Internetda bolalar himoyasini ta’minlashning imkoni bormi?

Ijtimoiy tarmoqlarda mobil qurilmalarga hatto go‘dak bolalar qaram bo‘lib qolayotgani, buning oqibatida ularda dahshatli sindrom, kasallik yoki odatlar paydo bo‘layotgani haqidagi ma’lumotlarga ko‘zimiz bot-bot tushadi. Bunga hatto o‘rganib ham qoldik. Yosh onalarning turmush tashvishlariga ko‘milib, bolani ovutish uchun qo‘liga telefon tutqazayotgani – buning kelgusidagi ta’siri to‘g‘risida o‘sha vaqtda tafakkur ham qilmayapmiz.
Masalan, uch yoshli o‘g‘lim YouTube videoxostingidan Janubiy Koreyada ishlab chiqilgan «Tayoning sarguzashtlari» nomli animatsion serialni yoki mashinalar haqidagi boshqa multfilmlarni tomosha qiladi. Ularni, odatda, onasi yoki opasi qo‘yib beradi. Bolani telefondan ajratishning yo‘li sifatida bog‘chaga chiqardik. Yo‘qsa, planshetni ko‘tarib, «Tayo» qo‘yib ber» deb, xarxasha qilaverardi.
Ochig‘i, Internet jahon axborot tarmog‘ida turli xolis-noxolis axborotlar oqimining ko‘payishi bolalar tarbiyasiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmayapti. Bugungi bolalarning turli texnologiyalarga ancha yoshligidan o‘rganib, moslashayotganini uch yoshli farzandim misolida ko‘rib turibman. Buning ijobiy va salbiy tomonlari bor, albatta.
Ijobiy tomonlari haqida gapiradigan bo‘lsak, tan olib aytish kerakki, bilim olish, zarur axborotni izlab topish imkoni kengaydi. Internet va texnologiyalar orqali bolalar turli xil fanlar, tillar va kasblar haqida tez va keng ma’lumotga ega bo‘lishmoqda. Tarqatilayotgan ma’lumotlarning to‘g‘ri yoki xolisligi esa alohida masala.
Ikkinchidan, bolalar qiziqishlariga mos turli onlayn kitoblar, videolar va kurslar topib, har tomonlama rivojlanish imkoniga ega.
Uchinchidan, yuqorida ta’kidlaganimizdek, bolalar yangi texnologiya va innovatsiyalarga tez va oson moslashadi. Qachonki, Internetdan oqilona foydalanishsa, kelajakda ular katta muvaffaqiyatga erishishlari mumkin. Ayni shu masala, menimcha, nafaqat o‘zbekistonlik, balki butun dunyodagi ota-onalar uchun og‘riqli bo‘lib qolayapti.
Internetning salbiy tomonlari ham ko‘p bo‘lib, eng avvalo, bolalarni nazorat qilish kundan-kunga qiyinlashmoqda. Bolani Internetdan to‘liq cheklash – hozirgi zamon uchun mantiqsizlikka o‘xshaydi. Nimani ko‘rayapti, kim bilan gaplashayapti, deb ham ularni tunu kun nazorat qilishga hammaning ham vaqti va sabri yetmaydi. Demak, bu, o‘z navbatida, ularni zararli kontent, yolg‘on ma’lumot va nomaqbul insonlardan himoyalash bilan bog‘liq muammolarni yuzaga chiqarmoqda. Eng yomoni, yuqoridagi kabi holatlar asrlar davomida shakllangan oilaviy munosabatlarimizni zaiflashtirmoqda. Ming afsuski, buni har kuni ko‘rib, bilib turibmiz.
Xalqaro tashkilotlarning xavotiri
BMT Bolalar jamg‘armasi (YuNISEF)ning 2018 yildagi tadqiqotiga ko‘ra, har kuni 175 mingdan ortiq bola birinchi marotaba Internetga «qadam» qo‘yadi. Har yarim soniyada bir bola internetga kirib, virtual dunyo imkoniyatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi, shu bilan birga, xavf-xatarlarga ham duch keladi. Bunga taqiqlangan veb-saytlarga kirish va shaxsiy ma’lumotlardan noto‘g‘ri foydalanish kabi holatlar kiradi. Bu gapga ham yetti yildan oshdi, shubhasiz, bu raqamlar ham ancha o‘zgargan bo‘lsa kerak.
«Hukumatlar va xususiy sektor onlayn-xavflarni bartaraf etish borasida muayyan yutuqlarga erishdi, biroq bolalarning Internetdagi xavfsizligini samarali himoya qilish uchun ko‘proq sa’y-harakat zarur», degan edi YuNISEFning Ma’lumotlar va tadqiqotlar bo‘yicha direktori Lourens Chendi.
O‘tgan yili mart oyida JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi «Maktab yoshidagi bolalarning sog‘lig‘iga oid xulq-atvori» nomli tadqiqotni e’lon qilgan edi. Unda 44 mamlakat va hududdagi o‘smirlar o‘rtasida kuzatiladigan zo‘ravonlik va bulling (tazyiq) turlari tahlil qilingan.
2018 yildan buyon maktabdagi bulling bilan bog‘liq umumiy tendensiyalar barqaror qolgan bo‘lsa-da, kiberbulling oshgan. Bu holat, o‘z navbatida, o‘smirlar o‘rtasida raqamli kommunikatsiyaning rivojlanishi bilan bog‘liq bo‘lib, ularning hayotiga jiddiy salbiy ta’sir o‘tkazishi mumkin.
Tadqiqot natijalari quyidagicha:
-
bulling qilish: maktabdagi o‘smirlarning o‘rtacha 6 foizi tengdoshlariga bulling qilgan, bu holat qizlarga qaraganda (5 foiz) o‘g‘il bolalar o‘rtasida (8 foiz) ko‘paygan;
-
bullingga uchrash: maktabdagi o‘smirlarning taxminan 11 foizi bullingga uchragan, bu holat o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida deyarli bir xil;
-
kiberbulling qilish: maktabdagi o‘smirlarning o‘rtacha 12 foizi (har sakkiz nafardan bir nafari) boshqalarga kiberbulling qilgan. Kiberbullingni o‘g‘il bolalar (14 foiz) qizlarga qaraganda (9 foiz) ko‘proq sodir etishadi. Bu ko‘rsatkich 2018 yilga nisbatan: o‘g‘il bolalar o‘rtasida 11 foizdan 14 foizga, qizlar o‘rtasida esa 7 foizdan 9 foizga o‘sgan;
-
kiberbullingga uchrash: maktabdagi o‘smirlarning taxminan 15 foizi (har olti nafardan bir nafari) kiberbulling qurboni bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich 2018 yilga nisbatan: o‘g‘il bolalar o‘rtasida 12 foizdan 15 foizga, qizlar o‘rtasida esa 13 foizdan 16 foizga o‘sgan;
-
do‘pposlash: maktabdagi har o‘ninchi o‘smir mushtlashgan, bu holat o‘g‘il bolalar o‘rtasida (14 foiz) qizlarga (6 foiz) qaraganda ancha ko‘proq uchraydi.
Umuman olganda, kiberbulling – ortib borayotgan muammoga aylanib bormoqda. Mutaxassislarning fikricha, bu raqamlar o‘smirlarning media savodxonligi va xavfsizligini oshirish uchun o‘quvchilar, o‘qituvchilar, ota-onalar o‘rtasida maxsus tadbirlarni tashkil qilish, bu borada amaldagi qonunchilikni takomillashtirish zaruriyatini yuzaga chiqarmoqda.
Raqamli dunyo o‘qish va muloqot uchun bebaho imkoniyatlarni taqdim etadi, biroq u kiberbulling kabi muammolarni ham kuchaytiradi. Bu o‘smirlarning ruhiy va hissiy salomatligini himoya qilish bo‘yicha keng qamrovli strategiyalar ishlab chiqishni taqazo etadi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, bugungi yoshlar Internetda kuniga kamida 6 soat vaqt o‘tkazadi. Shuning uchun qo‘rqitish va zo‘ravonlik darajasidagi har qanday o‘zgarish minglab o‘smirlarning salomatligi va hayotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bu faqat sog‘liqni saqlash masalasi emas, balki inson huquqlari muammosi hamdir. Demak, bolalarni Internet va hayotda himoya qilish uchun qat’iy choralar kerak.
Xorijiy davlatlar tajribasi qanday?
BMT hisobotida keltirilishicha, dunyoning atigi 21 mamlakatida bolalarni internetdagi taqiblardan himoya qiluvchi qonunlar mavjud. Ko‘plab rivojlangan davlatlarda, jumladan, AQShning qator shtatlarida, Avstraliyada voyaga yetmaganlarning Internetdan foydalanishini cheklash, ota-ona nazoratini kuchaytirish masalalari qonun bilan mustahkamlanmoqda.
Yevropada bolalarni Internetdagi zararli kontentdan himoya qilish bo‘yicha sa’y-harakatlar kuchaytirilmoqda. Ko‘plab mamlakatlar hukumatlari ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish uchun yosh toifasini kuchaytirishga ruxsat bermoqda. Yevropa Komissiyasi o‘tkazgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, yoshlarning 57 foizi ekran qarshisida haddan tashqari ko‘p vaqt o‘tkazish va ijtimoiy tarmoqlar «bosimi» bilan bog‘liq tashvish yoki depressiyani boshdan kechiradi.
Qozog‘istonda 2023 yili «Onlayn platformalar va onlayn reklama to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi. Normativ-huquqiy hujjatning maqsadi blogerlar va onlayn-makon faoliyatini tartibga solish, Internet firibgarligi, kiberbulling va noqonuniy reklamaga qarshi kurashishdir.
Bizda ham nimadir chora ko‘rilishi kerak
Ko‘pchilikning xabari bo‘lsa kerak, bugun «Onlayn-platforma va veb-saytlar foydalanuvchilarining huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Bu bilan ushbu sohada qator yangilanishlar nazarda tutilmoqda. Xususan, qonun loyihasining maqsadi O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat ko‘rsatuvchi onlayn-platforma va veb-saytlar foydalanuvchilarining huquqlarini himoya qilish sohasidagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Qonun loyihasiga binoan onlayn-platforma va veb-saytlar foydalanuvchilarining huquqlarini himoya qilish sohasida vakolatli davlat organi belgilanib, ushbu organ tomonidan axborotni noqonuniy kontent sifatida belgilash, onlayn-platforma va veb-saytlar monitoringi, noqonuniy kontentni o‘chirish, uning joylashtirilishi va tarqatilishini to‘xtatish choralari nazarda tutilgan. Bu orqali yosh toifasini qayd etish, auditoriyaga mos kontentni tarqatish va targ‘ib qilish, bolalarni turli yot g‘oya va mafkuralardan muhofaza qilish asoslari qayd etilgan.
Xususan, qanday axborotni noqonuniy kontent deb baholash uchun asoslar sanab o‘tilgan. Jumladan, fuqarolarni, shu jumladan, voyaga yetmaganlarni, ularning hayoti va (yoki) sog‘lig‘iga yoki boshqa shaxslarning hayoti va (yoki) sog‘lig‘iga tahdid soladigan qonunga xilof harakatlarni sodir etishga undashga yoki boshqacha tarzda jalb qilishga qaratilgan ma’lumotlar noqonuniy kontent sifatida belgilanishi ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, onlayn-platforma va veb-saytlar foydalanuvchilarining huquqlarini himoya qilish sohasini davlat tomonidan tartibga solish orqali Hukumat va vakolatli organ tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan funksiya va vazifalar aniq belgilangan bo‘lib, bunda vakolatli organ huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda noqonuniy kontentni aniqlash, tarqatuvchilarga ko‘rsatma yuborish, rioya qilinmagan taqdirda, huquq-tartibot yoki sud organlariga taqdim etish orqali voyaga yetmagan yoshlarni turli taqib va buzg‘unchi materiallardan himoyalashni ta’minlaydi.
Qonun loyihasida onlayn-platformalarning funksiya va majburiyatlari ham ko‘rsatilgan bo‘lib, unda «bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish bo‘yicha choralar ko‘rish» ta’kidlangan.
Shuningdek, ushbu choralarni ko‘rishda kontentni moderatsiya qilish orqali onlayn-platformada bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilishni ta’minlaydigan tizimlarni ishlab chiqishi shartligi belgilangan.
Qonun loyihasida alohida belgilangan «Yolg‘on axborotni o‘chirish» moddasi orqali o‘sib kelayotgan avlodni yolg‘on ma’lumotlardan himoya qilish, ularni asossiz xabarlar tuzog‘iga ilinmaslik choralari ko‘zda tutilgan.
Xulosa o‘rnida
Yuqorida xalqaro tashkilotlarning xavotiri, xorijiy davlatlar tajribasini bejiz keltirmadik. Hatto ayrim rivojlangan davlatlar ham bugun farzand tarbiyasi, millat kelajagi bilan bog‘liq masalada boshi berk ko‘chaga kirib qolgan.
Masalan, Buyuk Britaniyaning «Internet Matters» notijorat tashkiloti o‘tkazgan so‘rovnomaga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridagi ota-onalarning 78 foizi farzandlari Internetda nomaqbul yoki zararli kontent ta’siriga tushib qolgan deb hisoblaydi va 68 foizi ijtimoiy tarmoqlarda yoshni tekshirishning qat’iy choralarini qo‘llab-quvvatlaydi. Agar bizda ham shunday mazmundagi so‘rovnoma o‘tkazilsa, foizlar bundan-da ko‘p bo‘lsa bo‘ladiki, kam bo‘lmaydi...
Demak, bu masala xohish-istakka emas, balki zaruratga aylandi. Hammasi Internet yordamida bog‘chada multfilm ko‘rishdan, maktabda ta’lim olishdan boshlanadi. Keyin biz xohlamagan, biz istamagan «tarmoq»qa, «hayot» o‘tib ketishi mumkin. Hamma narsada imkoniyat bo‘lgani kabi qandaydir ma’noda tartibga solish mexanizmi ham bo‘lishi kerak.
Umuman olganda, qonun loyihasining qabul qilinishi Internetda bolalar himoyasi ta’minlanishiga xizmat qilsa-da, undagi normalarning hayotga tatbiq etilishi keng jamoatchilik, kerak bo‘lsa, sizu bizning munosabatimizga bog‘liq.
Ma’murjon PARPIYeV,
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi
bo‘lim boshlig‘i
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter