Ish haqining 1 foizga oshirilishi davlat budjetiga qanchaga tushadi?

Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2026-2028 yillar uchun Fiskal strategiyasida kelgusi yillar uchun budjet loyihasini tuzishda e’tibor berilishi lozim bo‘lgan asosiy ustuvor yo‘nalishlar belgilab olingan.
Jumladan, aholi farovonligini ta’minlash borasida aholining real daromadlarini oshirish maqsadida budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiya va nafaqalarni har yilgi inflatsiya darajasidan yuqori miqdorlarda oshirib borish nazarda tutiladi.
Qayd etilishicha, ayni shu yo‘nalishada pensiya miqdori 2023-yilda 1-aprel va 1-dekabrdan hamda ish haqi 1-may va 1-dekabrdan 7 foizga oshirilgan. 2024-yilda budjet tashkilotlarida ishlovchi pedagog va tibbiyot xodimlarining ish haqi 15 foizga oshirildi. Shuningdek, 2025-yil 1-iyuldan pensiyalar va nafaqalar hamda kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqalari va moddiy yordam to‘lovlari miqdorlari 10 foizga oshirildi. 1-avgustdan esa budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi.
Fiskal strategiyada, shuningdek, ish haqi, pensiya va nafaqalar miqdori qo‘shimcha oshirilishining budjetga ta’siri haqida ham ma’lumotlar keltiriladi.
Unga ko‘ra, budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi miqdorini 1 foizga oshirish davlat budjetiga yillik 1 trln 675 mlrd so‘m xarajat bo‘lib hisoblanadi. Pensiya miqdorining 1 foizga ko‘tarilishi esa 861 mlrd so‘m budjetga qo‘shimcha xarajat deganidir.
Bundan tashqari, ijtimoiy nafaqalar oluvchi oilalar sonining 10 foizga oshishi budjetgan qo‘shimcha 1 trln 596 mlrd so‘mni talab qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Milliy statistika qo‘mitasi 2025-yil 1-aprel holatiga respublika bo‘yicha o‘rtacha ish haqi miqdori 5,8 mln so‘mni tashkil etishini hisoblab chiqqandi.
Manba: api.mf.uz
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter