Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

“InnoWeek–2025”: Innovatsiyalar haftaligida eng yaxshi ishlanmalar namoyish etildi

“InnoWeek–2025”: Innovatsiyalar haftaligida eng yaxshi ishlanmalar namoyish etildi

Poytaxtdagi CAEx majmuasida 9–11 oktyabr kunlari yirik xalqaro tadbir — “InnoWeek–2025” innovatsiyalar haftaligi bo‘lib o‘tdi. Unda 30 ga yaqin davlatdan vakillar, 400 dan ortiq kompaniya, universitet va texnoparklar o‘z ishlanma va texnologiyalarini taqdim etdi. Tadbir 15 ming kvadrat metr maydonni qamrab olib, O‘zbekiston ilm-fan sohasidagi yutuqlarni keng miqyosda namoyish etdi.

“InnoWeek–2025” doirasida taqdim etilgan ishlanmalar orasida Buxoro davlat universiteti talabalari tomonidan yaratilgan zararli tutunni 85 foizgacha tozalovchi uskuna alohida e’tibor qozondi. Mazkur texnologiya atmosferaga chiqayotgan zararli moddalar miqdorini kamaytirib, ekologik xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qiladi.

Shuningdek, “Eko-asfalt” loyihasi ham ishtirokchilar orasida katta qiziqish uyg‘otdi. Ushbu innovatsion ishlanma plastik chiqindilarni qayta ishlash orqali yo‘l qurilishida foydalanish imkonini beradi. Bu yondashuv ekologik muammolarni kamaytirish, chiqindilarni iqtisodiy resursga aylantirish va barqaror infratuzilma yaratishni maqsad qiladi.

Tadbir doirasidagi ko‘plab loyihalar yosh olimlar va talabalar tomonidan ishlab chiqilgani e’tiborga molik. Ularning g‘oyalari — ekologiya, tibbiyot, energetika va raqamli texnologiyalar kabi yo‘nalishlarda amaliy yechimlarni taklif qilmoqda.

“InnoWeek–2025” yosh avlodning ilmiy salohiyatini yuzaga chiqarish, ijodkorlik va innovatsion tafakkurni rivojlantirish uchun qudratli maydonga aylandi.

“InnoWeek–2025” haftaligi O‘zbekistonning barqaror rivojlanish, yangi texnologiyalarni joriy etish va global innovatsion hamjamiyatda o‘z o‘rnini mustahkamlash yo‘lidagi izchil harakatlarini namoyon etdi.

Tadbir o‘zbek yoshlarining ilm-fanga bo‘lgan qiziqishi, ixtirochilik salohiyati va amaliy yechimlar yaratishdagi tashabbuskorligini yana bir bor isbotladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring