Shavkat Mirziyoyev: «Islohotlarni, ijro organlari ishidagi o‘zgarishlarni joylarda odamlar sezishi kerak»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun, 3-yanvar kuni Vazirlar Mahkamasi komplekslari faoliyatini tahlil qilish va yangi ustuvor vazifalarni belgilashga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Bosh vazir va uning o‘rinbosarlari, Prezidentning davlat maslahatchilari, vazirlik, idora va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari ishtirok etdi. Bu haqda «O‘zbekiston24» telekanalida xabar berildi.
Yig‘ilishda Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Ta’lim, sog‘liqni saqlash, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport masalalari kompleksi hamda Investitsiyalar, innovatsion rivojlantirish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish, turizm masalalari kompleksining o‘tgan davrdagi faoliyati tahlil qilinib, 2018-yilga mo‘ljallangan rejalari va eng ustuvor vazifalari muhokama etildi.
Prezident kun tartibidagi masalaga tanqidiy yondashib, aksariyat tashkilotlar o‘z faoliyatini zamon talablari darajasida tashkil eta olmayotgani, qabul qilingan qaror va dasturlarni bajarishda sustkashlikka yo‘l qo‘yayotganini ta’kidladi.
— Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni, ijro organlari ishidagi o‘zgarishlarni joylarda odamlar sezishi kerak. Buning uchun quyi bo‘g‘indagi ishlar samaradorligini oshirish, oddiy odamlarning dardi va tashvishi bilan yashash barcha rahbar va mutasaddilar faoliyatining asosiy mezoniga aylanishi zarur, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilishda amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalar yuzasidan mutasaddilarning axborotlari tinglandi.
Maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish, maktab ta’limi sifatini oshirish, test sinovlari va oliy o‘quv yurtlari faoliyatini takomillashtirish, sportchilarning bo‘lg‘usi musobaqalarga tayyorlash borasidagi ishlarga e’tibor qaratildi. Sog‘liqni saqlash tizimini yaxshilash, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bilan bog‘liq vazifalarga to‘xtalib o‘tildi.
Yig‘ilishda iqtisodiyot soha va tarmoqlarining barqaror rivojlanishini ta’minlash, jumladan, qat’iy pul-valyuta siyosatini yuritish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini kuchaytirish, xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, zamonaviy sanoat korxonalari barpo etish, yangi ish o‘rinlari yaratish, mahalliy budjetlarning daromad bazasini kengaytirish kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Shavkat Mirziyoyev joriy yilda amalga oshirilgan ishlarni chuqur tahlil qilish asosida erishilgan yutuqlarni yanada mustahkamlash, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarning takrorlanmasligi uchun barcha zarur choralarni ko‘rish, 2018-yilda bajariladigan aniq vazifalar bo‘yicha tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter