizni tashkil etgan, 2024-yilda esa ushbu ko‘rsatkich 6,2 foiz darajasida bo‘lgan edi.
Yil davomida narxlarning eng yuqori o‘sish sur’atlari Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida qayd etilib, ushbu hududlarda uy-joy narxining o‘rtacha yillik o‘sishi taxminan 17 foizni tashkil etdi.
Yil yakuniga ko‘ra, ikkilamchi uy-joy uchun eng yuqori narxlar poytaxtda saqlanib qoldi. Shuningdek, nisbatan yuqori narxlar Samarqand viloyatida — bir kvadrat metr uchun 834 dollar, Toshkent viloyatida esa — bir kvadrat metr uchun 682 dollarni tashkil etdi.
Uy-joy uchun eng past narxlar Qoraqalpog‘iston Respublikasida qayd etildi — bir kvadrat metr uchun 378 dollar. Shuningdek, nisbatan past narx darajasi Sirdaryo va Qashqadaryo viloyatlarida kuzatilib, u yerda bir kvadrat metrning o‘rtacha qiymati taxminan 454 dollarni tashkil etdi.
Toshkent shahrining ikkilamchi uy-joy bozorida o‘tgan yil davomida bir kvadrat metrning o‘rtacha qiymati biroz oshdi (+0,6 foiz) va 1100 dollardan ko‘proqni tashkil etdi. Shu bilan birga, narxlarning eng sezilarli pasayishi Mirzo Ulug‘bek va Chilonzor tumanlarida kuzatildi va taxminan 5 foizni tashkil etdi.
Shu bilan birga, poytaxtning ko‘chmas mulk birlamchi bozorida yil davomida narxlarning ancha sezilarli o‘sishi kuzatildi. Uy-joyning o‘rtacha qiymati 9 foizdan ko‘proqqa oshdi.
Toshkent shahrida eng yuqori narx o‘sishi Mirobod (18 foiz), Yashnobod (14 foiz) va Mirzo Ulug‘bek (13,5 foiz) tumanlarida kuzatildi.
Eng yuqori ijara narxlari poytaxtning markaziy tumanlarida saqlanib qoldi. Xususan, Shayxontohur, Mirobod va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi bir kvadrat metr uchun 11 dollar darajasida qayd etildi.
Shu bilan birga, ijara narxlarining o‘sish sur’ati Olmazor, Yashnobod va Shayxontohur tumanlarida sezilarliroq bo‘ldi, bu yerda yillik o‘rtacha o‘sish taxminan 11 foizni tashkil etdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter