Dunyoda birinchi marta inson ko‘zi boshqa bemorga ko‘chirib o‘tkazildi
Nyu-York jarrohlari tarixda ilk bor ko‘z transplantatsiyasi amalga oshirishdi. Garchi bemorning ko‘rish qobiliyati tiklanmagan bo‘lsa-da, bu yutuq deb ataldi. NYU Langone Health jarrohlik guruhi ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘chirib o‘tkazilgan ko‘z 6 oydan keyin yaxshi ishlaydigan qon tomirlari va istiqbolli to‘r pardasiga ega ekanini ko‘rsatgan.
«Ko‘zni ko‘chirib o‘tkazganimizning o‘zi asrlar davomida o‘ylangan, ammo hech qachon amalga oshmagan oldinga tashlangan ulkan qadamdir», deb izoh bergan jarrohlar guruhini boshqargan doktor Eduardo Rodriges.
Nashrning aniqlik kiritishicha, shu paytgacha shifokorlar faqat shoxparda – ko‘zning shaffof old qatlamini ko‘chirib o‘tkazishga muvaffaq bo‘lgan. Shifokor garchi ko‘rish qobiliyati tiklanmasa ham asosiy maqsad ko‘z gavharini saqlab qolish bo‘lganini ta’kidlagan.
Hozirgi vaqtda transplantatsiya qilingan ko‘z miya bilan ko‘rish nervi orqali aloqa qilmayapti. Rodrigesning fikricha, ko‘zni ko‘chirib o‘tkazish ko‘rish qobiliyatini tiklamasa ham, ko‘plab yangi imkoniyatlarni ochadi.
«Agar biz ko‘rish qobiliyatini tiklash yoki ko‘z qobig‘idagi tasvirlarni tiklashning boshqa usullari ustida ishlayotgan olimlar bilan hamkorlik qilsak, u holda muvaffaqiyatga bir qadam yaqinroq bo‘lamiz», dedi Rodriges.
Ko‘z ko‘chirilgan odamning ismi Aaron Jeyms. U 46 yoshda va tok urishi oqibatida yuzi, burni, og‘zi va chap ko‘zi shikastlangan edi. O‘ng ko‘zida ko‘rish qobiliyatini saqlab qolgan Jeyms transplantatsiya qilingan chap ko‘zida ko‘rish qobiliyatini tiklay olmasligi mumkinligini bilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, shifokorlar bu haqda uni oldindan ogohlantirishgan. Shunday bo‘lsa-da, u ilmiy maqsadlarda ushbu operatsiyaga rozi bo‘lgan.
Jeyms ko‘chirib o‘tkazilgan ko‘zda ko‘rish qobiliyatini tiklashi mumkin, deb hisoblamoqda Rodriges.
«Ayni damda texnik jihatdan murakkab operatsiya yordamida erishilgan natijadan juda mamnunmiz», deb xulosa qildi shifokor.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter