«Istanbul-Toshkent» reysi yo‘lovchilari «noma’lum virus» sabab samolyotda ushlab turilgan: «Sanepidqo‘mita» tushuntirish berdi
Bugun, 21-avgust kuni soat 00:35 da «Istanbul-Toshkent» yo‘nalishi bo‘yicha kelgan «Turkish airlines» aviakompaniyasining TK 370 reysi yo‘lovchilari Toshkent xalqaro aeroportida bir muddat qolib ketdi. Bu parvoz davomida yo‘lovchilardan biri (xorij fuqarosi)ning salomatligida paydo bo‘lgan muammo bilan bog‘liq.
Gap shundaki, aeroport ma’muriyati Istanbuldan kelgan samolyot ekipaji va yo‘lovchilariga, xorijlik bemorni olib tushib ketganidan so‘ng, 2 soatga yaqin uchoqdan tushishga ruxsat bermadi. Yo‘lovchilarga bu, bemorda aniqlangan noma’lum virus bilan bog‘liq ekani aytilgan.
Uzoq kutishdan so‘ng, soat 02:30 larda ekipaj va yo‘lovchilarga tushishga ruxsat berilgan.
«Sanepidqo‘mita» axborot xizmati raxbari Maftuna Saidovaning «Xabar.uz»ga bildirishicha, ayni kunlarda maymunchechak kasalligining O‘zbekistonda tarqalishi oldini olishga qaratilgan qator tadbirlar o‘tkazilmoqda.
«Respublikaning barcha chegara postlarida ushbu kasallikni aniqlash maqsadida jami 54 ta nazorat punktlari o‘rnatilgan. Yuqoridagi holat esa ayni kunlarda kuchaytirilgan nazorat tadbirlari bilan bog‘liq. Ya’ni bu faqat «Istanbul-Toshkent» reysi bilan bog‘liq emas.
Hozir kunda O‘zbekistonda maymunchechak kasalligi qayd etilmadi. Jumladan, yuqoridagi holatda ham biror yo‘lovchidan ushbu turdagi virus topilmagan», – deydi Qo‘mita rasmiysi.
«Uzbekistan Airports» esa fuqaro aviatsiyasi ob’yektlarining Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi markazi bilan birgalikda 20-21 avgust kunlari aeroportlar tibbiyot xodimlari uchun maymunchechak kasalligining etiologiyasi, klinik ko‘rinishi, epidemiologiyasi, diagnostikasi va oldini olish bo‘yicha seminarlar o‘tkazish belgilanganini ma’lum qildi.
Shu bilan birga, respublikaning barcha xalqaro aeroportlarida maymunchechak kasalligining oldini olishga qaratilgan sanitariya-targ‘ibot ishlari kuchaytirildi. Xususan, aeroport xodimlariga ushbu kasallik haqida soddalashtirilgan shaklda ma’lumot beriladi va ba’zi alomatlar vizual tarzda qanday namoyon bo‘lishi tushuntiriladi. Bundan tashqari, sanitariya-karantin xizmati tomonidan aeroportlarda harorati yuqori bo‘lgan yo‘lovchilarni masofadan turib aniqlaydigan teplovizorlar o‘rnatilishi aytildi.
Kompaniya Tibbiy ta’minotni rivojlantirish departamenti, shuningdek, JSST ma’lumotlariga tayanib, ushbu kasallikning yangi shtammi asosan O‘zbekiston bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar bilan bog‘liq bo‘lmagan Afrika mamlakatlarida tarqalayotganini ta’kidlamoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter