Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Isroil Falastin davlatining “janozasini o‘qimoqchi”

Isroil Falastin davlatining “janozasini o‘qimoqchi”

Foto: AP

Isroil moliya vaziri Betsalel Smotrich Falastinning ishg‘ol ostidagi hududi – G‘arbiy Sohilda yahudiylar uchun 3400 dan ziyod uy barpo etish rejasini ma’qulladi. E1 deb atalgan ushbu loyiha xalqaro hamjamiyat e’tirozi ortidan to‘xtatib qo‘yilgan edi.

“The Times of Israel” nashri yozishicha, Isroilning radikal qanotga mansub moliya vaziri Betsalel Smotrich G‘arbiy Sohilda minglab yahudiy uylari qurilishi bilan “Falastin davlati tuzish g‘oyasining janozasi o‘qilishi”ni ta’kidlagan.

Maale-Adumim hududi va Quddus o‘rtasida yahudiy kelgindilari uchun uylar qurilishi G‘arbiy Sohilni Sharqiy Quddusdan ajratib qo‘yadi.

Falastin tashqi ishlar vazirligi Tel-Aviv ma’muriyatining ushbu loyihasini Falastin davlatini tashkil etish, jug‘rofiy va geografik birlikka raxna solishga qarshi qaratilgan harakat sifatida keskin qoraladi.

Falastin tomoni xalqaro hamjamiyatni Isroilning genotsid, deportatsiya va anneksiya siyosatiga qarshi amaliy harakatlar qilishga undagan.

31 ta arab va musulmon davlati tashqi ishlar vazirlari, shuningdek, Arab davlatlari ligasi, Islom hamkorligi tashkiloti hamda Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi nomidan tarqatilgan bayonotda ham Binyamin Netanyahu ma’muriyatining “Buyuk Isroil” deb atalgan loyihasi va G‘arbiy Sohilda yahudiy manzilgohlari qurish rejasi xalqaro huquqqa zid ekani ta’kidlangan.

“Bunday harakatlar yangi zo‘ravonlik to‘lqinini hosil qiladi va adolatli dunyo barpo etish istiqbolini yo‘qqa chiqaradi”, – deyiladi qo‘shma bayonotda.

Arab va musulmon dunyosi davlatlari G‘azo sektoridagi qonli urush va gumanitar halokat yuzasidan ham xavotir izhor qilgan.

Isroil 1967 yilda bosib olingan Falastin hududlari – G‘arbiy Sohil va Sharqiy Quddusda ko‘p yillardan buyon noqonuniy yahudiy uylarini qurib keladi.

Isroildagi Peace Now inson huquqlar tashkiloti Netanyahu hukumatining noqonuniy turarjoylar qurish harakatini qoralar ekan, bu orqali G‘arbiy Sohilni butunlay ishg‘ol etish ko‘zlanganidan ogohlantirgan. Netanyahuning o‘zi bir necha yildan buyon anneksiya rejasini ochiq muhokama qilib keladi.

BMT ko‘p yillardan buyon Tel-Avivning okkupatsiya siyosatini qoralab keladi. Xususan, BMTning yuqori sud organi hisoblangan Xalqaro sud 2024 yil iyul oyida Isroil Falastin yerlaridan barcha isroilliklarni olib chiqishi va noqonuniy uylarni qurishni to‘xtatishi lozimligi haqida qaror chiqargan.

Tahlilchilarga ko‘ra, Isroil ma’muriyati mustaqil Falastin davlati tuzish g‘oyasiga tish-tirnog‘i bilan qarshi chiqmoqda.

Avval xabar berganimizdek, 2024 yil 18 iyul kuni Isroil parlamentida ko‘pchilik ovoz bilan Falastin davlati tashkil etilishini rad etuvchi qaror qabul qilindi. Knesset qaroriga xalqaro tashkilotlar yetakchilari, jumladan, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish e’tiroz bildirdi. Bosh kotib ta’kidicha, 1967 yilgi chegaralarda, poytaxtlari Quddus bo‘lgan mustaqil, suveren va demokratik ikki davlat mavjudligi mintaqada barqarorlik o‘rnatishning yagona oqilona yo‘li sanaladi.

Ma’lumot o‘rnida: Isroil parlamenti joriy yil 23 iyul kuni G‘arbiy Sohilni o‘z hududiga qo‘shib olish haqida qaror qabul qilgandi. Bu qaror ham xalqaro hamjamiyat tomonidan keskin qoralangan.

Isroil moliya vaziri Betsalel Smotrich avvalroq G‘arbiy Sohilda yahudiy uylarini qurish uchun mablag‘ ko‘paytirilishini ma’lum qilgandi. Xalqaro huquqqa zid bu tashabbus Yevropa Ittifoqi va boshqa davlatlar tomonidan tanqid qilingan.

Falastinliklarga nisbatan radikal munosabati bilan otning qashqasidek tanilgan Smotrich G‘azo ahlini surgun qilish g‘oyasini ilgari surib keladi.

Joriy yil iyun oyida Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya va Norvegiya Betsalel Smotrichga qarshi sanksiya joriy qilgandi.

 

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring