Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Internetda shaxsiy ma’lumotlar himoyasi jiddiy muammoga aylanmoqda

Internetda shaxsiy ma’lumotlar himoyasi jiddiy muammoga aylanmoqda

Illyustrativ foto

Axborot texnologiyalarining jadal rivojlanishi insonlar uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda. Onlayn platformalar, ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar aloqa, biznes, ta’lim va ko‘ngilochar vositalari sifatida kundalik hayotimizning ajralmas qismiga aylandi. Biroq, bu imkoniyatlardan kim qanday maqsadda foydalanishi ham masalaning muhim jihati hisoblanadi.

Xususan, internet global axborot tarmog‘i imkoniyatlarining keskin oshishi shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligiga doir jiddiy xavf-xatarlarning ham kuchayishiga sabab bo‘lmoqda. Internet orqali shaxsiy ma’lumotlarning noqonuniy tarqatilishi, tovlamachilik va boshqa jinoiy harakatlar bilan bog‘liq holatlarning ortishi nafaqat fuqarolar, balki davlat organlari uchun ham dolzarb masalaga aylandi.

Masalan, 2022-yili yuz bergan bir jinoiy ish shaxsiy ma’lumotlardan noqonuniy foydalanishning oqibatlarini ko‘rsatadi. Sh.F. Telegram messenjerida «HELLO TASHKENT, SALAM TASHKENT» nomli kanal orqali boshqa bir fuqaroning shaxsiy fotosuratlarini e’lon qilgan. Bundan xabardor bo‘lgan jabrlanuvchi kanal yurituvchilari bilan bog‘lanib, ulardan biri bilan yozishma olib borgan. Biroq Sh.F. ushbu suratlarni tarqatmaslik evaziga 1 mln so‘m talab qilib, tovlamachilik yo‘li bilan ushbu summani ikkiga bo‘lib, 500 ming so‘mdan bank plastik kartasiga o‘tkazib olgan. Sudning hukmi bilan Sh.F.ga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

2024-yili sodir bo‘lgan yana bir jinoyatga ko‘ra, fuqaro S.A. ayolning yalang‘och holdagi videotasvirini uning roziligisiz Telegram messenjeri orqali tarqatgan. Sudning qarori bilan S.A.ga ma’muriy jarima qo‘llangan.

2024-yili sirdaryolik Sh.Q. boshqa kishining xabarisiz, uning shaxsiga doir (biometrik) ma’lumotlaridan foydalanib, 150 mln so‘m kredit olgan va pul mablag‘larini o‘z ehtiyoji yo‘lida ishlatib yuborgan. Sud hukmi bilan Sh.Q.ga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Kuni kecha e’lon qilingan xabarga ko‘ra, Toshkent shahar IIBB Axborot texnologiyalari sohasida jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi hamda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tabdirda bir guruh shaxslar Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan uylardan birini ijaraga olib, Call-markaz faoliyatini yo‘lga qo‘yishgani aniqlandi. Ular fuqarolarga soxta qo‘ng‘iroqlar orqali firibgarlik yo‘li bilan ularni aldab, mol-mulklarini talon-toroj qilish bilan shug‘ullanib kelishgan. Ushbu jinoiy guruhda 2 nafar tashkilotchi, 20 nafarga yaqin operator qo‘lga olingan. Tadbir davomida ulardan 15 mingdan kishining shaxsiy ma’lumotlari, ko‘plab plastik kartalar, giyohvandlik moddalari ashyoviy dalil sifatida olingan. Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bu kabi misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Shubhasiz, bu kabi holatlar shaxsiy ma’lumotlarning noqonuniy tarqatilishi, shantaj, tovlamachilik kabi jinoyatlarning internet orqali qanday oson amalga oshirilishi mumkinligini ko‘rsatadi va o‘z navbatida, fuqarolarning xavfsizligi va maxfiyligiga jiddiy tahdid solmoqda.

Qayd etish kerakki, bu borada chiqarilgan hukmlar shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish va internetdagi noqonuniy harakatlarga qarshi kurashishda davlatning qat’iy pozitsiyasini ko‘rsatadi. O‘zbekiston qonunchiligida shaxsiy ma’lumotlarni noqonuniy tarqatish va undan jinoiy maqsadlarda foydalanish uchun qattiq jazo choralari nazarda tutilgan bo‘lib, bu fuqarolarning huquqlarini himoya qilishga xizmat qiladi.

Internetda shaxsiy ma’lumotlarning xavfsizligini ta’minlash uchun nafaqat qonunchilik choralari, balki fuqarolarning ehtiyotkorligi ham muhimdir. Afsuski, ko‘pchiligimiz yuqoridagi kabi holatlarga duch kelganda, o‘zbekchiligimizga borib, istihola qilib, huquq-tartibot organlariga murojaat qilmaymiz. Bu esa ushbu turdagi jinoyatlarni sodir etayotgan shaxslar uchun ayni muddao bo‘lmoqda va ularning «faoliyati» gullab-yashnamoqda. Shuning uchun ham messenjer va ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy ma’lumotlarni ulashishda ehtiyot bo‘lish, ishonchsiz manbalarga ma’lumot bermaslik va kiberxavfsizlik qoidalariga amal qilish zarur.

Shu bilan birga, davlat va xususiy sektorda shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish, kiberxavfsizlik sohasida mutaxassislar tayyorlash va aholining bu boradagi savodxonligini, bilim darajasini oshirish muhim ahamiyatga ega. Masalan, ma’lumotlarni shifrlash, ikki faktorli autentifikatsiya va boshqa xavfsizlik usullari haqida ko‘proq tushuntirish olib borish hamda amalda bu usullarni kengroq qo‘llash kerak.

Xulosa o‘rnida aytganda, shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligi zamonaviy jamiyatning eng muhim masalalaridan biridir. Yuqoridagi misollarga oid jinoyat ishlari internetdagi xavf-xatarlarning realligini va ularga qarshi kurashishda qonunchilikning rolini ochib beradi.

Nazarimda, davlat organlari ham mazkur mumammoga qarshi kurashish borasida shaxsiy ma’lumotlar doirasida quyidagi masalalarga e’tibor berishi zarur:

  • birinchidan, qonunchilikni takomillashtirish, internetda shaxsiy ma’lumotlardan foydalanishni tartibga soluvchi normalarni yangi texnologiyalarga moslashtirish va jinoyatlar uchun jazolarni yanada qat’iylashtirish;
  • ikkinchidan, aholining xabardorligini oshirish, fuqarolarni kiberxavfsizlik bo‘yicha o‘qitish va ularning shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilishdagi mas’uliyatini oshirish uchun ommaviy kampaniyalar tashkil qilish;
  • uchinchidan, ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda noqonuniy faoliyatni aniqlash uchun doimiy monitoring tizimini kuchaytirish va tezkor javob berish mexanizmlarini ishlab chiqish.

Texnologiyalar rivojlanishi bilan birga, davlat organlari shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilishda faol va tizimli yondashuvni qo‘llasagina, fuqarolarning maxfiyligi va xavfsizligini ta’minlash mumkin bo‘ladi. Bu esa, o‘z navbatida, jamiyatda ishonch va barqarorlikni mustahkamlaydi.

Ma’murjon Parpiyev,
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi
bo‘lim boshlig‘i

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring