Isroilning Falastin bo‘yicha yana bir maxfiy rejasi oshkor etildi
Isroil hukumati Falastin hududi sanalgan G‘arbiy sohilni butunlay o‘z nazoratiga olish uchun maxfiy chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Bu haqda Isroil moliya vaziri Betsalel Smotrichga tegishli maxfiy audioyozuvni qo‘lga kiritgan «The New York Times» gazetasi xabar berdi.
Joriy yil 9 iyun kuni bo‘lib o‘tgan xos bir tadbirda Isroil moliya vaziri G‘arbiy sohildagi boshqaruv tizimini butkul o‘zgartirish rejasi haqida gapiradi. Bundan ko‘zlangan maqsad xalqaro hamjamiyatda e’tiroz uyg‘otmagan holda G‘arbiy sohilda nazoratni yanada kuchaytirish va Falastin davlati tuzilishiga to‘sqinlik qilishdan iboratdir.
Ma’lumki, Isroil G‘arbiy sohilni 1967 yilda bosib olgan. Ayni paytda hudud Isroil harbiylari nazoratida. Tel-Aviv hukumati rasman G‘arbiy sohil nazorati vaqtinchalik ekanini aytib keladi. Ammo Smotrich oshkor etgan rejaga muvofiq, Isroil G‘arbiy sohil nazoratini yahudiy harbiylaridan fuqaroviy tuzilmalarga topshirishni ko‘zlamoqda. So‘nggi 18 oy davomida ayrim ma’muriy vakolatlar allaqachon fuqaroviy tuzilmalarga topshirilgan. Bu esa G‘arbiy sohilning to‘laqonli anneksiya qilinishi, ya’ni Isroil hududiga majburan qo‘shib olinishini anglatadi.
«Biz dunyo ahli Isroil anneksiya qildi deb ayblamasligi uchun alohida fuqaroviy tuzilma yaratdik», – deydi Smotrich xos yig‘inda.
Xalqaro hamjamiyatni chalg‘itish uchun Isroil hukumati mudofaa vazirligi G‘arbiy sohil boshqaruvida ishtirok etishiga ruxsat bergan. Amalda esa aksar vakolatlar fuqaroviy tuzilmalarga berilmoqda.
Smotrich o‘z nutqida bosh vazir Binyamin Netanyahu ham ushbu maxfiy rejani qo‘llab-quvvatlashini qayd etgan.
Moliya vaziri Betsalel Smotrich 2023 yil noyabr oyida G‘arbiy sohilda yahudiy uylarini qurish uchun mablag‘ ko‘paytirilishini ma’lum qilgan edi.
https://xabar.uz/xqwl
Isroildagi «Peace Now» inson huquqlar tashkiloti Netanyahu hukumatining noqonuniy turarjoylar qurish harakatini qoralar ekan, bu orqali G‘arbiy sohilni butunlay ishg‘ol etish ko‘zlanganidan ogohlantirgan.
Isroil tomonidan Falastinning bosib olingan hududlarida noqonuniy uylar qurilishi xalqaro hamjamiyat tomonidan tanqid qilib kelinadi. Buni hatto Isroilning eng yaqin ittifoqchisi AQSh ham nomaqbul deb biladi. Negaki, bu xalqaro huquq hamda Falastin davlatchiligining namoyishkorona poymol etilishidir.
Falastin ahliga nisbatan radikal munosabati bilan otning qashqasidek tanilgan Smotrich avvalroq G‘azo sektorida 100-200 ming chog‘li falastinlikni qoldirib, u yerga ikki million yahudiyni ko‘chirish lozimligi haqida bayonot bergandi.
Ma’lumot o‘rnida «The New York Times» gazetasi yaqinda Isroil hukumati G‘azo sektorida olib borayotgan urush yuzasidan AQSh jamoatchiligining xayrixohligini kuchaytirish maqsadida propaganda va dezinformatsiya kampaniyasini o‘tkazayotgani haqida xabar bergandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter