Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Imom Buxoriy majmuasi yon-atrofi yangi qiyofaga kiradi (foto)

Imom Buxoriy majmuasi yon-atrofi yangi qiyofaga kiradi (foto)

Foto: «Uza.uz»

Samarqand viloyatining Payariq tumanidagi buyuk muhaddis nomi bilan ataluvchi yodgorlik majmuasi yonida markaz bunyod etilmoqda, deb xabar bermoqda «O‘zA».

Umumiy loyiha qiymati 122 milliard so‘m bo‘lgan ushbu xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining qurilish-pudrat ishlari yakunlanish arafasida. 6 gektar maydonni egallagan markaz hududida hadisshunoslik maktabi va mazkur maktab tinglovchilari uchun yotoqxona, oshxona, sport-sog‘lomlashtirish maskanlari qurildi. Shu bilan birga, ilmiy markaz qarshisida har biri 18 xonadonli 3 ta uch qavatli turar joy hamda majmuaga olib boruvchi Oqdaryo – Qo‘lbosti avtomobil yo‘li bo‘yida milliy ko‘rinishdagi 2 qavatli 62 ta kottej qurib bitkazildi.

Foto: «Uza.uz»

Bu markaz kelgusida Imom Buxoriy majmuasi bilan yaxlit kompleks sifatida yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalar merosini o‘rganish va tadqiq etishga xizmat qiladigan ma’rifat maskaniga aylanishi shubhasiz. Bu esa, o‘z navbatida, mazkur hududni yanada obod etish, ziyorat turizmi imkoniyatlari kengayib borayotganini hisobga olgan holda, majmuani xalqaro talablar darajasida rekonstruksiya qilish hamda ziyoratchilar uchun qulay sharoitlar yaratishni taqozo etadi.

Shu maqsadda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 17-18 mart kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini bosqichma-bosqich rekonstruksiya qilish, buning uchun har tomonlama puxta o‘ylangan loyiha ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq bergan edi.

Foto: «Uza.uz»

Ana shu topshiriq asosida Imom Buxoriy majmuasini qayta qurish loyiha taklifi va Xartang qishlog‘i bosh reja-loyihasi ma’qullandi. Samarqand viloyati hokimligida ushbu loyiha-takliflarning taqdimoti o‘tkazildi.

Samarqand viloyati hokimi T.Jo‘rayev va loyiha-qurilish ishlari mas’ullari yig‘ilishda ishtirok etgan tadbirkorlar, quruvchilarga loyihalar haqida atroflicha ma’lumot berdi.

Xartang qishlog‘ining bosh rejasi dastlab «ToshboshplanLITI» davlat unitar korxonasi loyiha tashkiloti tomonidan tayyorlanayotgan edi. Loyiha ishlarini jadallashtirish maqsadida bosh reja va batafsil loyihalashtirish rejasi «O‘zshaharsozlikLITI» DUK tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.

Ishlab chiqilgan bosh reja va loyiha taklifiga muvofiq, majmuaning umumiy maydoni 60,4 gektarni tashkil etib, to‘liq qayta rekonstruksiya qilinadi. Jumladan, kirish qismidagi bir qavatli binolar ikki qavatli qilib quriladi.

Foto: «Uza.uz»

Shuningdek, 1 ta to‘rt qavatli katta, 6 ta uch qavatli o‘rtacha va 20 ta ikki qavatli kichik mehmonxonalar, supermarket, yirik savdo markazi, amfiteatr binosi, dehqon bozori, hammom, 2 ta tahoratxona, milliy hunarmandchilik buyumlari va suvenir sotiladigan 16 ta savdo do‘koni, choyxona, restoran, bolalar o‘yin maydonchasi, 3 ta avtomobillar turar joyi, minibank va boshqa binolar bunyod etiladi. Umuman, hududda keng miqyosda obodonlashtirish ishlari olib boriladi.

Imom Buxoriy majmuasidan o‘tuvchi Oqdaryo – Qo‘lbosti avtomobil yo‘li olti tasmaliga kengaytirilib, Xartang qishlog‘ini 5 kilometr masofada to‘liq aylanib o‘tadi.

Majmua qayta qurilishi munosabati bilan hududdagi 164 ta turar joy va 30 ta noturar joy binolari boshqa joyga ko‘chirildi.

Yig‘ilishda loyiha-taklif asosida hududda yangi ob’yektlar qurish bo‘yicha tadbirkor va tashabbuskorlarning taklifi eshitilib, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring