Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Lutfullo Tursunov

Har bir mashaqqat ortida imkoniyat yotadi.

Indamasdan bo‘lib-bo‘lib olaveringlar...

Indamasdan bo‘lib-bo‘lib olaveringlar...

Illyustrativ foto

O‘zbekistondagi «Coca-Cola» zavodining 57 foizlik davlat ulushi sotuvga qo‘yilganidan buyon uning atrofidagi mashmashalar tinmayapti. Ulush sotuvga qo‘yildi, biroq qo‘yilgan talablar bo‘yicha O‘zbekiston kompaniyalari unda ishtirok eta olishmayapti, hatto ehtimoliy «sirli xaridor»dan ikki baravar pul berishni istasa ham.

Zavodni xususiylashtirishga hech kim qarshi emas, ammo uning davlat ulushini past narx sotib yuborishlari mumkinligi shubhali. Zarariga ishlayotgan korxona bo‘lsa ham mayli edi. O‘zbekistondagi 1-raqamli, yillik sof foydasi 27 million dollar bo‘lgan, barqaror daromadga ega alkogolsiz ichimlik ishlab chiqaruvchi zavodning davlat ulushiga ega chiqishni istovchilar juda ko‘p. Balki aynan shuning uchun ham tenderda qatnashish shartlari har kimga yo‘l bermaydigan taqiqlardan iborat qilib belgilangandir?! Ayni voqealar rivoji shunday xulosa chiqarishga undayveradi (asosli sabab ko‘rsatilmaganidan keyin). Aks holda, «kerak bo‘lsa, 70 million o‘rniga 150 million AQSh dollari berishga tayyorman» deb turgan kompaniyalarning tenderda qatnashishiga imkon berilgan bo‘lmasmidi? Davlat ulushi qimmatroqqa sotilib, budjetga ko‘proq mablag‘ tushishidan manfaatdor bo‘lmagan kimsalar bormi yoki? (Poytaxtning qoq markazidagi gektarlab yerlar «nol qiymatda» sotilganiniyam ko‘rgandik).

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining kechagi bayonotida shunday deyilgandi: «O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga ko‘plab tadbirkorlar va fuqarolar, shuningdek ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan «Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd» MChJ (CCIU) ustav fondining 57,118 foizga teng davlat ulushi sotuvga qo‘yilishi jarayonlari amaldagi qonunchilik va tartiblarga zid ravishda o‘tkazilayotganligi to‘g‘risida murojaatlar kelib tushmoqda».

«Ko‘plab tadbirkorlar» murojaat qilishiga arzirli sabab bo‘lgandirki, antikorrupsiya agentligining «eshigi taqillatilgan».

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘rganishlarga ko‘ra, auksion shartlarida shaffoflik yo‘qligini aniqlab, savdoni to‘xtatish bo‘yicha tegishli idoralarga taqdimnoma kiritdi. Bu — yirik korrupsiya alomatlari sezilgan jarayonni to‘xtatish bo‘yicha dadil harakat bo‘ldi deb turilgan bir paytda, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi taqdimnomaga rasmiy munosabat bildirib, unda jamoatchilikka «tushuntirish berilishi»ni aytish bilan cheklandi. Ya’ni savdoni to‘xtatish haqida hech qanday ishora bo‘lmadi.

Ko‘p kuttirmay, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining navbatdagi bayonoti chiqdi.

«Taqdimnomaga Davaktiv agentligi tomonidan operativ ravishda rasman munosabat bildirilganligi va xususiylashtirish jarayoni bo‘yicha barcha asoslar tushuntirib berilganligiga minnatdorchilik bildiramiz.

Ma’lum bo‘lishicha, hozirda Kompaniyadagi davlat ulushini xususiylashtirish jarayoni xalqaro amaliyot bo‘yicha olib borilmoqda. Bunga dunyoning nufuzli «Rothschild & Co» investitsiya banki moliyaviy maslahatchi va «Dentons» yuridik firmasi yuridik maslahatchi sifatida jalb etilib, jarayonlar shaffof tamoyillar asosida tashkil etilmoqda.

Shu munosabat bilan, Agentlik xususiylashtirish jarayonlarini xalqaro kompaniyalar ishtirokida amalga oshirilayotgan bunday yangi amaliyotni to‘la qo‘llab-quvvatlaydi va xususiylashtirish jarayonining davom ettirilishiga e’tirozi yo‘qligini ma’lum qiladi», deyiladi bayonotda.

Katta umidlar bilan tashkil etilgan va faoliyat boshlaganiga ko‘p bo‘lmay, unga nisbatan savollar yuzaga kelayotgan agentlik shu tarzda bir kundayoq shashtidan qaytgani sezildi. Bilasiz-a, yo‘qotilgan ishonch qayta tiklanishi juda qiyin bo‘ladi.

O‘zbekistonda hali yana o‘nlab, yuzlab yirik korxona, bank va zavodlar xususiylashtirilishi belgilangan. Agar ularda ham egasi oldindan aniqlab qo‘yilgan tender savdolari tashkil etiladigan bo‘lsa, rasmiyatchilikka ne hojat?! Indamasdan o‘zaro kelishib bo‘lib-bo‘lib olaveringlar...


Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring