Ishga tushirilganiga 60 yil bo‘lgan yadro reaktori jurnalistlarga ko‘rsatildi

Bugun, 10-iyun kuni OAV vakillari uchun O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutiga press-tur tashkil etildi.
Unda «O‘zatom» agentligi, «Rosatom» davlat korporatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi mutaxassislari ishtirok etdi.
Tadbirda 1956-yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelayotgan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti haqida, shuningdek O‘zbekistonning yadro texnologiyalari sohasidagi tajribasi va ilmiy maktabi haqida jurnalistlarga ma’lumot berildi.
Press-tur ishtirokchilari institut hududida joylashgan VVR-SM yadro tadqiqoti reaktori bilan tanishdilar. Reaktor 1959-yilning sentyabr oyida ishga tushirilgan. Avvaliga uning quvvati 2 MVt ni tashkil etgan bo‘lsa, keyinchalik 10 MVt ga yetkazilgan. Joriy yilda reaktor ishga tushirilganiga 60 yil to‘ladi.
O‘zbekistondagi tadqiqot reaktori keng qamrovli, jumladan, yadro fizikasi sohasida fundamental tadqiqotlar, neytron fizikasi, moddalar tuzilishi, qattiq jismlar fizikasi, materialshunoslik, tibbiyot izotoplarini o‘rganish kabi masalalarni hal etishda foydalaniladi. Qayd etish kerakki, oxirgi yillarda amaliy ishlanmalar jadallik bilan olib borilyapti va ishlab chiqarishga tatbiq etilyapti.
Jurnalistlar shuningdek, 1976-yilda tashkil etilgan «Radiopreparat» davlat korxonasi faoliyati bilan tanishdilar. Korxona tibbiyot, biotexnologiyalar, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalar uchun radionuklidlar; onkologiya, kardiologiya va endokrin kasalliklar; infeksiya kasalliklari diagnostikasi uchun test-tizimi radiofarmatsiya preparatlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Tibbiyot va ilmiy maqsadlar uchun ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar 60 turdan ziyodni tashkil etadi. Aksariyat ishlanmalar noyob bo‘lib, mualliflik huquqi va patentlar bilan himoyalangan.
Qayd etilishicha, institut mutaxassislari tomonidan yadro fizikasi va radiatsion texnologiyalar sohasida to‘plangan tajribalardan mamlakatda qurilayotgan birinchi AES loyihasini amalga oshirishda foydalaniladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter