Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Iroq Oliy sudi parlament saylovini kechiktirishni rad etdi

Iroq Oliy sudi parlament saylovini kechiktirishni rad etdi

Foto: «RIA Novosti»

Iroq Oliy federal sudi mamlakat parlamentiga shu yil 12-may kuni o‘tkazilishi  mo‘ljallangan saylovning kechiktirilishini rad etdi, deya xabar beradi «RIA Novosti».

Oldinroq iroqlik sunniy va kurd deputatlar mamlakatda hozir saylovga yetarli tayyorgarlik ko‘rishning imkoni yo‘qligi sababli uni kechiktirib turishni so‘rashgan edi. Mamlakat bosh vaziri Haydar Obodiy o‘tgan yili dekabr oyida IShID terrorchi guruhiga qarshi urush g‘alaba bilan tugaganini e’lon qildi.

«Oliy federal sud konstitutsiyaning 56-moddasi ikkinchi qismining qoidalarini tushuntirib, deputatlar kengashining talabiga binoan qaror qabul qildi... Deputatlar kengashining yangi a’zolarini saylashda ushbu bandga amal qilish majburiy va uni o‘zgartirish imkoni yo‘q», — dedi sud vakili Iyas as-Samuk.

Ushbu moddada joriy chaqiriq muddati tugashidan kamida 45 kun oldin mamlakat parlamentiga saylov o‘tkazish nazarda tutilgan. Iroqning hozirgi parlamenti 2014-yilda to‘rt yil muddatga saylangan, undagi o‘rinlarning ko‘pchiligini shialarning «Qonuniy davlat» koalitsiyasi egallagan edi.

Oldinroq Iroqning amaldagi bosh vaziri Obodiy 2006 — 2014-yillarda hukumatni boshqargan sobiq bosh vazir Nuri Malikiyning «Qonuniy davlat» koalitsiyasiga muxolif «G‘alaba koalitsiyasi» guruhini tuzgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring