Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Inqirozdan yangi hayotga: «Ona Uyi» O‘zbekistonda ona va bola taqdirini o‘zgartirmoqda

Inqirozdan yangi hayotga: «Ona Uyi» O‘zbekistonda ona va bola taqdirini o‘zgartirmoqda

O‘zbekistonda inqiroz holatiga tushgan ayollarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan «Ona Uyi» resurs markazlari tarmog‘i jadal rivojlanmoqda. Ushbu uylar BMT tomonidan ijtimoiy yetimlikning oldini olish bo‘yicha ilg‘or amaliyot sifatida e’tirof etilgan Qozog‘iston modeli asosida tashkil etilgan.

27-noyabr kuni Toshkent shahrida loyiha Vasiylik kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatning yetakchi tadbirkor va yirik kompaniyalari «Ona Uyi» tarmog‘ini butun O‘zbekiston bo‘ylab kengaytirish masalalari bo‘yicha muhokama qildilar.

Tashabbusning strategik maqsadi juda ulkan, ammo aniq: har bir inqirozga uchragan ayol o‘z vaqtida yordam oladigan, har bir bola esa muassasa devorlari orasida emas, mehrli oilada ulg‘ayadigan «Markaziy Osiyo yetimlarsiz» mintaqasini barpo etishdir.

Ma’lumot uchun, bugungi kunda O‘zbekistonda 6 ta shaharda (Toshkent, Samarqand, Buxoro, Andijon, Chirchiq va Quvasoy) 7 ta «Ona Uyi» uyi faoliyat yuritmoqda. Faqat so‘nggi bir yarim yil ichida 133 nafar ayol bu yerda yordam olgan, 146 nafar bola esa onasi bilan qolib, oiladan ajralib ketishdan saqlab qolingan.

Markazlar vaqtinchalik boshpana, oziq-ovqat, tibbiy va psixologik yordam, shuningdek, ayollar uchun ta’lim va kasbiy rivojlanish dasturlarini taqdim etadi.

«Ona Uyi» loyihasi ijtimoiy yetimlikning oldini olish va har yili bolalar uylariga tushayotgan bolalar sonini kamaytirish maqsadida 2013-yilda Qozog‘istonda ishga tushirilgan. 12 yil davomida u 10 000 dan ortiq bolani oilasida saqlab qolishga yordam berdi va jamoatchilik, davlat tashkilotlari hamda hamkorlar bilan hamkorlikda yangi tug‘ilgan chaqaloqlardan voz kechish holatlarini 70 foizgacha qisqartirish, shuningdek, bolalar uylaridagi tarbiyalanuvchilar sonini uch baravar kamaytirish jarayoniga sezilarli hissa qo‘shdi.

2023-yildan boshlab ushbu loyiha xalqaro miqyosga chiqib, «Mother’s Home International Foundation» sifatida faoliyat boshladi. O‘zbekistonda — 7 ta, Qirg‘iziston va Ukrainada — bittadan, Malayziyada — resurs uyi ochildi. Joriy yil oxirigacha Turkiyada birinchi uy ochilishi kutilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring